O‘zbekiston | 18:24 / 30.10.2024
15726
8 daqiqa o‘qiladi

Sovuq tushdi, ammo uylarga issiqlik berilmayapti. Nega?

Ko‘p kvartirali uylarning isitish tizimi hududiy hokimliklar qarori bilan yoqilishi belgilangan. Kun.uz’ning poytaxt hokimiyatidagi manbasiga ko‘ra, Toshkentda bu jarayon qachon boshlanishi noma’lumga o‘xshaydi. “Bizga falonchi kunlar harorat shuncha bo‘ladi, degan xat kelishi kerak. Shunda mavsumni boshlashni tavsiya qilamiz”, deydi u. Mamlakatning boshqa hududlarida ham shu ahvol. Haftaning ikkinchi yarmidan boshlab havo harorati ko‘tarilishi kutilmoqda. Bu issiqlik ta’minoti hali-beri yoqilmasligiga ishora.

Respublikaga sovuq va nam havo kirib kelganiga 2 hafta bo‘lib qoldi. Tarmoqlarda Toshkentdagi ko‘p qavatli uy egalari issiqlik tizimini yoqishni so‘rab, murojaatlar qilishyapti.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqt Toshkent shahrida 11 216 ta ko‘p qavatli uylar bo‘lib, shuning 89 foizi, ya’ni 9 980 tasining issiqlik ta’minoti markazlashtirilgan. Bu shuncha uyda xonadonlar sovib qoldi degani. Xo‘sh, ularga qachondan issiqlik energiyasi beriladi? Kun.uz holatni o‘rganishga urindi.

Uylarga issiqlik berish tartibi qanday?

Vazirlar Mahkamasining 2014 yildagi qaroriga qilingan 1-ilovaga ko‘ra, 5 kun davomida sutkalik tashqi harorat 8 gradusdan past bo‘lgandan keyingi, ya’ni 6-kundan boshlab isitish mavsumi boshlanishi lozim.

Xonalarni isitish ehtiyojlari uchun issiqlik energiyasini berishda isitish davri Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan muddatlarda boshlanadi va tamomlanadi.

Ya’ni joylarda issiqlik tizimi yoqilishi 3 ta asosiy nuqta: “O‘zgidromet”, hududiy hokimliklar hamda issiqlik energiyasini yetkazib beruvchi kompaniya bilan bog‘lanadi.

“Ma’lumot kutyapmiz, havo isib ketadi deyishyapti” – poytaxt hokimligi

Kun.uz’ning Toshkent shahar hokimligidagi manbasiga ko‘ra, Shavkat Umrzoqovning muammodan xabari bor, hokimning o‘z yaqinlari ham ko‘p qavatli uyda turadi.

O‘zimiz ham qiynaldik, qayta-qayta so‘rayapmiz, iloji boricha tezlashtiramiz deyishdi. “O‘zgidromet”dan ma’lumot kutyapmiz, “yana isib ketadi” deyishyapti. Bizga xat kelishi kerak, “falonchi kunlar harorat shuncha bo‘ladi, shunga mavsumni boshlashni tavsiya qilamiz”, degan.

Ishoning, astoydil harakat qilyapmiz. Lekin o‘zining tartibi bor, shunga rioya qilishga majburmiz”, – deydi u tahririyat muxbiri bilan suhbatda.

Shuningdek, manba bu sovuq kunlarda hokimlik aholiga qanday tavsiya berishga hayronligini bildirdi. “Gaz yoqsin desak, is gazidan zaharlanishi mumkin, “konditsioner-obogrevatel” yoqsin desak, 200 kilovatt limit deyishadi...”, – dedi u.

Bu hafta havo harorati 8 gradusdan pasayishi kutilyaptimi?

Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning Gazeta.uz nashriga bergan tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonning joriy hafta boshidagi ob-havosini kichik kattalikdagi antitsiklon jarayoni belgilaydi — u joylardagi havo harorati tunda ham, kunduzi ham sezilarli darajada sovuq bo‘lishiga ta’sir qiladi.

Ushbu davrda mamlakatning katta qismida tongda harorat 0 daraja va -2 darajagacha, Ustyurt platosida hamda tog‘larda -7…- 5 darajagacha sovuq bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Haftaning ikkinchi yarmidan boshlab, qo‘shni Turkmaniston hududlaridan biroz yuqori haroratni taqdim etuvchi issiq-quruq havo to‘lqinlari kirib keladi. Yakshanba kuniga borib, kunduzi O‘zbekistonning aksariyat qismida havo harorati +20…+25 daraja, janubiy viloyatlarda esa +28 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda”, – deydi u.

