O‘zbekiston | 18:42 / 30.10.2024
3581
2 daqiqa o‘qiladi

Maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lov tiklanishi mumkin

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, «darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq davlat budjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda».

Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2025—2027 yillarga mo‘ljallangan Budjetnoma (.pdf) loyihasida maktab darsliklari uchun ijara pullarini qayta tiklash taklif etilgan.

Unda qayd qilinishicha, umumta’lim maktablarini darsliklar bilan ta’minlashda ota-onalar ishtirokini oshirish maqsadida 2025/26-o‘quv yilidan 2–11-sinflarda bir to‘plam darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi undirish tizimini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, 2024 yilda bir o‘quvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining o‘rtacha narxi 450−500 ming so‘mni (shundan mashq daftarlari — 100−150 ming so‘mni) tashkil etgan. Hujjatda bir to‘plam uchun 80 ming so‘m (tannarxning 16-18 foizi) miqdorida to‘lovni qayta tiklash taklif etilgan. Ushbu to‘lovlar hisobiga shakllangan 376,6 mlrd so‘m mablag‘ har yili o‘quvchilarni mashq daftarlari bilan ta’minlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltirilishi ta’kidlangan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, «darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq davlat budjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda».

Eslatib o‘tamiz, maktab ta’limi tizimida 2022 yildan beri darsliklar uchun ijara puli olinmayapti.

Mavzuga oid