Sport | 12:33 / 03.11.2024
14271
19 daqiqa o‘qiladi

APLda sensatsiyalar kuni, Husanovda ilk qizil. Kun o‘yinlari

Shanba kuni Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: «Arsenal»da ijodiy inqiroz

«Nyukasl» — «Arsenal» 1:0
Gol:
Isak (12).
«Nyukasl» – Poup, Holl, Bern, Sher, Livramento, Uillok (Tonali, 65), Gimaraes (Kelli, 90+5), Longstaff, Joelinton, Isak, Gordon (Barns, 85).
«Arsenal» – Rayya, Timber (Uayt, 71), Gabriel, Saliba, Parti (Jorjinio, 86), Merino (Zinchenko, 61), Rays, Martinelli (Nvaneri, 61), Saka, Haverts, Trossar (Jyezus, 71).
Ogohlantirishlar: Sher (39), Merino (56), Uillok (62), Timber (66), Tonali (71), Jorjinio (88), Poup (90+4), Haverts (90+7).

APLning 10-turini katta o‘yin ochib berdi. O‘tgan mavsumda Chempionlar ligasida o‘ynagan «Nyukasl» o‘z maydonida «Arsenal»ni qabul qildi. Oxirgi ikki mavsumda chempionlik uchun kurashgan londonliklardan muxlislari bu safar ham shuni kutishmoqda. Ammo jamoa qatorasiga uchinchi o‘yinda ochko yo‘qotdi («Bornmut»ga 0:2 hisobida mag‘lubiyat va «Liverpul» bilan 2:2 hisobidagi durangdan keyin). Holbuki, mezbonlar APLda oxirgi besh o‘yinda g‘alaba qozona olmagandi (2 durang va 3 mag‘lubiyat).

«Sent-Jyeyms Park»dagi o‘yin — futbolda shaxslarning o‘rni naqadar muhimligini namoyish etib berdi. «Arsenal»ga hujum chizig‘ida g‘oyalar yetishmayapti, bu esa «kanonirlar» hali jarohatidan tuzalmagan Edegorga qanchalik bog‘liq bo‘lib qolganini ko‘rsatadi. «Qarg‘alar» safida esa an’anaga ko‘ra o‘z uyida «katta oltilik» vakillariga qarshi juda kuchli o‘yin ko‘rsatadigan Gordon bu safar ham yorqin o‘yin ko‘rsatdi. Angliya milliy jamoasi vingeri o‘tgan mavsum boshidan buyon faqat «Tottenhem»ga gol urmagan (ikki o‘yindan bittasida). Top jamoalarga qarshi qolgan o‘yinlarda Gordon yetti gol urgandi, bu safar esa londonliklar darvozasini ishg‘ol etgan Isakka assistentlik qildi va bu uning katta klublarga qarshi o‘yinlardagi to‘rtinchi golli uzatmasi bo‘ldi.

Birinchi bo‘limda «Arsenal»ning eng xavfli vaziyati burchak zarbasi ijro etilganida Merino yaqin masofadan turib zarba yo‘llashi bo‘ldi, ammo to‘pni Lyus Holl to‘sib qoldi. Bu zarba mehmonlarning o‘yin davomida darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan yagona zarbasi bo‘lib qoldi. Isakning goli esa Eddi Hau jamoasiga olti tur davomidagi ilk g‘alabasini nishonlash uchun yetarli bo‘ldi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Rays yaxshi pozitsiyada turib, bosh bilan darvozaga yaxshi zarba bera olmadi va endi «Arsenal» tur yakunlariga ko‘ra kuchli to‘rtlikdan tushib ketishi mumkin.

«Bornmut» — «Manchester Siti» 2:1
Gollar:
Semenyo (9), Evanilson (64) — Gvardiol (82). 
«Bornmut» – Trevers, Kerkez, Senesi, Zabarniy, Smit, Kristi (Adams, 66), Kuk, Taverne (Heysen, 90), Klyuyvert (Bruks, 77), Semenyo, Evanilson (Unal, 77).
«Manchester Siti» – Ederson, Gvardiol, Ake (Lyuis, 73), Akanji, Uoker, Kovachich, Nunesh, Gundo‘g‘an (Doku, 85), Silva, Foden, Holand.
Ogohlantirishlar: Kristi (6), Uoker (71), Adams (90+1).

