Toshkentda ikki talaba taksichini o‘ldirib, mashinasini olib qochmoqchi bo‘ldi
18 va 20 yoshli yigitlar yarim tunda Yandex mobil ilovasi orqali taksi chaqirgan va manzil sifatida Yangiyo‘l tumani hududidagi ochiq dala maydonini ko‘rsatgan. Manzilga borganda esa haydovchiga pichoq bilan hujum qilishgan. Voqea joyiga Yangiyo‘l tuman IIB xodimlari kelib qolishi ortidan ular jinoyatni oxiriga yetkaza olmagan.
Toshkentda taksi haydovchisiga hujum qilib, uning mashinasini olib qochmoqchi bo‘lgan ikki talaba jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 2006 yilda tug‘ilgan D.M. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 1-sonli akademik litseyida, 2004 yilda tug‘ilgan Z.M. esa Toshkent axborot texnologiyalar universitetida tahsil olgan. Ularning ikkisi ham Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanidan bo‘lgan.
O‘smirlar biror mashinani bosqinchilik yo‘li bilan egallash va olib qochish bo‘yicha jinoiy reja tuzishgan. 2024 yil 27 aprel kuni soat 23:30 atrofida jinoiy rejani amalga oshirish uchun “Olmazor” metro bekati yoniga kelishgan. Bu yerda ular Yandex mobil ilovasi orqali Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Chamanzor mahallasi lokatsiyasini ko‘rsatgan holda taksiga buyurtma berishgan.
Buyurtma bo‘yicha haydovchi Ch.A. Lacetti mashinasida yetib kelgan hamda D.M va Z.M.ni ko‘rsatilgan lokatsiyaga – M39 magistral avtomobil yo‘li orqali Yangiyo‘l tumanidagi ochiq dala maydoniga olib borgan. Manzilga yetib borgach mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan D.M. haydovchiga to‘satdan hujum qilib, uning bo‘yniga pichoq bilan bir marta urgan. Zarbadan keyin Ch.A. qarshilik ko‘rsatishni boshlagan. Uni mashinadan chiqarmaslik maqsadida D.M. bo‘ynidan bo‘g‘ib, Z.M. esa qo‘llaridan ushlab turgan.
Shu vaqtda ularning harakati avtomobil yo‘lidan o‘tib ketayotgan Yangiyo‘l tuman IIB xodimlari e’tiboriga tushgan. IIB xodimlari voqea joyiga yetib kelib, talaba yigitlarni ushlagan. Shu sababli, o‘smirlar jinoyatni o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkaza olmagan.
D.M. sud majlisida aybiga qisman iqror bo‘lib, bu ishni qarzi borligi va pulga muhtojligi sababli qilganini aytgan.
“Haydovchining bo‘yin sohasiga pichoq bilan bir marta urdim va uni bo‘g‘ib oldim. So‘ng unga og‘ir sharoitga tushib qolganimni va qarzim borligini tushuntirdim, muammolarimni gapirdim. Bo‘ynidan oqayotgan qonni to‘xtatishga harakat qildik, hatto kasalxonaga olib borishni taklif etdik. U esa uyiga olib borib qo‘yishimizni so‘radi.
Shu orada 15-20 minut vaqt o‘tdi va Matiz mashinasida IIB xodimlari kelib qoldi. Jabrlanuvchini o‘ldirish maqsadim bo‘lmagan”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.
Jabrlanuvchi Ch.A. suddagi ko‘rsatmasida yigitlarda uni o‘ldirish maqsadi bo‘lmaganini, chunki ularda buning uchun vaqt va imkoniyat bo‘lganini, lekin o‘ldirishga harakat qilmaganini bildirgan.
“D.M. va Z.M.ni mashinaga mindirib, M39 avtomobil yo‘li orqali 14 kilometr yurdim. So‘ngra ko‘rsatilgan lokatsiya bo‘yicha Yangiyo‘l tumani Chamanzor mahallasidan o‘ng tomonga ochiq dala ichiga taxminan 200 metr kirdim. O‘zaro suhbatda ular tanishi qulupnay terimiga chaqirganini, u hozir kelib yo‘lkira haqini berishini aytdi. Biroz vaqt o‘tgandan keyin orqa o‘rindiqda o‘tirgan D.M. kutilmaganda bo‘ynimga pichoq sanchib oldi. Eshikni ochib tushmoqchi bo‘ldim, lekin D.M. bo‘ynimdan bo‘g‘ib oldi va Z.M.ga urishni buyurdi. Keyin bilishimcha Z.M. tosh bilan urishi kerak bo‘lgan ekan, lekin u urmadi, faqat qo‘limdan ushlab o‘ziga tortdi.
Ko‘p qon yo‘qotganim uchun boshim aylanib, kuchsizlanib qoldim va qarshilik ko‘rsata olmadim. D.M. menga qarzi borligini, pulga muhtojligini, mashinani olib ketishi zarurligini aytdi. So‘ngra meni old yo‘lovchi o‘rindig‘iga o‘tkazib, bo‘ynimdan oqayotgan qonni artdi. Hatto kasalxonaga olib borishni taklif qildi.
Sudlanuvchilarda meni o‘ldirish maqsadi bo‘lmagan deb hisoblayman. Chunki ularda buning uchun vaqt va imkoniyat bo‘ldi, lekin o‘ldirishga harakat qilishmadi”, deya ma’lum qilgan haydovchi.
Sud hukmi bilan D.M. va Z.M. Jinoyat kodeksi 25,267-moddasi 3-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. D.M.ga jinoyatni sodir qilgan paytida 18 yoshga to‘lmagani sababli 7 yil, Z.M.ga esa Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Mavzuga oid
07:50 / 25.10.2024
O‘zini o‘zi band qilgan taksichilar soni ikki baravar oshdi
17:35 / 16.10.2024
“Bu yerda talabaning yangi bilimlarni o‘zi xohlab o‘rganishi birinchi o‘rinda turadi” - Nyu-York universitetining o‘zbekistonlik talabasi
23:02 / 03.10.2024
Hindiston Oliy sudi qashshoq oiladan chiqqan talabaning kollejga kirish orzusini ro‘yobga chiqardi
19:57 / 28.08.2024