O‘zbekiston | 21:51 / 28.10.2024
4904
6 daqiqa o‘qiladi

28 oktyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Parlament saylovlarining dastlabki natijalari, Allamjonov suiqasd qilgan gumondorlar, maktablarda kuzgi ta’til muddati — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Saylovning dastlabki natijalari

27 oktyabr kungi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlari deputatlari saylovida ro‘yxatga olingan 19 mln 944 mingdan ortiq saylovchidan 15 mln 27 ming 529 nafari (yoki 74,72 foizi) ovoz berdi, degan MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev brifingda.

Qonunchilik palatasi uchun Yagona saylov okrugi bo‘yicha O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi 34,75 foiz ovoz to‘plab (26 ta mandat) birinchi, «Milliy tiklanish» partiyasi 18,82 foiz bilan ikkinchi (14 mandat) bo‘ldi.

Keyingi o‘rinlar Xalq demokratik partiyasi (17,11 foiz, 13 ta o‘rin), «Adolat» partiyasi (16,20 foiz, 12 ta) va Ekologiya partiyasi (13,12 foiz, 10 ta o‘rin) o‘rtasida taqsimlangan.

Bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha esa O‘zLiDeP 38 ta, «Milliy tiklanish» 15 ta, «Adolat» 9 ta, XDP 7 ta, Ekopartiya esa 6 ta o‘ringa ega bo‘lgan.

Partiyalarning Qonunchilik palatasidagi mandatlarining umumiy soni quyidagicha bo‘ldi:

  • O‘zLiDeP – 64 ta;
  • «Milliy tiklanish» – 29 ta;
  • «Adolat» – 21 ta;
  • XDP – 20;
  • Ekopartiya – 16 ta.

Allamjonovga suiqasd

Bosh prokuratura matbuot xizmati Komil Allamjonovga uyushtirilgan qurolli hujum yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi. Idora buni «qotillikka suiqasd holati» deb baholagan.

Avvalroq bitta gumondor ushlangani ma’lum qilingan edi. Endi jinoyatni sodir etishga aloqador bo‘lgan shaxslarning yana uch nafari ushlangani aytilmoqda.

«Bosh prokuratura tomonidan Qibraydagi qotillikka suiqasd holati bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘tkazilgan tergov va tezkor qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etishga aloqador bo‘lgan shaxslarning yana uch nafari aniqlanib, gumonlanuvchi tariqasida ushlandi», deyiladi xabarda.

Bosh prokuratura 26 oktyabr kuni soat 1:40 atrofida Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Ifor ko‘chasida ikki noma’lum shaxs Prezident administratsiyasi sobiq xodimi Komil Allamjonovning Range Rover rusumli yo‘ltanlamas avtomobiliga o‘qotar quroldan bir necha marta o‘q uzib, voqea joyidan qochib ketgani haqida xabar bergan edi. Haydovchi va Allamjonov jabrlanmagan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

27 oktyabr kuni ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanuvchilarning biri ushlangani xabar qilindi.

Maktablarda kuzgi ta’til

O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari uchun chorakning so‘nggi kuni 2 noyabrga to‘g‘ri kelib, 4 noyabr kuzgi ta’tilning ilk kuni hisoblanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi xabar berdi.

«Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi tizimidagi umumta’lim, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari uchun joriy o‘quv yilining kuzgi ta’tili 4 noyabrdan boshlanib, 10 noyabrgacha davom etadi», deyiladi xabarda.

II chorak dars mashg‘ulotlari 2024 yil 11 noyabrdan boshlanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, o‘quvchilar uchun ta’til kunlari quyidagicha belgilangan: 

  • kuzgi ta’til – 4 noyabrdan boshlab 6 kalendar kun;
  • qishki ta’til – 28 dekabrdan boshlab 14 kalendar kun;
  • bahorgi ta’til – 21 martdan boshlab 7 kalendar kun;
  • yozgi ta’til – oxirgi bosqichli nazorat sinovi o‘tkazilgan kundan (bosqichli nazorat o‘tkazilmaydigan sinflar uchun o‘quv yili tugagan kundan keyingi kundan) boshlab 1 sentabrgacha.

1-sinf o‘quvchilari uchun esa fevral oyi davomida qo‘shimcha bir haftalik ta’til belgilanadi.

Ehtiyojmandlar uchun kompensatsiya

O‘zbekistonda Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz to‘lovlari uchun bir martalik kompensatsiya beriladi.

Isitish mavsumida elektr energiyasi va gaz xarajatlarini qisman qoplash uchun qariyb 1,4 million oilaga 270 ming so‘mdan bir martalik kompensatsiya to‘lanadi. Bu mablag‘ bola puli va/yoki moddiy yordam oladigan oilalarning kartasiga 27 noyabrdan keyin tushirib beriladi.

Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar bermoqda.

Mazkur bu to‘lov gaz va elektr energiyasiga tariflar oshishi oqibatini yumshatishda yordam beradi. Ta’kidlanishicha, kompensatsiya bir yilda faqat bir marta to‘lanadi. Uning miqdori – 270 ming so‘m.

Kompensatsiya oladiganlar ro‘yxatiga quyidagilar kiritiladi:

  • asosiy ro‘yxat bo‘yicha – “Ijtimoiy himoya” reyestri orqali bolalar nafaqasi va/yoki moddiy yordam oladigan oilalar (1,2 mln oila);
  • qo‘shimcha ro‘yxat bo‘yicha – boshqa ehtiyojmandlar (180 ming oila).

Mavzuga oid