O‘zbekiston | 15:34 / 24.10.2024
2141
3 daqiqa o‘qiladi

Sanoat korxonalari chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatishni paysalga solmoqda - Bosh prokuratura

Poytaxt atmosfera havosi ifloslanishiga iqlim o‘zgarishi, sanoat va avtotransport vositalaridan tashlamalar chiqarish hajmlari oshib borishi, e’lon qilingan moratoriy davrida ham qimmatbaho daraxtlar noqonuniy kesilishi, shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan qurilish ishlari jadal amalga oshirilishi bevosita ta’sir ko‘rsatayotgani keltirilgan. 

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bosh prokuratura Toshkent viloyati va poytaxt havosini ifloslantirayotgan sanoat korxonalarini tekshirmoqda. Mas’ul tashkilotlar o‘tkazgan tahlillarga ko‘ra, I va II toifaga kiruvchi, atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan sanoat korxonalarida 2024 yilda belgilangan zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish paysalga solinmoqda. Xususan, Toshkent viloyatda 27 ta korxonadan 19 tasida, Toshkent shahrida esa 31 ta korxonadan faqat 8 tasida bu ishlar amalga oshirilgan.

«Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishi darajasi ortib borayotgani va «salbiy» reytinglarda yetakchi o‘rinlarga chiqayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarlar barchada asosli tashvish va qayg‘u uyg‘otmoqda.

Poytaxt atmosfera havosi ifloslanishiga quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar kabi tabiiy omillar bilan bir qatorda iqlim o‘zgarishi, sanoat va avtotransport vositalaridan tashlamalar chiqarish hajmlari oshib borishi, e’lon qilingan moratoriy davrida ham qimmatbaho daraxtlar noqonuniy kesilishi, shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan qurilish ishlari jadal amalga oshirilishi bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda», deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.

Prokuratura organlari ushbu holatlarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasining «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonuni, prezidentning tegishli farmonlari va topshiriqlari hamda sohaga oid boshqa qonun hujjatlari ijrosini atmosferaga chiqarilayotgan zararli tashlamalar miqdorini kamaytirish va atmosfera havosi holatini yaxshilashga asosiy e’tiborni qaratgan holda joriy yil sentabr oyidan boshlab respublika bo‘yicha rejaviy tekshirish tadbirlari o‘tkazilishini yo‘lga qo‘ydi.

Tahlillarda I va II toifaga kiruvchi, atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan sanoat korxonalarida 2024 yilda belgilangan zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish ishlari paysalga solinayotgani, shu jumladan Toshkent viloyatda 27 ta korxonadan 19 tasida, Toshkent shahrida esa 31 ta korxonadan 8 tasidagina bu ishlar amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi.  

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi tekshirishlar Ekologiya, Sog‘liqni saqlash, Transport, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari jalb qilingan holda bevosita Bosh prokuratura tomonidan joriy yilning 22 oktyabr kunidan amalga oshirila boshlangan. 

Bosh prokuratura tomonidan aniqlangan qonunbuzilishi holatlari alohida nazoratga olinishi hamda ular bo‘yicha keskin va murosasiz choralar ko‘rib borilishi qat’iy ta’minlanishi ta’kidlangan. 

Mavzuga oid