Jahon | 21:49 / 31.10.2024
1994
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Xitoyning Temu internet-do‘konini jarimaga tortmoqchi

Bryussel internet orqali arzon tovarlarni sotish bilan shug‘ullanadigan kompaniyani YeIning raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunini buzishda gumonlamoqda.

Foto: Reuters

Yevropa komissiyasi Xitoyning Temu onlayn-savdo maydonchasiga nisbatan jarima ishini ochdi. Bryussel internet orqali arzon tovarlarni sotish bilan shug‘ullanadigan kompaniyani YeIning Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunini buzishda gumonlamoqda. Xususan, gap kontrafakt va xavfli mahsulotlar savdosi haqida ketyapti.

Tekshiruvlar davomida Temu internet-sahifasining ko‘rinishi ham o‘rganiladi. Tanqidchilarning hisoblashicha, u xaridorlarda tobelikni keltirib chiqarib, rejalashtirilmagan xarajatlarni yuzaga keltiradigan tarzda yaratilgan.

Yevrokomissiya raisi o‘rinbosari Margret Vestagar Xitoy kompaniyasini sotilayotgan mahsulotlar YeI standartlariga javob berishini ta’minlashga va iste’molchilarga zarar yetkazmaslikka chaqirdi. GFR Iqtisodiyot vazirligi, shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish assotsiatsiyasi Temu va arzon mahsulotlar sotuvchi boshqa internet-do‘konlarga nisbatan qattiq choralar ko‘rilishini talab qilmoqda.

O‘z navbatida Temu Yevroittifoq hukumatlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Yevropa Ittifoqida Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun 2023 yil avgustda kuchga kirgan. U internet-kompaniyalar zimmasiga irqchilik, giyohvandlik vositalari va qalbaki mahsulotlar savdosi, bolalar pornografiyasi va dezinformatsiya tarqalishiga qarshi kurashish majburiyatini yuklaydi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Temu onlayn maydonchasiga egalik qiladigan PDD Holdings kompaniyasi aksiyalari oxirgi bir yilda qariyb 22 foizga qimmatlashgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid