Jahon | 12:30 / 31.10.2024
4393
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Tomahawk haqidagi ma’lumotlar maxfiy edi

Ommaviy axborot vositalarida Ukrainaning Tomahawk raketalarini so‘ragani haqidagi ma’lumotlarning paydo bo‘lishi maxfiylik yo‘qligidan dalolat beradi, dedi Volodimir Zelenskiy.

Foto: news.telegraf.com.ua

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevning Rossiyani to‘xtatib turish uchun Amerikaning o‘rta masofaga uchuvchi «Tomagavk» (Tomahawk) qanotli raketalarini yetkazib berish haqidagi iltimosini tasdiqladi. Biroq u 30 oktyabr, chorshanba kuni Shimoliy Yevropa OAV vakillari bilan suhbat chog‘ida bu Ukraina va AQSh rasmiylari o‘rtasidagi maxfiy ma’lumot ekanini aytdi.

«Ommaviy axborot vositalarida hozir nima bo‘layotganini ko‘ryapsiz: ular Ukraina «Tomagavk» kabi ko‘plab raketalarni olishni xohlayotganini aytishyapti. Lekin bu Ukraina va Oq uy o‘rtasidagi maxfiy ma’lumotlar edi. Bu xabarlarni qanday tushunish mumkin. Bu hamkorlar o‘rtasida hech qanday maxfiy narsa yo‘qligini anglatadi», — dedi Ukraina rahbari.

Tomahawk raketalarining masofasi Kiyev ilgari oz miqdorda olgan ATACMS qattiq yonilg‘ida ishlovchi taktik ballistik raketalaridan yetti baravar ko‘p.

NYT: Zelenskiyning «tiyib turish paketi»ga Tomahawk kiritilgan

Bir kun avval The New York Times (NYT) Zelenskiyning G‘arbga taqdim etgan «g‘alaba rejasi»ning ommaga oshkor etilmagan qismi «yadroviy bo‘lmagan tiyib turuvchi paket»ni o‘z ichiga olgani, u, Kiyevga ko‘ra, Tomahawk raketalarini olishni o‘z ichiga olishi mumkinligini xabar qilgan edi.

Shu bilan birga, yuqori martabali amerikalik mulozimga ko‘ra, Kiyevning iltimosi Vashingtonga «mutlaqo imkonsiz» ko‘rinyapti.

Shimoliy Yevropa OAVga bergan intervyusida Zelenskiy «g‘alaba rejasi» doirasida Qo‘shma Shtatlardan uzoq masofali qurollar paketini nega so‘raganini tushuntirdi. Uning ta’kidlashicha, bu qurollar, birinchi navbatda, Rossiya vaziyatni keskinlashtirgan taqdirda, to‘xtatuvchi vosita bo‘lib xizmat qilishi kerak edi.

«Men bu ogohlantiruvchi usul ekanligini aytdim, ular bu eskalatsiya deb javob berishdi», dedi u.

Mavzuga oid