Gurjistonda hukmron partiya yana g‘alaba qozondi: AQSh saylov natijalarini tekshirishga chaqirdi
26 oktyabr kuni Gurjistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, hukmron «Gurjiston orzusi» yetakchilik qilmoqda. Prezident Zurabishvili hamda muxolifat natijalarni tan olmadi. AQSh Davlat departamenti esa xalqaro kuzatuvchilar xulosalarini tekshirishga chaqirdi.
Gurjistondagi bu galgi saylovlar avvalgilaridan farq qiladi. Sababi — davlat rivojlanishda qaysi yo‘lni tanlashi shu siyosiy tadbirning natijalariga bog‘liq edi. Saylovoldi kampaniyasi keskin hamda jamiyatning ikki qutbga bo‘linishi fonida o‘tdi. Ovoz berish davlat tarixida ilk bor to‘liq proporsional shaklda bo‘ldi.
Saylov yakunlariga ko‘ra 5 ta partiya, jumladan, hukmron «Gurjiston orzusi», «Gurjistonni qutqarish uchun birlik», «O‘zgarishlar uchun koalitsiya», «Kuchli Gurjiston» hamda «Gurjiston uchun» partiyalari parlamentda o‘rinlarga ega bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, hukmron partiya birinchi marta 2012 yilgi saylovlarda g‘alaba qozongan. Partiya 4 marta saylovda qatnashyapti va avvalgi hukmron partiyalardan farqli ravishda 4 marta ham g‘alaba qozondi. Bundan avvalgi hukmron partiyalar esa ko‘pi bilan 2 marta ko‘pchilik ovozga ega bo‘la olgan.
«Gurjistonni qutqarish uchun birlik partiyasi» esa sobiq prezident Mixail Saakashvili tuzgan nomdor muxolif partiya «Milliy harakat», «Agmashenebeli strategiyasi» va «Yevropa Gurjistoni» partiyalari, mustaqil siyosatchilardan iborat bo‘ldi.
Gurjiston parlamentida 150 ta o‘rin bor. Shu o‘rinlarning yarmidan ko‘pini qo‘lga kiritgan partiya bosh vazirlik uchun nomzod ko‘rsata oladi. Hukmron «Gruzin orzusi» partiyasining saylovoldi kampaniyasi o‘ta populistik, antiliberal hamda rossiyaparast g‘oyalarga boy, deya baholandi. Bu partiya vakillari elektoratni agarda liberallar hokimiyatga kelsa, Gurjiston urushga tortilishi haqidagi gap-so‘zlari bilan o‘ziga og‘dirishga harakat qildi. Bu bilan orzuchilar «Ukrainaning kuni bizning boshimizga tushadi», demoqchi bo‘ldi. Saylovoldi targ‘ibotda ham bundan jiddiy foydalanishdi, Ukrainaning hozirgi qiyofasi va Gurjiston tasvirlari tushirilgan bannerlar paydo bo‘ldi.
Hukmron partiyaga ko‘ra, muxolif kuchlar jinoiy guruhlar bilan aloqalarga ega. Muxolifat esa yevropacha yo‘l tarafdori. Tbilisida o‘tkazilgan tadbirlarda ular Gurjiston Yevropa Ittifoqini tanlashini bildiruvchi marsh o‘tkazilgan. Ayni shu tadbirlarda Gurjistonning amaldagi prezidenti Salome Zurabishvili qatnashib, nutq so‘zlagan. Prezident ham taraqqiyotning Yevropa yo‘li tarafdori, lekin hokimiyat uning qo‘lida emas.
Saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, hukmron «Gurjiston orzusi» 54 foizdan ziyodroq ovoz bilan g‘alaba qozongani aytilmoqda. Muxolifat bloki esa jami 37,3 foiz ovozga ega chiqqan. O‘z o‘rnida muxolifat saylov natijalarini tan olmasligini va norozilik namoyishlarini boshlashini ma’lum qildi.
Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, muxolifatdagi «O‘zgarishlar koalitsiyasi» 10,8 foiz, Saakashvili tuzgan muxolifatchi «Milliy harakat» partiyasi qo‘shilgan «Gurjistonni qutqarish uchun birlik» koalitsiyasi 10,1 foiz ovoz to‘pladi. Tadbirkor hamda TBS banki asoschisining «Lelo» partiyasi atrofida birlashgan «Kuchli Gurjiston» esa 8,7 foiz ovoz yig‘a olgan. Gurjistonning sobiq bosh vaziri Georgiy Gaxariya boshchiligiga «Gurjiston uchun» partiyasi esa 7,7 foiz natijaga ega chiqdi. Qolgan partiyalar parlamentga kirish uchun o‘rnatilgan 5 foizlik to‘siqdan o‘ta olmadi.
