Jahon | 17:13 / 30.10.2024
4684
2 daqiqa o‘qiladi

BMW, Mercedes, Porsche va boshqa nemis kompaniyalarida umummilliy ish tashlash boshlandi

Germaniyadagi biznes istiqbollarining yomonlashuvi kansler Olaf Sholsning beqaror hukumatiga bosimni kuchaytirdi.

Foto: AP

Minglab germaniyalik ishchilar maoshini oshirishni talab qilib, umummilliy ish tashlash boshladi, deb xabar bermoqda Reuters. To‘rt millionga yaqin xodimni birlashtirgan elektrotexnika va metallurgiya sanoati kasaba uyushmalarining ish tashlashi Porsche, BMW, Mercedes va boshqa kompaniyalarga ta’sir ko‘rsatdi.

Hafta boshida avtomobil giganti Volkswagen o‘zining 87 yillik tarixida ilk bor Germaniyadagi uchta zavodni yopishini, shuningdek, ommaviy ishdan bo‘shatish va ish joyini saqlab qoladigan xodimlar uchun maoshni 10 foizga qisqartirish rejalarini e’lon qilgandi.

Yevropaning eng yirik iqtisodiyotida biznes istiqbollarining yomonlashuvi, kansler Olaf Sholsning beqaror hukumatiga bosimni kuchaytirdi. Siyosiy kelishmovchiliklar fonida Shols hukumati kelasi yilgi federal saylovlar oldidan inqiroz yoqasiga kelishi prognoz qilinmoqda.

29 oktyabr kuni Shols kompaniya rahbarlari, jumladan, Volkswagen rahbari Oliver Blyume bilan Germaniya sanoat sektorini qo‘llab-quvvatlash strategiyalarini muhokama qilish uchun uchrashuv o‘tkazdi. Berlindagi uch soatlik yopiq uchrashuvning maqsadi Germaniyaning iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, sanoatdagi ish o‘rinlarini himoya qilish va jahon sanoat markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlash bo‘yicha siyosiy choralarni o‘rganishdan iborat bo‘ldi. Keyingi muzokaralar 15 noyabrga belgilangan.

Hukumat faoliyatining samarasizligini ko‘rsatish maqsadida moliya vaziri ham aynan shu kunda alohida sammit o‘tkazilishini e’lon qildi.

Kompaniyalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma Germaniya 2024 yilda iqtisodiy tushkunlikni boshdan kechirayotganini ko‘rsatdi, kelgusi yilda ham o‘sish istiqbollari ko‘rinmayapti.

Mavzuga oid