Jahon | 17:04 / 30.10.2024
9124
4 daqiqa o‘qiladi

«Dahshatli voqea». AQSh yana o‘nlab kishi o‘ldirilishi ortidan G‘azodagi urushni yakunlashga chaqirdi

AQSh Isroil aviatsiyasining G‘azo sektori shimolida ko‘p qavatli turar joy binosiga yo‘llangan va 93 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan zarbasini dahshatli zarba deb baholadi.

Foto: AFP

Zarba seshanbaga o‘tar kechasi Bayt Lahiyaga yo‘llangan. Avvaliga 93 kishi halok bo‘lib, 40 kishi bedarak yo‘qolgani xabar qilindi. Favqulodda xizmatlar o‘nlab kishilar xarobalar ostida qolganini ma’lum qilgan.

Keyinroq 93 kishi — halok bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlarning jami soni ekani ma’lum bo‘ldi.

AQSh Davlat departamenti vakili Mettyu Miller Vashington aviazarba oqibatida tinch aholi vakillaridan ko‘plab kishilar halok bo‘lganidan qattiq tashvishda ekanini bildirgan.

«Bu dahshatli oqibatlarga ega bo‘lgan dahshatli voqea», — degan u qurbonlardan yigirma nafari bolalar ekaniga urg‘u qaratib. «Bu so‘nggi zarbada fuqarolar qilgan fojiali to‘lov — bu urushga yakun yasash zararligi haqida yana bir eslatma», — degan Miller.

Isroil mudofaa armiyasi qo‘mondonligi tinch aholi vakillari orasidagi qurbonlar haqidagi xabar tekshirilishini ma’lum qilgan.

So‘nggi ikki haftada isroillik harbiylar G‘azo sektori shimolida, xususan, Jabaliya, Bayt Hanun va Bayt Lahiyada keng ko‘lamli reydlar o‘tkazmoqda.

Shifoxonadagi reydlar

Isroil zarbasi oqibatida yana 150 kishi yaralangani xabar qilingan.

Bayt Lahiyadagi shifoxona rahbari Hussam Abu Safiya davolash muassasasi dori-darmon va xodimlar yetishmovchiligi tufayli yaradorlarning barchasiga yordam ko‘rsata olmasligini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda bolalarga shoshilinch yordam ko‘rsatilmoqda.

«Shifoxonada birinchi yordam ko‘rsatish vositalaridan boshqa hech narsa qolmagan, ko‘plab shifokorlar va boshqa xodimlar harbiylar tomonidan hibsga olingan», — degan Safiya.

Isroil mudofaa armiyasi harbiylar o‘tgan haftada Hamas jangarilari foydalanayotgani aniqlangan shifoxonalarda reyd o‘tkazilganini ma’lum qilgan.

Isroil qo‘mondonligi izohlashicha, so‘nggi haftalarda G‘azo shimolida o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli amaliyotdan maqsad — Hamasga qayta guruhlanishga yo‘l qo‘ymaslikdir.

Harbiylarning so‘zlariga ko‘ra, jangarilar tinch aholi orasida yashirinmoqda. Hamasdagilar buni rad etadi.

TSAHALning seshanba kuni e’lon qilingan bayonotida so‘nggi bir necha kun ichida Jabaliyada 40 nafar terrorchi o‘ldirilgani, ulardan ayrimlari Isroil texnikalari harakatlanadigan yo‘llarni minalash bilan shug‘ullangani aytilgan.

Ocharchilik xavfi

Xabar qilinishicha, zarba berilgan uyda G‘azo sektorining boshqa hududlaridan Bayt Lahiyaga qochib kelgan o‘nlab kishilar istiqomat qilgan. Foto: AFP

Bu vaqtda G‘azo sektori shimolida gumanitar inqiroz kuchaymoqda, yuz minglab kishilar o‘ta og‘ir sharoitlarda yashamoqda.

O‘tgan haftada BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komissari Folker Turk sektorning butun aholisi isroillik harbiylarning zarbalari, qamal va ocharchilik xavfi ostida ekanini aytgandi.

U shuningdek falastinliklarning qurollangan guruhlari tinch aholi orasida harakatlanib, ularga tahdid solishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Dushanba kuni Isroil parlamenti Knesset — ko‘pchilik ovozi bilan BMT Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) Isroil hamda uning nazorati ostidagi hududlarda ishlashini taqiqlovchi ikkita qonunni qabul qildi.

Isroil UNRWA’ning ayrim xodimlari falastinliklarning radikal guruhlari bilan hamkorlik qiladi deb hisoblaydi.

Isroil razvedkasi agentlikning kamida 12 xodimi Hamasning 2023 yil 7 oktyabr kungi hujumiga aloqador bo‘lganini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid