Jahon | 09:30 / 28.10.2024
4867
3 daqiqa o‘qiladi

Bryansk gubernatori chegarani yorib o‘tishga urinish haqida ma’lum qildi

Bryansk oblastida qurolli shaxslar chegarani kesib o‘tishga uringan, deb xabar berdi Aleksandr Bogomaz. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum qaytarilgan.

Foto: Sergey Bobylev / TASS

Rossiya Federatsiyasining Bryansk oblastida «qurollangan shaxslar guruhi»ning Rossiya-Ukraina chegarasini buzib o‘tishga urinishi to‘xtatildi, dedi mintaqa rahbari Aleksandr Bogomaz 27 oktyabr, yakshanba kuni. Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa Klimovskiy rayoni Manev aholi punkti hududida sodir bo‘lgan, u yerda hozirda aholi yo‘q.

Hujumni qaytarishda chegarachilar, harbiylar va Rossiya gvardiyasi jangchilari ishtirok etdi. «Dushmanga qarata o‘t ochildi», deb yozdi Bogomaz Telegram-kanalida. Gubernatorning qo‘shimcha qilishicha, Klimovskiy rayonidagi vaziyat hozirda «barqaror» va hokimiyat nazoratida.

RFning bir qancha mintaqalari uchuvchisiz uchoqlar hujumiga uchradi

20 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning bir qancha hududlari uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan ommaviy hujumga uchradi. Xususan, Rossiya Federatsiyasi poytaxti, Moskva, Lipetsk va Oryol oblastlari xavf ostida qolgan.

Poytaxt meri Sergey Sobyanin «Moskva tomon uchgan» dron Ramenskoye shahar okrugida urib tushirilganini aytdi. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parchalar tushgan joyda vayronalar va qurbonlar bo‘lmagan», — deb yozdi Sobyanin Telegramʼdagi kanalida.

Rossiyaning boshqa mintaqalari ham dron hujumlariga uchragan. Xususan, Lipetsk oblasti gubernatori Igor Artamonov Lipetsk osmonida «UUA bostirilganini» aytdi. Artamonovning so‘zlariga ko‘ra, uchish apparati qoldiqlari Sirskiy Rudnikning mikrorayoniga tushgan. «Mutaxassislar voqea joyida va dronning qolgan qismlarini zararsizlantirmoqda», deb yozgan u.

Orel oblasti gubernatori Andrey Klichkov ham 19 oktyabr oqshomida yirik uchuvchisiz uchoqlar hujumi haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari mintaqa uzra 11 ta Ukraina dronini yo‘q qilgan.

Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz 19 oktyabr oqshomida kamida to‘rtta Ukraina dronining «yo‘q qilingani» haqida xabar berdi.

Bryansk, Lipetsk va Oryol oblastlariga qilingan hujumlar natijasida qurbonlar va vayronagarchiliklar yo‘q, dedi mintaqa rahbarlari.

Mavzuga oid