BMT ekspertlari RFni Viktoriya Roshchina taqdiriga oydinlik kiritishga chaqirdi
«Roshchinaning o‘limi tasdiqlangach, uning o‘limi holatlarini mustaqil tekshirish uchun jasadini zudlik bilan uyiga qaytarishga chaqiramiz», dedi BMT ekspertlari.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha mustaqil ekspertlari 2023 yil avgust oyi boshidan beri aloqaga chiqmagan ukrainalik jurnalist va huquq himoyachisi Viktoriya Roshchinaning o‘limi haqidagi xabarlarni Rossiya tomonidan darhol tasdiqlashni talab qilmoqda. Bu haqda 23 oktyabr, chorshanba kuni BMT saytida chop etilgan press-relizda aytiladi.
Jurnalistning o‘limi haqidagi qayg‘uli xabar «Viktoriya Roshchinaning g‘oyib bo‘lishi, uning taqdiri va qayerdaligi haqida bir yildan ortiq davom etgan noaniqlik natijasida uning yaqinlariga yetkazilgan og‘ir azob-uqubatlarni yanada kuchaytiradi», — deyiladi BMTning bir qator mustaqil ekspertlari nomidan qilingan bayonotda.
«Roshchinaning o‘limi tasdiqlangach, uning o‘limi holatlarini mustaqil tekshirish uchun jasadini zudlik bilan uyiga qaytarishga chaqiramiz», dedi BMT ekspertlari.
RF asirlikda halok bo‘lgan jurnalist qizning jasadini haligacha Ukrainaga qaytarmadi
Rossiya bir necha kun oldin harbiy asirlarning oxirgi almashinuvi doirasida jurnalist Viktoriya Roshchinaning jasadini Ukrainaga topshirmadi. Bu haqda 20 oktyabr kuni «Suspilne» nashriga Ukraina harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab vakili Petro Yatsenko ma’lum qildi.
«18-kuni Viktoriyaning jasadi repatriatsiya doirasida topshirilmadi. Muvofiqlashtirish shtabi barchani qiziqtirgan savollarga javob olish uchun bor imkoniyatlarni ishga solmoqda», - dedi Yatsenko. Uning qo‘shimcha qilishicha, Roshchinaning jasadini qaytarish «to‘liq qarama-qarshi tomonga bog‘liq».
Muvofiqlashtiruvchi shtab vakili, shuningdek, Roshchinaning jasadini topshirishning kechikishini Rossiya tomoni «ehtimoliy jinoyat izlarini» yashirishga urinayotgani bilan izohlash mumkinligini ta’kidladi. Shu bilan birga, jurnalistning o‘limi sabablari, xususan, qiynoqlar ehtimoli haqida gapirishga hali erta, dedi Yatsenko.