Jahon | 13:08
1845
9 daqiqa o‘qiladi

Livandagi yangi qurbonlar, javob hujumiga tayyorlanayotgan Eron va jangga kirishga hozirlanayotgan KXDR askarlari - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil okkupatsion armiyasining G‘azodagi Nusayrat qochqinlar lageri, Az-Zavayda tumani va sektorning markazidagi Dayr-ul-Balah shahriga qilgan hujumlari natijasida ko‘plab insonlar halok bo‘ldi va yaralandi.

Isroil tanklari G‘azoning shimoliy qismi ichkarisigacha kirib borgan va 100 mingdan ziyod aholini qamal qilgan.

Isroilning G‘azo shimoliga uch haftalik bosqini va hujumlari asosiy xizmatlarning ishlarini falajlantirgan. Ko‘chirilgan insonlar boshpana topgan maktablar va boshqa fuqarolik obektlari qamal qilingan va odamlar G‘azoning janubiga ko‘chishga majburlanmoqda.

Jabaliya, Bayt Lahiya, Bayt Xanunda 100 ming inson tibbiy yordam va oziq-ovqatsiz qiynalmoqda.

G‘azodagi so‘nggi 10 kunlik total blokada natijasida 1000 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi bo‘linmasi bosh direktori Munir Abdulloh al-Barshga ko‘ra, Isroil xalqaro hamjamiyatning sukuti ostida tinch aholini o‘ldirishda, infratuzilmani vayron qilishda davom etmoqda.

Isroil armiyasi G‘azo shimolidagi «Kamol Avdan», «Al-Auda» va Indoneziya shifoxonalarini qamal qilib, tibbiy vositalar yetkazilishiga to‘sqinlik qilmoqda, degan al-Barsh.

2023 yilning 7 oktyabridan buyon G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar soni 183 nafarga yetgani ham ma’lum qilinmoqda. Isroil qo‘shinlari «Alquds Today» telekanalining fotojurnalisti Bilol Muhammad Rajabni o‘ldirishgan.

Isroilning rejalari

Isroil armiyasi muntazam qo‘shinlarda ham, zaxirada ham yanada kattaroq bo‘lishi kerak, degan Isroil bosh shtabi boshlig‘i Hersi Halevi. Harbiy mulozim buning sabablari sirasiga G‘azoga harbiy bosqin uchun yanada kuchliroq armiya kerakligini ham kiritgan.

Armiyani haredim deb ataluvchi, armiyaga borishdan bo‘yin tovlab keladigan ultraordoksal yahudiylar hisobiga oshirishmoqchi. 1948 yildan buyon ular armiyaga chaqirilmagan. Biroq shu yilning yozida Isroilda ularni armiyada xizmatga majburlovchi qonun qabul qilindi.

Falastinliklarni o‘g‘irlash Isroil davlatining an’anasiga aylanib bormoqda.

Isroil G‘azodagi xunrezlikni HAMAS jangchilari tomonidan isroillik fuqarolar garovga olingani bilan tushuntiradi. Biroq Isroilning o‘zi 10 mingdan ortiq falastinlikni garovda ushlab turibdi. O‘g‘irlash va qiynoqqa solish amaliyoti, shuningdek, sudsiz jazolash Isroilning an’anasiga aylangan.

Odam o‘g‘irlash Isroil armiyasining okkupatsiya ostidagi Falastin yerlariga uyushtirgan reydlari chog‘ida ro‘y beradi. Odamlar shafqatsiz kaltaklanadi, uylari vayron qilinadi, avtomobillari, pullari va boshqa boyliklari talanadi.

2006 yildan 2009 yilgacha Isroilning 12-bosh vaziri bo‘lgan Ehud Olmert Amerikaning CNN telekanaliga bergan intervyusida juda muhim bayonotlar qildi.

Sobiq bosh vazirning aytishicha, Isroilning asosiy dushmani HAMAS, «Hizbulloh» yoki Eron emas, amaldagi bosh vazir Binyamin Netanyahudir. Olmertning bu bayonoti Isroil matbuotida keng yoritilayotgan siyosiy muloqotlarga turtki berdi.

Livandagi vaziyat

Isroil aviahujumlari tufayli Livan janubi va sharqida 17 kishi halok bo‘lgan. Kamida 9 kishi og‘ir yaralangan.

Livanning NNA agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil mamlakat sharqidagi Baalbek tumanining Emhez shahriga aviazarba bergan. Natijada 12 kishi xalok bo‘lgan. Hududda odamlarni vayronalar ostidan qutqarish ishlari davom etmoqda.

Baalbekdagi Tariya shahriga berilgan zarba natijasida 2 kishi o‘lgan, 4 kishi yaralangan.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida mamlakat markazidagi Jabali Livan viloyatining Kamatiya shahriga berilgan zarbalarda 3 kishi halok bo‘lgani va 5 kishi yaralangani aytilmoqda.

Livan sog‘liqni saqlash vazirining yozma bayonotida qayd etilishicha, 2023 yilning 8 oktyabridan buyon Isroilning Livanga hujumi natijasida halok bo‘lganlar soni 2897 kishiga, yaradorlar soni 13 ming 150 nafarga yetgan.

