Jahon | 15:19 / 25.10.2024
2420
3 daqiqa o‘qiladi

“Kichkina shahzoda” asarining noyob nusxasi 1,25 mln dollarga sotuvga qo‘yildi

Muallif uni yozuv mashinasida chop etgan va illyustrativ eskizlar bilan bezagan.

Foto: AP

Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” qissasi noyob nusxasi sotuvga qo‘yildi. Kitobning narxi 1,25 million AQSh dollarni tashkil etadi. Uni noyabr oyida Abu-Dabida o‘tkaziladigan Xalqaro madaniyat va san’at festivalida sotib olish mumkin.

Sent-Ekzyuperi “Kichkina shahzoda”ning ushbu nusxasini Nyu-Yorkda yaratgan. U natsistlarga qarshi jangda fransuz qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng AQShga ko‘chib o‘tgan. Adib o‘zining eng mashhur qissasini 1943 yilda chop ettirdi.

Harbiy uchuvchi bo‘lib xizmat qilgan yozuvchi 1944 yilning yozida Fransiya janubidagi jangovar parvozdan qaytmagan.

“Mashinada terilgan qo‘lyozmaga ega bo‘lish g‘oyat kamyob hodisa”, — deydi kitobni sotayotgan Peter Harring Rare Books kompaniyasining vakili Semmi Jyey.

Sent-Ekzyuperi o‘zining afsonaviy qissasini qo‘lda yozgan. Qo‘lyozma hozir Nyu-Yorkda saqlanmoqda. U, shuningdek, “Kichkina shahzoda”ning uchta nusxasini yozuv mashinasida chop etgan: ularning ikkitasini do‘stlariga hadya qilgan (bular Fransiya va AQShda saqlanmoqda), sotuvga qo‘yilgan uchinchisida “hadya yozuvi yo‘q va u hech kimga sovg‘a qilinmagan”, deb ta’kidladi Semmi Jyey BBC bilan suhbatda.

Mutaxassisning aytishicha, uchinchi nusxa “o‘n yillar davomida” Fransiyada xususiy kolleksiyada saqlangan, u uchta nusxa orasida yagona sotuvga qo‘yilgani bo‘ldi.

Peter Harring Rare Books kompaniyasi kitobni 2024 yilning boshida sotib olgan va o‘shandan beri uni sinchiklab o‘rganib kelmoqda. Kompaniya vakillari ma’lum qilishicha, kitob muqovasida o‘chirilgan sigareta izlari mavjud, sahifalarida muallifning qo‘lda yozilgan eslatmalar va izohlarni ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, ushbu qo‘lyozmada “Kichkina shahzoda” asaridagi eng mashhur satrlardan biri ilk bor qayd etilgan bo‘lishi mumkin: “Eng muhim narsalarni ko‘z bilan ilg‘ab bo‘lmaydi. Faqat yurak bilan ko‘rish mumkin”.

Kitob ikkita eskiz bilan birga sotilmoqda, ulardan biri qissada tasvirlangan kichkina shahzodaning dastlabki variantini aks ettiradi.

“Kichkina shahzoda” XX asrning eng mashhur kitoblaridan biri bo‘lib, unda sahroga qo‘nishga majbur bo‘lgan uchuvchi haqida hikoya qilinadi. Cho‘lda uchuvchi Yerga tashrif buyurgan o‘zga sayyoralik bolani uchratadi.