Olimlar gaz plitalaridan foydalanish va bevaqt o‘lim o‘rtasidagi bog‘liqlikni ma’lum qildi
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, gaz plitalari Yevropada yiliga 40 ming kishining o‘limiga hissa qo‘shadi.
Ispaniyadagi Jaume I universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, hozirda Yevropa uy xo‘jaliklarining uchdan bir qismi gaz plitalaridan foydalanmoqda. Biroq bunday plitalar ishlatilganda azot dioksidi va qattiq zarrachalar ajralib chiqadi, oqibatda respirator kasalliklari yuzaga kelib, erta o‘limga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, gaz plitalari karbonat angidrid kabi issiqxona gazlarini chiqaradi, bu esa iqlim o‘zgarishiga olib keladi.
Olimlarning ta’kidlashicha, tabiiy gaz Yevropa mintaqasidagi uylarni isitish uchun ham keng qo‘llanadi. Umuman olganda, Yevropa Ittifoqidagi umumiy issiqxona gazlari chiqindilarining taxminan 25 foizi uy xo‘jaliklariga to‘g‘ri keladi.
“Jamoat sog‘lig‘ini saqlash nuqtai nazaridan gaz plitalari zaharli”, — dedi Bloomberg tadqiqotining yetakchi muallifi Xuana Mariya Delgado-Saborit. Uning so‘zlariga ko‘ra, gaz plitalari tufayli erta o‘lim muammosi “biz o‘ylagandan ko‘ra ancha yomonroq”.
Tadqiqot notijorat Yevropa iqlim jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan.
Olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, uylarining zararli zarralar bilan ifloslanishiga oid eng jiddiy muammolar gazdan yuqori darajada foydalanadigan Buyuk Britaniya, Ruminiya, Polsha va Italiya kabi mamlakatlarda kuzatilmoqda.
“Ushbu tadqiqot qaror qabul qiluvchi shaxslar uchun ogohlantiruvchi signal bo‘lishi kerak, chunki u gaz plitalarining insonlar salomatligiga ko‘rsatadigan ta’sirini aniq qilib tasvirlaydi”, — deb ta’kidladi Birmingem universiteti atmosfera fanlari professori Kristian Pfrang Bloomberg bilan suhbatda.
Turar joy binolarida o‘rnatilgan gaz plitalari astma va boshqa sog‘liq muammolariga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida Bloomberg o‘tgan yili ham ekspertlar va ilmiy tadqiqotlarga asoslanib xabar bergandi. Xususan, 2013 yilda o‘tkazilgan jamoat sog‘ligi tadqiqoti natijalariga ko‘ra, turar joy binolarida ovqat tayyorlash uchun gazdan foydalanish vaqtinchalik astma paydo bo‘lish xavfini 42 foizga, butun umr davomida surunkali astma paydo bo‘lish xavfini esa 24 foizga oshirgan.
Mavzuga oid
16:27 / 29.10.2024
Yer atmosferasining ifloslanishi rekord darajaga yetdi
17:56 / 23.10.2024
Atmosferadagi metan chiqindilari: ular aslida qayerdan kelib chiqadi?
22:28 / 05.04.2024
Olimlar Yerdagi eng toza havoga ega joy nomini aytishdi
19:05 / 15.03.2024