Tramp Nyu-York markazida shov-shuvli miting o‘tkazdi
AQSh prezidentligi saylovlariga ikki haftadan kamroq vaqt qolmoqda, sotsiologlar fikricha, respublikachi Donald Tramp va demokrat Kamala Harrisning imkoniyatlari taxminan teng bo‘lib turibdi. Ikki nomzod ham saylovchilar ovozi uchun kurashmoqda: yakshanba kuni Tramp Nyu-York markazida katta miting o‘tkazdi, Harrisning tarafdorlari esa bu tadbirni amerikalik natsistlarning 1930-yillar oxirida o‘tkazgan aksiyalariga qiyoslamoqda.
Tramp ham, Harris ham so‘nggi kunlarda kampaniyasiga «yulduzli» artilleriyani jalb etmoqda: o‘tgan haftada Bryus Springstin va Beyonse amaldagi vitse-prezident uchun saylovoldi tashviqotida qatnashgandi, sobiq prezident esa AQShdagi yetakchi podkastchilardan biri Jo Rogan bilan suhbat qurdi.
Yakshanba kuni kechqurun Tramp Manhetten yuragidagi mashhur Medison-skver-garden arenasida miting o‘tkazdi.
Bu yerda unga eng taniqli tarafdorlari, xususan, tadbirkor Ilon Mask ham qo‘shildi, u shu kunlarda Trampni qo‘llash uchun Pensilvaniya bo‘ylab safar qilgan vaa uning kampaniyasi uchun 119 mln dollar ajratgandi.
Trampning chiqishi boshlanishidan oldin uning rafiqasi Melaniya ham sahnaga ko‘tarildi.
«Agar men g‘olib bo‘lsam, biz tezlik bilan dunyo tarixidagi eng buyuk iqtisodiyotni quramiz. Mening oldingi muddatimda aynan shunday bo‘lgandi. Biz tezda inflatsiyani yengamiz va shunchaki Amerikani yana hamyonbop qilamiz», — degan Tramp o‘z chiqishida.
Nyu-York Demokratik partiya tanyachi hisoblanadi: bu yerda respublikachi nomzod oxirgi marta 1984 yilda ustun kelgan. Ammo Tramp uchun bu ona shahri hisoblanadi — u shu yerda o‘z biznesini boshlagan va hozirgacha o‘z shtab-kvartirasi sanaladigan Tramp-tauerni qurgan.
Tanqidchilari Trampni anchadan buyon o‘z ritorikasi bilan ultrao‘ngchilarni da’vat qilishda ayblab keladi.
Mitingda saylovda mustaqil nomzod sifatida qatnashgan va sentabr oyida poygani tark etib, o‘z tarafdorlarini Trampni qo‘llashga chaqirgan kichik Robert Kennedi hamda konservativ sharhlovchi va jurnalist, Vladimir Putindan intervyu olgan Taker Karlson ham so‘zga chiqqan.
Marosimda so‘z olganlar ro‘yxatida sobiq professional restler Halk Hogandan tortib Nyu-Yorkning sobiq meri Rudi Juliani hamda Trampning o‘g‘illarigacha bor edi. Ularning ayrimlari olomonni qizdirish uchun irqchilik va ayollarni kamsitish ohangidagi iboralardan foydalangan. Xususan, Juliani demokratlarning prezidentlikka nomzodi Kamala Harris Isroil-Falastin mojarosida «terrorchilar tomonida» ekanini aytgan.
Komik Toni Hinchkliff lotin amerikaliklar «bola tug‘dirishni yoqtirishi»ni aytib hazillashgan va AQShning Karib dengizi havzasidagi Puerto-Riko orolini «suzadigan chiqindi oroli» deb atagan. Bundan tashqari, komikning repertuarida lotin amerikaliklar, yahudiylar va qora tanlilar haqida odobsiz va irqchilikka asoslangan fikrlar ham bor edi, deya xabar qilgan AR. Shuningdek, u Harris o‘z faoliyatini fohisha sifatida boshlaganini aytgan.
Trampning bolalikdagi do‘sti Devid Rem Harrisni «antixrist» (dajjol) va «iblis» deb atagan. Tadbirkor Grant Kardon yig‘ilganlarga qarata Harris «va uning qo‘shmachi kuratorlari AQShni yakson qilishi» haqida gapirgan.
Trampning o‘zi tashqi siyosat va immigratsiya bo‘yicha tanish siyqasi chiqqan gaplarini takrorlab, AQSh fuqarosini o‘ldiradigan har qanday muhojirni o‘lim jazosiga hukm qilishga chaqirgan va lavozimga kirishgan kuni «mamlakatga migrantlar bosqini to‘xtatilishi»ni ma’lum qilgan.
Trampga 2016 yilgi saylovda raqiblik qilgan Hillari Klinton uni natsistlar tarafdorlarining 1939 yilda, Ikkinchi jahon urushi arafasida Medison-skver-gardenda o‘tkazilgan mitingini takrorlashga urinishda ayblagan.
Harrisning kampaniyadagi sherigi — AQSh vitse-prezidentligiga nomzod Tim Uolz ham shunday parallel o‘tkazgan. «1930-yillar o‘rtalarida Medison-skver-gardenda bo‘lib o‘tgan miting bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri parallel mavjud. Shubhasiz, u ular bu yerda nima qilayotganini juda yaxshi tushunadi».
1939 yilda Frits Yulius Kun boshchiligidagi amerikalik natsistlar ushbu zalda «amerikaparastlik» shiori ostida Adolf Hitler rejimini qo‘llab-quvvatlab miting o‘tkazgandi.
