Sport | 17:54 / 01.11.2024
14938
3 daqiqa o‘qiladi

«Nasaf» – o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston chempioniga aylanib, Toshkent klublarining 23 yillik gegemonligiga chek qo‘ydi

Bugun, 1 noyabrda Superliga 23-turi doirasida «Nasaf» safarda «Lokomotiv»ni mag‘lub etib, muddatdan avval o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi.

Toshkent viloyatining «Do‘stlik» stadionida o‘tgan bahsda Qarshi klubining chempionlik imkoniyati katta ekani sababli Qashqadaryodan tashkiliy tarzda 10ga yaqin avtobuslarda muxlislar olib kelingan edi.

Shiddatli o‘tgan bahsning 35-daqiqasida bosh hakam Ahrol Risqullayev kutilmaganda «Lokomotiv» himoyachisi Ivan Rogachni maydondan chetlatdi va qolgan daqiqalarda «Nasaf» maydonda bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynadi.

73-daqiqada Akmal Mozgovoy supergoli bilan hisobni ochib, yakunda «Nasaf»ga muhim g‘alaba va chempionlikni keltirdi – 1:0.

Shu tariqa, «Nasaf» 23 o‘yindan keyin 52 ochko jamg‘arib, chempionat yakuniga 3 tur qolganda muddatdan avval O‘zbekiston chempioniga aylandi. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari o‘z tarixida ilk bor Superligada chempionlikni qo‘lga kiritib, Toshkent klublarining 23 yillik gegemonligiga chek qo‘ydi.

Bungacha «Neftchi» 2001 yilda O‘zbekiston chempioni bo‘lgan, shundan keyin o‘tgan 23 yil davomida chempionlik faqat Toshkent klublariga nasib qilayotgan edi. Xususan, so‘nggi 5 yil davomida «Paxtakor» chempionlikni hech kimga bermay kelayotgandi. «Nasaf» 2025 yilda O‘zbekiston chempioni sifatida OFK Elit Chempionlar ligasida mamlakatimiz sharafini himoya qiladigan bo‘ldi.

Superliga. 23-tur

«Lokomotiv» - «Nasaf» - 0:1

Bosh hakam: Ahrol Risqullayev

VAR hakami: Edita Mirobidova

Gol: Akmal Mozgovoy, 73.

«Lokomotiv»: 1.Abdumavlon Abdujalilov, 2.Abdulazizxon Abdurashidov (55.Anzur Ismoilov, 58), 3.Valeriy Kichin, 4.Ivan Rogach, 7.Sardor Abdunabiyev, 10.Shodiyor Shodiboyev, 15.Jasurbek Hakimov, 17.Sanjar Tursunov, 22.Muhammadanas Hasanov, 26.Abdulloh Yo‘ldoshev, 70.Abubakrrizo Turdialiyev.

«Nasaf»: 35.Abduvohid Ne’matov, 4.Dilshod Komilov (8.Zafarmurod Abdurahmatov, 46), 6.Murod Rahmatov, 7.Akmal Mozgovoy, 10.Bobir Abdixoliqov (23.Kuach Yuel, 79), 14.Sharof Muhitdinov, 19.Stefan Cholovich, 22.Igor Golban, 28.Shuhrat Muhammadiyev, 32.Zoran Marushich (88.Marko Stanoyevich, 79), 77.Oybek Bozorov.

Chetlatish: Ivan Rogach, 35 (L).

Mavzuga oid