Turning asosiy sensatsiyasi «Manchester Siti» muxlislarini syurprizlarga o‘rgatib qo‘yayotgan «Bornmut»ga yutqazishi bo‘ldi. Ikki hafta muqaddam «Vitaliti»da «Arsenal» birinchi bo‘limdayoq bir kishi kam bo‘lib qolgach, yutqazgandi (2:0), o‘tgan turda ushbu jamoa Birminghemda «Aston Villa»ga jang taklif etdi (1:1). Amaldagi chempionlarni esa Semenyoning tezkor goli karaxt holatga tushirdi. Ammo bu golni tasodifga yo‘yish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda Evanilson jamoa kuchiga ishonqiramayotganlarga javob qaytardi, u ham Kerkezning uzatmasidan keyin Edersonni dog‘da qoldirdi.

Ikkinchi bo‘limda, Gvardiolning javob golidan oldinroq mezbonlar hisobni yiriklashtirishi va o‘yin oxiridagi asabiylikdan qutulib qolishi ham mumkin edi, ammo darvoza ustuni «shaharliklar»ni qutqarib qolgandi. O‘yinning hal qiluvchi pallasi esa qo‘shimcha daqiqalarda Holandning bosh bilan yo‘llagan zarbasini Travers to‘xtatishi, norvegiyalik hujumchining takroriy zarbasi ustunga borishi bo‘ldi, bir daqiqa o‘tib esa Foden qulay vaziyatdan foydalana olmadi. Shunday ekan, bir kunning o‘zida Xosep Gvardiola jamoasi ikkita rekord seriyasini to‘xtatdi, jamoa bungacha APLda 32 o‘yindan buyon yutqazmayotgandi (shu tariqa, «Arsenal»ning 2003-2004 yillar mavsumidagi 38 o‘yindan iborat bo‘lgan seriyasiga yeta olmadi) va «Bornmut»ga qarshi barcha 14 o‘yinda g‘alaba qozongandi. Ammo asosiysi — «Siti» turnir jadvalidagi peshqadamlikni «Liverpul»ga boy berdi.

«Liverpul» — «Brayton» 2:1
Gollar:
Gakpo (69), Saloh (72) — Kadio‘g‘li (14). 
«Liverpul» – Kelleher, Tsimikas, van Deyk, Konate (Gomes, 46), Aleksander-Arnold, Mak Allister (Jons, 66), Gravenberh, Gakpo, Soboslai (Dias, 66), Saloh (Bredli, 90+1), Nunes (Endo, 77).
«Brayton» – Verbryuggen, Estupinyan, Igor Julio, van Hekke, Veltman (Gruda, 76), Mitoma (Adengra, 87), Ayyari (Viffer, 76), Hinshelvud (Fergyuson, 88), Kadio‘g‘li (Moder, 87), Uelbek, Ryutter.
Ogohlantirishlar: Mak Allister (45), Kadio‘g‘li (83).

Bir necha kun oldin «Liverpul» «Brayton» mehmoni bo‘lgan va «chaykalar»ni Angliya liga kubogidan chiqarib yuborgandi (3:2). Ammo o‘shanda Fabian Hyurseler o‘z yetakchilariga dam bergandi va bu «Enfild»dagi o‘yinni kuchliroq boshlashga imkon berdi. 14-daqiqadayoq Uelbekning uzatmasidan keyin Ferdi Kadio‘g‘li olis burchakni aniq nishonga oldi. Turkiyalik yarimhimoyachi — «Brayton»ning joriy mavsumda gol urgan 10-futbolchisi bo‘ldli. Bu jamoada istalgan futbolchi raqiblarni hayron qoldirishi mumkin, ammo birinchi golda hal qiluvchi ishni bajargan Ryutter Kelleher bilan duelni boy berdi va hisob o‘zgarmay oldi.

Qizillarda ham vaziyatlardan foydalanishda oqsash kuzatildi. Ikkinchi bo‘limda Saloh yakkama-yakka vaziyatda to‘pni Verbryuggen ustidan oshirib tashlamoqchi bo‘lganida darvozabon to‘pni to‘xtatishga ulgurdi. Uch kun oldingi o‘yinda dubl qayd etgan Gakpo ham qulay vaziyatda xato zarba berdi, ammo aynan niderlandiyalik futbolchi o‘yinda burilish yasadi. Amalda u jarima maydoni ichkarisiga uzatma bergandi, ammo Nunesning harakati darvozabonni chalg‘itdi va to‘p hech kimga tegmagan holda darvoza to‘riga borib tushdi. Keyin esa mersisaydliklarning namunali qarshi hujumi Saloh yuqori burchakni aniq nishonga olishi bilan yakunlandi. «Liverpul» — peshqadam, Arne Slot esa —  klub tarixida APLdagi ilk o‘n o‘yinidan sakkiztasida g‘alaba qozongan ilk murabbiyga aylandi.