«U barchasi 1930-yillardagidek ekanini aytibdi. Yo‘q, bunday emas, — deya reaksiya qilgan Tramp Michigandagi miting vaqtida Klinton xonimning so‘zlariga javoban. — Bu „Amerikani yana buyuk qilish“ deb ataladi, bori shu».
Mishel Obama Kamala Harrisni qo‘lladi
Bu vaqtda Kamala Harris saylov natijasi hal qilinadigan muhim shtatlardan biri bo‘lmish Pensilvaniyaning yirik shahri va demokratlar tayanchi Filadelfiya bo‘ylab safar qildi.
Oldinroq nomzodlar yana bir ikkilanuvchi shtat — Michiganda bo‘lgandi, bu yerda Tramp musulmon saylovchilarga yuzlangan, Harrisning Kalamazudagi mitingida AQSh sobiq prezidenti Mishel Obama chiqish qilgandi. Bu sobiq birinchi xonimning demokratlarning prezidentlikka nomzodini qo‘llab ilk bor chiqish qilishi bo‘ldi.
«Umid qilamanki, ba’zilarimiz Trampning layoqatsizligiga befarqlik bilan qarab, xuddi shu vaqtda Kamaladan ko‘zni qamashtirar darajada benuqson bo‘lishini xohlashingiz meni ranjitishini kechirasiz», — degan sobiq birinchi ledi, hali bir qarorga kelmagan saylovchilarni «o‘zlari ichida bo‘lgan tumandan chiqish»ga chaqirib.
Keyin Harrisning o‘zi so‘z olgan, ammo ko‘p o‘tmay olomon ichidagilar «G‘azodagi urushga yo‘q deymiz!» degan hayqiriqlari bilan uning nutqini bo‘lib qo‘ygan. Harris bunga javoban «G‘azodagi bu urushni to‘xtatishimiz kerak» degan, keyin saylovchilardan «qo‘rquv va tarqoqlik sahifasini» yopishni so‘ragan holda o‘z nutqini davom ettirgan.
Demokratik partiyaning ayrim saylovchilari Harrisning Isroil va Hamas o‘rtasidagi urush bo‘yicha pozitsiyasidan norozi.
Amerikalik musulmonlarning bir qismi Vashington G‘azoda Isroil armiyasi amaliyoti oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘layotganini yanada keskinroq ohangda qoralashi kerak deb hisoblaydi.
Tramp esa Detroyt chekkasida nutq so‘zladi va mahalliy imomlar guruhi bilan uchrashganini gapirib berdi. U o‘zi musulmon saylovchilar qo‘lloviga munosib ekanini, chunki Yaqin Sharqdagi mojaroga barham berib, tinchlik keltirishga qodir ekanini aytgan. Odatdagi kabi, Tramp Yaqin Sharq mojarosini aynan qanday qilib yakunlamoqchiligiga to‘xtalmagan.
Detroyt Islom markazidan bo‘lgan imom Bilol Alzuhayri esa sahnada Trampning yonida turib, shunday degan: «Biz musulmonlardan prezident Tramp tomonida turishni so‘raymiz, chunki u tinchlik va’da qilmoqda».
So‘rovlar nima demoqda?
Reuters/Ipsos so‘roviga ko‘ra, Harris milliy miqyosda Trampni kichik ustunlik bilan ortda qoldirmoqda - 43 foizga qarshi 46 foiz.
Biroq, saylov taqdiri umummilliy qo‘llov darajasi bilan hal bo‘lmaydi, bu tarozi pallasi nomzodlardan istalgan biri tomoniga og‘ishi mumkin bo‘lgan yettita shtatda hal qilinadi. So‘rovlarga ko‘ra, bu hududlarda nomzodlar orasidagi farq minimal bo‘lib qolmoqda, shuning uchun saylov natijalarini prognoz qilish haddan tashqari qiyin.
Sharhlovchilar prezidentlik poygasi yakuniga kelib Trampning bayonotlari keskinlashayotganini qayd etishgan.
O‘tgan hafta avvalida Shimoliy Karolinadagi mitingda u vodorodda ishlovchi avtomobillardagi portlashlar haqida gapirgan, ohaktoshdan bo‘yoqni olib tashlash naqadar qiyinligidan shikoyat qilgan, shuningdek, milliarder Ilon Maskning raketasi Yerga butun va shikastlanmasdan qaytganidan hayratdaligini bildirgandi.
U shuningdek demokrat raqibi Kamala Harris o‘zi kabi qattiq ishlamayotganidan shikoyat qilgan, XXR raisi Si Jinpingi «qat’iyati» uchun maqtagan va sobiq prezident Barak Obamani «haqiqiy tentak» («a real jerk») deb atagandi.
Reuters qayd etishicha, Tramp o‘zini mas’uliyatdan butunlay ozod etilgan odam kabi tutmoqda: «Ko‘pchilik siyosatchilar saylovchilar qarshisida yakuniy argumentlarini keltirayotgan pallada, Tramp ko‘pincha o‘zini dunyoning eng qudratli mamlakatini boshqarishga chog‘langan siyosatchi sifatida emas, xayrlashuv turnesidagi artist kabi tutmoqda».
Mavzuga oid
23:44 / 31.10.2024
Respublikachi Shvarsenegger saylovda demokrat Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatlashini aytdi
14:01 / 31.10.2024
«Bu Kamala va Bayden sharafiga». Tramp chiqindi tashuvchi mashinaga minib oldi
21:25 / 30.10.2024
Trampning tarafdorlari Bayden ularni «chiqindi» deb ataganini aytishmoqda
16:35 / 30.10.2024