Borrel: YeI RFdagi siyosiy qatag‘on qurbonlarini unutmaydi
Rossiyada siyosiy qatag‘on qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan qilgan murojaatida Borrel nafaqat sobiq, balki hozirgi siyosiy mahbuslarni ham eslab o‘tdi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Rossiyada siyosiy qatag‘on qurbonlarini xotirlash kuniga bag‘ishlangan bayonot bilan chiqdi. Bu haqda 30 oktyabr, chorshanba kuni Yevropa tashqi harakatlar xizmati rasmiy saytida e’lon qilindi.
«Yevropa Ittifoqi siyosiy qatag‘on qurbonlari xotirasini hurmat qiladi va qurbonlar xotirasini saqlashda davom etayotganlarning fidoyiligini tan oladi», — dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari. Borrelning qayd etishicha, zamonaviy Rossiya hukumati o‘tmishdagi xatolarni tan olmaydi, aksincha, siyosiy qatag‘on qurbonlari reabilitatsiyasini bekor qiladi.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi bosh diplomati bugungi kunda ham o‘z e’tiqodlari tufayli Rossiya qamoqxonalarida qolayotgan odamlarni tilga oldi. «Memorial» inson huquqlari loyihasiga ko‘ra, ularning soni 750 dan ortiq. Borrelning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik siyosiy mahbuslar «doimiy ravishda qiynoqlar va shafqatsiz munosabatga duchor bo‘lishadi» va tibbiy yordam olishdan imkonidan mahrum etiladi, bu esa «sog‘lig‘ining jiddiy yomonlashishiga yoki hatto o‘limga olib keladi, shu yil boshida muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy bilan sodir bo‘lganidek».
Murojaati so‘ngida Jozep Borrel yana bir bor Rossiya hukumatini «repressiv qonunchilikni», jumladan «o‘zlarining tajovuzkor urushi haqidagi haqqoniy ma’lumotlar kriminalizatsiya qilinishi»ni, shuningdek, «chet el agentlari» va «nomaqbul tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunlarni bekor qilishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi «katta shaxsiy tavakkalchilikka va o‘ta og‘ir sharoitlarga qaramay, haqiqatni jasorat bilan aytadigan, inson huquqlari va qonun ustuvorligiga sodiq, erkin, demokratik Rossiya manfaati uchun mehnat qilayotgan Rossiya fuqarolari bilan birdam».
Rossiyada va dunyoda «Ismlarni qaytarish» aksiyasi bo‘lib o‘tdi
Rossiya va boshqa bir qator mamlakatlarda 29 oktyabr kuni siyosiy qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan «Ismlarni qaytarish» tadbiri bo‘lib o‘tmoqda. Uning ishtirokchilari sovet hokimiyati yillarida qatl etilgan, lagerlarga yuborilgan yoki huquqlaridan mahrum bo‘lganlarning ismlarini o‘qib chiqdilar. 2007 yildan buyon aksiyani tashkil qilib kelayotgan «Memorial» inson huquqlari harakati tadbirni jonli efirda namoyish etdi.
Huquq himoyachilariga ko‘ra, ismlarni o‘qish Moskvada boshlanib, Irkutsk, Bremen, Revde, Denver, Drezden va Strasburgda davom etgan. Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, bu yil dunyoning 109 ta shahrida, jumladan, 19 ta Rossiya shahrida «Ismlarni qaytarish» amalga oshirilgan.
«Menimcha, bu juda muhim kun. Bu kunda odamlar hukumatning buyrug‘iga ko‘ra emas, balki o‘z xohishi bilan tarixni eslayapti. Davlat tarixning yagona to‘g‘ri variantini taqdim etishga harakat qilmoqda», — dedi Moskvadagi Solovetskiy toshiga kelgan «Memorial» boshqaruvi raisi Yan Rachinskiy.
Mavzuga oid
23:08 / 31.10.2024
«Boshqa davlatlar ham Pxenyan kabi o‘z qo‘shinlarini Rossiyaga yuborishi mumkin» - ekspert
11:10 / 31.10.2024
AQSh Rossiya mudofaa vazirining besh o‘rinbosariga qarshi sanksiyalar kiritdi
22:23 / 30.10.2024
AQSh Rossiya «do‘stlariga» qarshi sanksiyalar kiritdi
20:32 / 30.10.2024