Jahon | 14:06 / 26.10.2024
1875
2 daqiqa o‘qiladi

Porsche qimmatbaho qahva mashinasi va qahva maydalagichni taqdim etdi

Ular mashhur italyan firmasi bilan hamkorlikda yaratilgan, dizaynida esa Porsche 911 avtomobilidan ilhomlanilgan.

Foto: AP

Italiyaning La Marzocco firmasi Porsche brendi bilan hamkorlikda kam sonli va juda qimmat qahva mashinalari hamda qahva maydalagichlarini taqdim etdi. Ularning dizayni Porsche 911 GT3 Touring avtomobilidan ilhomlanib yaratilgan.

Birinchi yangilik — haroratni professional darajada barqaror saqlovchi Porsche x La Marzocco Linea Micra ikki boylerli qahva mashinasi. U sut ko‘pirtirish moslamasi bilan jihozlangan “shoxli” model hisoblanadi.

Ishlab chiqaruvchilarning aytishicha, qahva mashinasidagi aylanma tutqichlar so‘nggi Porsche avtomobillarining asboblar panelidan ilhomlangan. Barometr 911 modelidagi tezlik o‘lchagich dizaynini eslatadi, taglik esa GT3 Touring avtomobilining old bufer panjarasi tashqi ko‘rinishini aks ettirgan.

Ikkinchi yangilik — Porsche x Pico Espresso Grinder qahva maydalagichi. U shovqinsiz dvigatel, muayyan miqdorni tanlash imkoniyatini beradigan, magnitli vilka-portalfiltr bilan boshqariladigan va 300 gramm qahva donasini sig‘dira oladigan avtomatik yopiluvchi bunker bilan jihozlangan. Qahva maydalagich 18 gramm og‘irlikdagi porsiyani 10 soniyadan kam vaqt ichida maydalab beradi.

Porsche dizaynidagi qahva mashinasi va qahva maydalagich qancha turadi?

Porsche x La Marzocco Linea Micra qahva mashinasi ikki xil rangda sotiladi: Slate Grey (kulrang) va Martini Racing Edition (qizil-havorang elementlari bor kumush). Birinchisi 6555 dollarga, ikkinchisi 6949 dollarga baholangan. Ushbu modelning Porsche brendisiz oddiy versiyasi 3900 dollar turadi.

Porsche x Pi Espresso Grinder qahva maydalagichining narxi 1840 dollarni tashkil etadi. Ikkala qurilmaning cheklangan soni 911 dona. Sotuvlar 23 oktyabrda boshlangan bo‘lsa-da, qahva mashinalarining barchasi bir kundan ham kamroq vaqt ichida sotilib ketdi.

Mavzuga oid