Italiya: «Yuventus»ga ustunlar yordam berdi, «Milan»da qiyin g‘alaba

«Udineze» — «Yuventus» 0:2
Gollar:
Okoyye (19, avtogol), Savona (37). 
«Udineze» – Okoyye, Janetti, Biyol (Modesto, 88), Kabasele (Eboss, 46), Zemura (Kamara, 67), Exizibue, Payyero, Karlstrem, Lovrich (Sarraga, 46), Toven (Lukka, 68), Devis.
«Yuventus» – Di Gregorio, Kambiyazo (Danilo, 81), Kalulu, Gatti, Savona (Kabal, 81), Tyuram (Makkenni, 70), Lokatelli, Kopmeyners, Vea (Mbangula, 87), Yildiz, Vlahovich (Konseysau, 71).
Ogohlantirishlar: Biyol (47), Lokatelli (58), Devis (84), Gatti (90+1). 

Udineda darvoza ustunlari «Yuventus»ga yordam berdi. Jamoaning ikki zarbasi ham ustunga tekkaniga qaramay golga aylandi. Birinchi holatda Hefren Tyuram hujumga o‘tganida uning zarbasidan keyin to‘p avval ustunga, keyin darvozabonning yelkasiga tekkan holda darvoza to‘riga yo‘l oldi. Ikkinchi golli hujumda ham kichik Tyuram to‘pni jarima maydonigacha olib borib, Kenan Yildizni to‘p bilan ta’minladi, turkiyalik yarimhimoyachi zarbasidan keyin to‘p ustun qaytdi va unga birinchi bo‘lib himoyachi Savona yetib keldi. Bu gollar oralig‘ida mezbonlar hujumchisi Devisning zarbasi ustunga tekkandi, ikkinchi bo‘limda ham omad mehmonlarga kulib boqdi. Avvaliga arbitr hujumda fol qayd etib, «Udineze»ning golini bekor qildi, keyin esa Lukkaning zarbasidan keyin darvoza to‘sini turinliklarni muqarrar goldan qutqarib qoldi. Yorqin startdan keyin biroz sustlashgan Tiagu Motta shogirdlari ichki chempionatdagi ikki durang va Chempionlar ligasida «Shtutgart»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin yana g‘alaba qozonishni boshladi.

«Monsa» — «Milan» 0:1
Gol:
Reynders (43).
«Monsa» – Turati, Karboni (Kaprari, 78), Mari, Itsso, Maldini, Mota (Vinyato, 65), Kiryakopulos, Pedru Pereyra (D`Ambrozio, 65), Byanko, Bondo (Valoti, 87), Jurich (Marich, 78).
«Milan» – Menyan, Teo, Pavlovich, Tiav, Terrachchano (Kalabriya, 89), Reynders, Fofana, Pulishich (Musa, 89), Okafor (Leau, 63), Chukvueze (Loftus-Chik, 81), Morata.
Ogohlantirishlar: Morata (47), Jurich (52), Bondo (83).

Paulu Fonseka o‘rtada qandaydir mojaro borligini inkor etmoqda, ammo «Milan»ning asosiy yulduzi Rafael Leau qatorasiga uchinchi turda ham zaxirada qoldirildi va faqat oxirgi yarim soatda o‘ynashga chiqdi. Murabbiy boshlang‘ich tarkibni to‘g‘ri tanlaganiga ishontirmoqda, ammo rossonerilar o‘yinida qiyinchilik yuzaga kelmoqda. Morataning zarbasidan keyin to‘p hisobni ochgan Reyndersga borib tushgunicha, mehmonlarni ikki bor Menyan qutqarib qoldi, Maldini esa o‘ta qulay vaziyatdan foydalana olmasdan, qadrdon jamoasini kechirdi. U yana bir bor qulay pozitsiyada turib xato zarba berdi, ammo bu hujumda unga to‘p uzatgan sherigi katta ehtimol bilan ofsaydda edi va gol bo‘lganda ham videotakrordan keyin bekor qilingan bo‘lardi. Ikkinchi bo‘limda rossonerilar vaziyatni tenglashtirishdi, Leau esa ikkinchi golni ham urib, o‘yin masalasiga nuqta qo‘yishi mumkin edi, ammo u jarima maydoniga yorib kirib yo‘llagan zarbasi bilan darvozabonni alday olmadi. Jamoa YeChLda «Real»ga qarshi kechadigan o‘yin oldidan kayfiyatni yaxshilab oldi.