Isroil armiyasi 2023 yilning 8 oktyabridan buyon “Hizbulloh”ga qarshi nazoratli to‘qnashuvlarni olib bormoqda. Mutaxassislarning bayonotiga ko‘ra, Isroil bombardimonlari tufayli 100 minglab kishi Livanda majburiy ko‘chgan insonlarga aylangan.

Eronning javob zarbasi

Eron oliy rahnamosi, oyatulloh Ali Xominaiy 28 oktyabr kuni Eron milliy xavfsizligi oliy kengashiga Isroilga javob zarbasini berish bo‘yicha reja tayyorlash vazifasini topshirgani ma’lum bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, islom respublikasining harbiy qo‘mondonligi Isroil hududidagi o‘ntacha harbiy nishonlarning ro‘yxatini tayyorlaydi.

Zarbalar 5 noyabr kuni AQShda prezidentlik saylovlari o‘tkazilganidan so‘ng kutilmoqda. Chunki eronliklar respublikachilar nomzodi Donald Tramp Yaqin Sharqdagi taranglik avj olishidan o‘zining saylovoldi maqsadlari yo‘lida foydalanishini istamayapti.

Isroil razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron yaqin kunlarda Isroilga Iroq hududidan turib hujum qilishga tayyorlanmoqda. Hujumda Eron ko‘p soni pilotsiz parvoz qurilmalari va ballistik raketalardan foydalanadi.

Iroqdagi eronparast kuchlar orqali hujum qilishi Tehronning to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvdan qochishga urinishi bo‘lishi ham mumkin.

Payshanba kuni Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Ali Fadaviy ham ehtimolli hujum haqida ogohlantirgan edi. «Isroil agressiyasiga Eronning albatta javobi bo‘ladi. Biz 40 yil davomida birorta hujumni javobsiz qoldirmaganmiz va Isroilda bor narsalarni yo‘q qila olamiz», — degan u.

Urushga tortilgan KXDR

KXDR tashqi ishlar vaziri Choy Song Hi Ukrainada urush boshlanganining eng dastlabki kunlaridanoq Kim Chyong In Rossiya armiyasiga yordam berishga buyurganini ma’lum qildi.

«Maxsus harbiy amaliyot»ning ilk kunlaridan davlat ishlari raisi, hurmatli Kim Chyong In biz hech kimga e’tibor bermasdan, og‘ishmasdan, Rossiya armiyasiga va Rossiya xalqiga ularning muqaddas urushida yordam berishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz lozimligi haqida ko‘rsatma berdi», — degan Choy Song Hi.

Bu orada AQSh Rossiyaning Kursk oblastiga keltirilgan shimoliy koreyalik askarlar Ukraina qurolli kuchlariga qarshi jangga tashlanishini kutayotganini ma’lum qildi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken esa Xitoyni Pyongyangni tiyish uchun o‘z ta’sir vositalarini ishga solishga chaqirdi.

AQSh davlat kotibining ma’lum qilishicha, Rossiya shimoliy koreyalik askarlarni artilleriya, pilotsiz parvoz qurilmalari bilan ishlash va yerusti operatsiyalari asosiy taktik usullariga o‘rgatmoqda va bu hol ruslarning ushbu kuchlardan frontda foydalanish «niyati»dan darak berishini ma’lum qildi.

Blinken Rossiyada 10 ming KXDR askari borligi va ularning 8 mingi allaqachon ukrain kuchlari avgust oyidan buyon pozitsiyalarni egallab turgan Kursk oblastida ekanini ta’kidlagan.

Bu orada AQSh Ukrainaga 425 mln dollarlik yangi harbiy yordam paketi ajratilishini e’lon qildi.

«Paketdan Ukraina juda muhtoj qurol-yarog‘lar, xususan, havo hujumidan mudofaa tizimlari raketalari, stvolli artilleriya va yalpi o‘t ochish raketa tizimlari uchun o‘q-dorilar, zirhli mashinalar va tanklarga qarshi qurollar o‘rin olgan», — deyiladi Pentagon bayonotida.

Trampning bayonotlari

AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp teleboshlovchi Taker Karlsonga intervyu berdi. O‘z chiqishida u o‘zini Rossiyaning do‘sti deb atayotganlarni «kasal» deb atadi.

«Demokratlar meni Rossiyaning do‘sti deb atashni, Rossiyaga ishlashimni va Rossiyaning josusi ekanimni takrorlashni xush ko‘rishadi. Ular kasal insonlar», — degan Tramp.

U Rossiyaning eng katta loyihalaridan beri Germaniyaga gaz yetkazib berish uchun qurilgan «Shimoliy oqim-2» gaz haydash quvuri bo‘lganini urg‘ulagan: «Men uni yo‘q qildim. Hech kim bunga jazm qilolmagandi. Men epladim. Uni to‘xtatdim», degan Tramp.

Prezidentligi chog‘ida Tramp Germaniyani bu quvur uchun ko‘p tanqid qilgan. U loyihada ishtirok etayotgan nemis kompaniyalariga sanksiyalar bilan tahdid qilgan.

Mavzuga oid