KXDR qit’alararo ballistik raketa sinovini o‘tkazdi
Raketa Pxenyan hududidan Yapon dengizi tomon uchirilgan va u 87 daqiqa parvoz qilib, Xokkaydo orolidan 200 kilometr uzoqlikka borib tushgan.
KXDR qit’alararo ballistik raketa sinovini amalga oshirdi, deb xabar beradi Koreya Markaziy telegraf agentligi.
Janubiy Koreya harbiylarining ma’lum qilishicha, raketa 31 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:10 da Pxenyan hududidan Yapon dengizi tomon uchirilgan. Raketa 87 daqiqa parvoz qilib, Xokkaydo orolidan 200 kilometr uzoqlikka borib tushgan.
Ta’kidlanishicha, KXDR eng uzoq davom etgan ballistik raketa sinovini amalga oshirgan. Yaponiya hukumatiga ko‘ra, raketa 7 ming metr balandlikka qadar ko‘tarilgan, parvoz uzoqligi esa 1000 kilometrni tashkil etgan. Koreya Markaziy telegraf agentligi bayonotida aytilishicha, sinov parvozi «strategik raketalar kuchi rekordini yangilagan».
KXDR yetakchisi Kim Chen In raketaning uchirilishini — «respublika xavfsizligiga tahdid solgan dushmanlarga qat’iy javob qaytarilishini bildiradigan adolatli va mutlaqo legitim harbiy chora» deb atadi.
Ballistik raketalar uchirilishini Janubiy Koreya, Yaponiya va AQSh qoraladi.
Shimoliy Koreya raketa sinovini AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin va uning Janubiy koreyalik hamkasbi Kim Yen Xen KXDRni o‘z askarlarini Rossiyaga yuborganini qoralaganidan bir necha soat o‘tib amalga oshirdi. Janubiy Koreya va AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan Rossiyaga 11 ming askarini jo‘natgan, ularning 3 ming nafari hozirda front chizig‘i yaqiniga joylashtirilgan.
Shimoliy Koreya oxirgi marotaba qit’alararo ballistik raketalar sinovini 2023 yil 18 dekabrda o‘tkazgan edi.
Mavzuga oid
08:50
AQSh: KXDRning 8 mingga yaqin askari Ukrainada jang qilishga tayyor
23:08 / 31.10.2024
«Boshqa davlatlar ham Pxenyan kabi o‘z qo‘shinlarini Rossiyaga yuborishi mumkin» - ekspert
22:13 / 31.10.2024
Ukraina Kim Chen Inni hibsga olish orderi bo‘yicha XJSga murojaat qiladi
13:50 / 31.10.2024