Germaniya: Keynni to‘xtatib bo‘lmayapti

«Bavariya» — «Union» Berlin 3:0
Gollar:
Keyn (15 penalti, 51), Koman (43). 
«Bavariya» – Noyyer, Devis (Aznu, 80), Kim Min Je (Goretska, 69), Upamekano, Gerreyru, Palinya (Dayyer, 69), Kimmih, Olise (Sane, 69), Koman, Musiala (Myuller, 74), Keyn.
«Union» Berlin – Rennov, Kverfeld, Fogt (Russiyon, 80), Duki, Hollerbax (Vertessen, 60), Chon Vu Yon (Haberer, 69), Diogu Leyte, Trimmel, Xedira, Kemlyayn (Shefer, 69), Sebatsho (Skarke, 60).
Ogohlantirishlar: Kemlyayn (31), Xedira (84).

O‘tgan mavsumdagi inqirozdan keyin o‘ziga kelib olgan «Union» bu mavsum to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan va Myunxendagi o‘yinda birinchi bo‘limning birinchi yarmida raqib hujumlariga dosh berib turdi — keyin esa Olisega ishlatilgan fol uchun belgilangan penaltini Keyn aniq amalga oshirdi. Oldingi uch uchrashuvini safarda o‘tkazgan uy arenasini sog‘inib qolgan «Bavariya» yorqin futbol namoyish etdi. Sevimli jamoasi bilan uchrashuvni kutgan muxlislar ham yirik hisobdagi g‘alabani sovg‘a qilib olishdi, Vensan Kompani jamoasi bu gollar evaziga «kuchli beshlik» chempionatlari jamoalari orasida birinchi bo‘lib 50 gollik dovonga yetdi. Bunda zamonaviy futbolning eng yaxshi hujumchilaridan biri Keynning hissasi katta, u avvaliga Komanning goliga pas berdi, keyin esa ushbu fransuz tashlab bergan to‘pni bosh bilan darvozaga yo‘llab, yakuniy hisobni o‘rnatdi. Keyinroq o‘tkazilgan o‘yinda esa «Leypsig» yutqazdi va myunxenliklar turnir jadvalida yakkapeshqadam bo‘lib qolishdi.

«Borussiya» D — «Leypsig» 2:1
Gollar:
Bayyer (30), Girassi (65) — Sheshko (27).
«Borussiya» D – Mayyer, Bensebayni, Shlotterbek, Jan, Gross, Nmecha, Brandt, Gittens (Malen, 79), Zabitser (Azhil, 67), Bayyer (Kempbell, 90+4), Girassi.
«Leypsig» – Gulachi, Gertryuyda, Orban, Klostermann, Henriks (Bitshiabu, 70), Nusa (Uedraogo, 82), Vermeren, Aydara (Kampl, 64), Baumgartner (Elmaz, 64), Sheshko (Poulsen, 70), Openda.
Ogohlantirishlar: Baumgartner (8), Bayyer (21), Bensebayni (34), Henriks (35), Gertryuyda (40), Kampl (81), Azhil (90+7).

Dortmundda sobiq jamoasiga qarshi o‘ynagan Marko Roze «ho‘kizlar» bosh murabbiyi sifatidagi 100-o‘yinini o‘tkazdi, mehmonlar birinchi bo‘limda ilk zarbadayoq hisobni ochishdi — Openda tovoni bilan uzatgan pasdan keyin Sheshko o‘tkir burchakdan turib darvozani ishg‘ol etdi.

Lekin bungacha ham bir necha bor xavfli vaziyatlar yaratgan «Borussiya» tezda hisobni tenglashtirdi. Gulachi Gittensning zarbasini qaytardi, ammo shu hujumdan keyin belgilangan burchak zarbasi Nmecha havodagi kurashda ustun kelganida to‘pni darvozaga to‘g‘rilab yuborgan Bayyer yangi jamoasidagi ilk golini urishi bilan yakunlandi. U ikkinchi bo‘limda g‘alaba golini urgan Girassiga assistentlik qildi. Nuri Shahin jamoasi o‘n futbolchi jarohatda ekaniga qaramay, g‘alabaga erishdi. Mavsumdagi beshta uy o‘yinida ham g‘alaba qozongan dortmundliklar «Union»ni quvib o‘tib, ochkolar soni bo‘yicha «Bayyer»ga yetib oldi va uchinchi o‘rindagi «Ayntraht»ni bir ochkolik farq bilan ta’qib qilmoqda.