“O‘zgidromet”ning 28 oktyabrdan 1 noyabrgacha qilgan prognoziga kelsak, 28 oktyabr kuni O‘zbekiston hududi sovuq va nam havo massalari ta’siri ostida bo‘ladi. Havo harorati kunduzi 8-13 darajadan ko‘tarilmaydi.

29 oktyabr kuni kechasi 0-5 daraja iliqqacha, ba’zi joylarda 2 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduzi 10-15 darajagacha biroz ko‘tariladi.

30 oktyabrda faqat sovuq havo massasi mamlakat hududidan chekina boshlaydi, harorat kechasi 2-7 daraja iliqqacha, kunduzi 12-17 darajagacha ko‘tariladi. 31 oktyabr va 1-noyabrda kechalari 2-7 daraja iliq atrofida bo‘ladi, kunduz kunlari 15-20 darajagacha ko‘tariladi. 28-30 oktyabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda tuman tushishi kuzatiladi.

Haftalik ob-havo taxminlaridan kelib chiqsak, haftaning 2-yarmida harorat ko‘tarilishi kutilyapti, bu esa hali-beri issiqlik berilmasligiga ishora bo‘la oladi.

“Daqqisovetlardan qolgan “5 kunlik 8°S” qoidasini bekor qilishga nima xalaqit qiladi?” – iqtisodchi

Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov issiqlik energiyasi berilishiga oid ishlab chiqilgan normani insoniylik qoidalariga zid deb baholamoqda. Uning yozishicha, bunday qoidalar odam odam o‘rnida ko‘rilmagan sovetlar paytida o‘rnatilgan.

Ishonmasangiz, mana, solishtirib ko‘ring: bu sovet mustamlakasi davri qoidalari. Bu O‘zbekiston qoidalari. sovet bosqinchilari Moskva va Leningraddan turib qanday yozgan bo‘lsa, o‘zbek chinovniklari milliy iqlim xususiyatlarini inobatga olmay, shundoq ko‘chirishgan.

Endi, ob-havoga qaraymiz. Garchi ertaga tungi haroratlar minusga tushsa ham, uch kundan keyin yana ko‘tariladi. Ya’ni "otopleniye" ishga tushishi uchun “5 kunlik 8°S” qoidasi talablari yuz bermaydi. Yer muzlaydigan joriy haftani qo‘ying, agar daqqisovetlardan qolgan qoidalarga qaralsa, 10 noyabrgacha ham isitish yoqilmaydi.

Yanayam g‘alati joyini aytaymi? O‘zbek chinovniklari oxirgi 3 yilda bu qoidalarga qarab ham o‘tirmay, isitishni yoqqan. 2021 yil 14 oktyabrdan, 2022 yil 24 oktyabrdan va 2023 yil 6 noyabrdan issiqlik ta’minoti uzatilish mavsumi boshlangan. Lekin shu sanalar atrofida ketma-ket 5 kun harorat 8 darajadan pastga tushmagan.

Ya’ni isitishni yoqishga odamxo‘r sovetlarning normalari emas, toshkentliklarning talablari va bu talablarga quloq solish asos bo‘lgan. Boshqacha aytganda, qaror qabul qilishda xalq sub’yekt hisoblangan. Qiziq, 2024 yildan boshlab xalq sub’yekt emasmi endi?

Buyam mayli, daqqisovetlardan qolgan "5 kunlik 8°S" qoidasini bekor qilishga nima xalaqit qiladi? Qaysidir o‘g‘ri oligarx foydasi uchun 3 soatda qaror qabul qiluvchilar nahotki xalq manfaatiga kelganda jim turishni ma’qul ko‘rishadi”, – deydi u.

Shuningdek, Bakirov postida bu jarayon pul bilan bog‘liq bo‘lsa, o‘tgan yili budjet ahvoli bu yildagidan yomonroq bo‘lganini, keyinchalik balki katta qismi oligarxiya cho‘ntagi uchun budjet subsidiyasi shaqillatib berilayotganini aytib o‘tgan.

Ma’lumot uchun, 29 oktabr kuni Surxondaryo viloyati hokimi 1 noyabrdan ijtimoiy soha obektlari hamda turar joy binolarida isitish tizimi yoqilishi yuzasidan qaror qabul qilgandi.

Erkin Abdulahatov janub viloyat hokimligining shimoldagi viloyat xokimliklaridan oldinroq, birinchilardan bo‘lib issiqlik ta’minot tizimini boshlab berishdagi tashabbusidan hayratga tushganini yozgan.

Mavzuga oid