Yaqin Sharqdagi keskinlashuv sabab bir qancha aviareyslar yo‘nalishi o‘zgardi
Eronga qilingan havo hujumlari fonida Jazeera Airways, Fly Dubai, Centrum Air aviakompaniyalari parvoz yo‘nalishlarini boshqa shaharlarga o‘zgartirdi, marshruti Eron havo hududi orqali amalga oshiriladigan boshqa reyslar O‘zbekiston shaharlaridan kechikish bilan uchib ketdi.
26 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil mudofaa armiyasi (TsAXAL)ning Erondagi raketa ishlab chiqaruvchi korxonalar va uning yer-havo raketalari joylashgan joylariga havo hujumlari sabab Eron ustidagi havo hududi yopildi. Buning natijasida qator aviareyslar o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.
Uzbekistan Airports’ning ma’lum qilishicha, Jazeera Airways aviakompaniyasining Toshkent – Kuvayt yo‘nalishi bo‘yicha J9-1650 reysi soat 04:50 da uchgan, ammo samolyot mahalliy vaqt bilan soat 07:06 da Toshkent aeroportiga qaytib qo‘ngan.
Shuningdek, Fly Dubai aviakompaniyasining Dushanbe – Dubay yo‘nalishi bo‘yicha FZ-778 reysi ekipaji Toshkentdagi muqobil aerodromga yo‘l olishga qaror qilgan. Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 08:32 da Toshkentga kelib qo‘ngan. Rasmiy xabarga ko‘ra, ekipajning dam olishi munosabati bilan Toshkentdan uchish mahalliy vaqt bilan soat 21:00 ga belgilangan, jarayonda yo‘lovchilar mehmonxonaga joylashtirilishi aytilgan.
Fly Dubai aviakompaniyasining Toshkent – Dubay yo‘nalishi bo‘yicha FZ-1942 reysi ham soat 04:58 da havoga ko‘tarilib, 06:58 da Ashxoboddagi muqobil aerodromga qo‘ngan.
Centrum Air aviakompaniyasining Jidda – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha C6-702 reysi ham xuddi shu sabab bilan Ar-Riyoddagi muqobil aerodromga, Madina – Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha C6-3336 reysi ham Toshkent vaqti bilan soat 08:17 da Al-Maktum (Dubay) aeroportiga qo‘ngan.
Aeroportlar xizmatining ta’kidlashicha, ushbu reyslarning jo‘nab ketishi haqidagi to‘liq ma’lumotlarni aviakompaniya vakillaridan olish mumkin. Qolaversa, marshruti Eron havo hududi orqali amalga oshiriladigan bir qator reyslar O‘zbekiston shaharlaridan kechikish bilan uchib ketgan.
Mavzuga oid
09:28 / 05.11.2020
Air Arabia aviakompaniyasi Sharja-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk reysini amalga oshirdi
08:45 / 04.09.2020
Pekin aeroporti 6 oylik to‘xtashdan keyin yana xalqaro aviareyslarni qabul qila boshladi
12:59 / 29.07.2020
«Yo‘lni ochinglar, Rossiyaga ketaylik!» – o‘zbekistonlik mehnat muhojiri ishini yo‘qotishdan xavotirda
11:08 / 04.05.2020