Fransiya: Husanovda ilk qizil

«PSJ» — «Lans» 1:0
Gol:
Dembele (4).
«PSJ» – Safonov, Mendesh, Pacho, Markinos, Hakimi, Fabian Ruis (Zair-Emeri, 71), Vitinya, Joau Nevesh, Barkolya, Asensio (Due, 71), Dembele (Li Kan In, 61).
«Lans» – Samba, Husanov, Danzo, Gradi (Sarr, 63), Machado, Chaves, Diuf (David Koshta, 80), Tomasson (Al Enaui, 63), Zaruri (Labo-Laskari, 80), Nzola, Sotoka (Ojyediran, 20).
Ogohlantirishlar: Husanov (45+1), Gradi (47), Markinos (57), Diuf (62), Danzo (86).
Chetlatish: Husanov (60).

«Lans» kuchli raqibga qarshi o‘yinda tezkor gol o‘tkazib yubordi, bu hujumda avvaliga mehmonlar himoyachisi qanotda Barkolyani to‘xtata olmadi, u qanot bo‘ylab harakatlanib, jarima maydoniga kirib kelgan Usmon Dembeleni golli pas bilan ta’minladi, o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov esa uni qo‘riqlay olmadi. «Lans»ning hujumdagi ishlari ham o‘xshamadi, jamoaning faqat ikki zarbasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi va ikki holatda ham parijliklar posboni Safonov ishonchli harakat qildi. Ikkinchi bo‘limda esa Husanov raqib hujumini to‘xtatishga urinib, Ashraf Hakimiga fol ishlatdi. Bosh hakam avvaliga vaziyatni e’tiborsiz qoldirgandi, videotakrordan keyin esa shusiz ham sariq kartochkasi bor himoyachiga to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatdi. Shundan keyin mezbonlar katta qiyinchiliksiz g‘alabali hisobni ushlab qoldi va turnir jadvalidagi peshqadamlikni davom ettirdi.

Kun statistikasi

Sami Ugurlu («Qosimposho») Turkiya superligasida «Beshiktosh»ni qatorasiga to‘rt o‘yinda mag‘lub etgan 1-murabbiy bo‘ldi.

«PSJ» hujumchisi Barkolya joriy mavsumda 10 samarali ball (8+2) ishlagan 1-fransuz futbolchi bo‘ldi.

Franchesko Farioli «Ayaks»ning klubdagi ilk yilida «Feyyenoord»ni ham, PSVni ham mag‘lub etgan 2-mutaxassis bo‘ldi, bungacha bu natija 2017 yilda Marsel Keyzer tomonidan qayd etilgan.

PSV forvardi Lyuk de Yong «Ayaks» darvozasini qatorasiga 8 o‘yinda ishg‘ol etmoqda. Niderlandiyada bir raqibga qarshi bunday seriya oxirgi marta o‘tgan asrning 80-yillarida kuzatilgan.

«Ayntraxt» hujumchisi Umar Marmush Germaniya chempionatining dastlabki to‘qqiz turida 10 gol urdi. Misrlik futbolchi bu bilan Entoni Yyeboaning 1993 yilgi natijasini yaxshilab, klub rekordini o‘rnatdi.

«Sautghempton» APLda 22 o‘yindan buyon g‘alaba qozona olmayotgandi. «Avliyolar»ning noxush seriyasi 2023 yil mayida start olgandi va 2024 yil 2 noyabrida «Everton» bilan o‘yinda to‘xtadi (1:0).

«Nottinghem» hujumchisi Kris Vud APLda 23 gol urdi. Yangi zelandiyalik 32 yoshli ushbu hujumchi yana bir aniq zarba bilan Brayan Royga tegishli bo‘lgan klub rekordini takrorlaydi.

Liga 1da dastlabki o‘n turdagi 29 gol — «PSJ»ning 2018 yildan buyon eng sermahsul mavsumi bo‘lmoqda.

«Montilivi» stadionida la liga doirasida yil boshidan buyon 62 gol urildi. «Jirona»ning uy arenasi bu borada «Santyago Bernabeu» («Real») va «Keramika» («Vilyarreal»)ning ko‘rsatkichlaridan ancha yaxshiroq ko‘rsatkich qayd etmoqda, ikkinchi o‘rindagi stadionlarda muxlislar 53 tadan gol ko‘rishgan.

Mavzuga oid