Norozilik namoyishlari boshlashni esa «Gurjistonni qutqarish uchun birlik hamda O‘zgarish uchun koalitsiya» ma’lum qilgan. Gurjistondagi qator nodavlat tashkilotlar ham bu saylovlarni tan olmasligini e’lon qilib ulgurdi. Prezident Zurabishvili ushbu saylovni kelajak Yevropada bo‘ladimi yoki Gurjiston bundan buyog‘iga Rossiya ostida bo‘ladimi, shuni belgilaydigan burilish nuqtasi deya ta’riflagandi. «Gurjiston orzusi» esa ovoz berish urush yoki tinchlik o‘rtasidagi referendum deb bildirdi. Hukmron partiyaga ko‘ra, muxolifat Gurjistonni urushga jalb qilmoqda.
So‘nggi bir yil ichida «Gurjiston orzusi» partiyasi rostdan ham ko‘proq rossiyaparast pozitsiyani egalladi va Rossiya qonunlaridan nusxa oluvchi hujjatlar qabul qildi. Masalan, shu yil bahori oxirlarida «Chet el agentlari to‘g‘risida»gi qonun Gurjistonni ommaviy noroziliklar girdobida qoldirdi. Bu esa Tbilisining g‘arb bilan aloqalari sovuqlashishiga olib keldi. Shuningdek, bunga javoban YeI Gurjistonning blokka qo‘shilish jarayonini to‘xtatib qo‘ydi.
AQSh o‘nlab fuqarolar, hattoki deputatlar va ichki ishlar xodimlariga viza cheklovlarini joriy etdi. «Gurjiston orzusi» partiyasi asoschisi bu milliarder Bidzina Ivanishvili hisoblanadi U 2008 yilgi harbiy mojaro uchun osetinlardan kechirim so‘rashga tayyorligini ham aytgan.
Prezident Zurabishvili hukmron partiya saylov natijalarini soxtalashtirishda aybladi. Aholini esa namoyishlarga chiqishga chaqirdi. «Men bu saylovlarni tan olmayman, buni tan olish mumkin emas, — degan Salome Zurabishivili o‘z brifingida. — Bu Rossiyaning bu yerga kelishi Gurjistonning Rossiyaga bo‘ysunishini tan olish bilan bir xil».
Norozilik namoyishlari 28 oktyabr oqshomiga rejalangan. Muxolifat bunday fikrlarga umuman qo‘shilmaydi, ekzit-pollga ko‘ra, «Gurjiston orzusi» 40-42 foiz natijani olgan va saylov oldidan ham partiyaning qo‘li baland kelayotgani ma’lum edi, deydi ular. AQSh davlat departamenti Gurjistondagi saylov yuzasidan o‘z matbuot xabarini e’lon qildi. Unda Gurjiston demokratiya yo‘lida ekani, lekin amaldagi hukmron partiya davlat resurslaridan noto‘g‘ri foydalanib, xalqaro ishonchni susaytirgani yozilgan.
«Gurjistonning jonli demokratiyasi 2004 yildan beri kuch manbai bo‘lib kelmoqda va kechagi saylovlarda qatnashish gurji xalqining demokratiya tarafdori ekanini ko‘rsatadi. Biroq 2024 yilda xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar hukmron partiyaning davlat resurslaridan noto‘g‘ri foydalanishi, ovozlarni sotib olish va saylovchilarni qo‘rqitish bilan ajralib turadigan saylovoldi muhitini qayd etishdi, bularning barchasi teng bo‘lmagan o‘yin maydonini yaratdi hamda jamoatchilik va xalqaro ishonchni susaytirdi.
Xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar saylov yaxshi o‘tganini qayd etsa-da, biroq qonunbuzarliklar va vaqti-vaqti bilan zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risidagi xabarlar bor. Xalqaro kuzatuvchilar natijalarni erkin va adolatli, deb e’lon qilmadi. Biz xalqaro me’yorlarning buzilishini qoralaymiz hamda xalqaro va mahalliy kuzatuvchilarning saylov bilan bog‘liq qonunbuzarliklar haqidagi barcha xabarlarlarini tekshirishga chaqiramiz», — deyiladi AQSh Davlat departamenti matbuot xabarida.
Lekin bir qator mustaqil nashrlar ovozlar soxta emasligi, odamlarning ko‘pchiligi rostdan ham hukmron partiyani qo‘llaganini yozmoqda.
Mavzuga oid
11:31 / 23.12.2024
Zurabishvili: Gurjiston prezidenti va bosh qo‘mondoni bo‘lib qolaman
19:23 / 22.12.2024
Gurjiston bosh vaziri Kobaxidze prezident Zurabishviliga jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qildi
13:47 / 21.12.2024
Yevrokengash bosh kotibi: Tbilisi tashqi ta’sirga oid qonunni o‘zgartirishga va’da berdi
20:54 / 20.12.2024