Jahon | 15:20 / 25.10.2024
1552
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy 2027 yilda sayyohlarni koinotga olib chiqishni boshlaydi

Deep Blue Aerospace kompaniyasi 2027 yilga mo‘ljallangan suborbital kosmik parvozlar uchun chiptalar sotuvini e’lon qildi.

Foto: AP

Sotuvlarning birinchi bosqichi 24 oktyabr kuni boshlandi, unda har birining narxi 1,5 million yuan (taxminan 211 000 dollar) bo‘lgan ikkita kosmik sayohat chiptasi sotuvga qo‘yildi. Potensial yo‘lovchilar taxminan besh daqiqa davom etadigan vaznsizlikdan zavqlanishi mumkin. Parvoz atigi 12 daqiqa davom etsa-da, bu Xitoyning tijoriy koinotni egallash tarixida yangi sahifa ochadigan hayajonli voqeaga aylanishi kutilmoqda.

Bo‘lajak sayyohlar parvozda qatnashish uchun 50 000 yuan miqdorida depozit qo‘yishi talab etildi. Chiptalar WeChat platformasi orqali sotuvga chiqarildi.

Deep Blue Aerospace so‘nggi yillarda shiddat bilan rivojlanayotgan Xitoy tijoriy kosmonavtika sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Xitoy firmalari G‘arbdagi raqobatchilarining izidan borib, qayta foydalanish mumkin bo‘lgan raketalarni yaratish ustida faol ishlamoqda. Bu esa kosmik parvozlar xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirish va ularni yanada qulay narxlarda taqdim etish imkonini beradi.

2023 yilda Xitoy 26 ta tijoriy kosmik parvozni amalga oshirdi. Ular orasida LandSpace kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, metanda ishlaydigan Zhuque-2 raketasining dunyodagi birinchi muvaffaqiyatli parvozi ham bor.

2027 yilga mo‘ljallangan missiya suborbitali bo‘ladi, ya’ni yo‘lovchilar kosmosga ko‘tariladi, lekin Yer orbitasiga chiqmaydi. Bunday parvozlar tijoriy maqsadda koinotni o‘zlashtirishdagi dastlabki qadamlardan biri hisoblanadi. Ular yo‘lovchilarga uzoq muddatli orbital sayohatlarsiz vaznsizlikni his qilish hamda Yerni koinotdan kuzatish imkoniyatini beradi. Bugungi kunda suborbital parvozlar Blue Origin va Virgin Galactic kabi kompaniyalar tomonidan faol ravishda ishlab chiqilmoqda. Global raqobat sharoitida Xitoy nafaqat G‘arb yetakchilarini quvib yetishga, balki kosmik turizm bozorida asosiy o‘rinlardan birini egallashga intilmoqda.

Tijorat loyihalari bilan bir qatorda, Xitoy o‘zining kundalik davlat kosmik dasturini amalga oshirishni davom ettirmoqda. Ushbu dastur doirasida mamlakat 2030 yilgacha Oyga inson parvozini amalga oshirishni, keyinchalik esa Yer yo‘ldoshini uzoq muddatli tadqiq qilish uchun Oy bazasini barpo etishni rejalashtirmoqda. Xitoyning kosmik ambitsiyalari ilmiy tadqiqotlar, texnologiyalarni rivojlantirish va tijoriy maqsadlarda fazoni o‘zlashtirish kabi ko‘plab yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid