Jahon | 18:21 / 04.11.2024
1504
2 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda havo ifloslanishi me’yordan 60 baravar oshgani sababli maktablar yopildi

Lohur shahri ma’muriyati ofis xodimlarining yarmini masofaviy ishlashga o‘tkazdi, odamlarni zarurat bo‘lmasa uydan chiqmaslikka chaqirdi.

Foto: Reuters

Pokistonning ikkinchi yirik shahri Lohur ma’muriyati maktablarni yopdi va fuqarolarni havoning kuchli ifloslanishi sababli uyda qolishga chaqirdi, deb xabar berdi Reuters.

IQAir monitoring kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, shahardagi havo sifati «xavfli» darajada qolmoqda. Lohurda qon aylanish va nafas olish tizimlariga zarar yetkazuvchi, ifloslantiruvchi PM2.5 zarralari konsentratsiyasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya qilgan yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan 60 baravar yuqori ekani aniqlangan.

Atrof-muhitni transport vositalaridan ifloslanishini kamaytirish uchun ofis xodimlarining yarmi masofaviy ishlashga o‘tkazilgan. Rasmiylar havo sifatining yomonlashishini qo‘shni Hindistondan havoni ifloslantiruvchi shamollar bilan bog‘lamoqda.

IQAir reytingiga ko‘ra, ayni paytda Hindiston poytaxti Nyu-Dehli havosining ifloslanish darajasi ham «xavfli» darajada.

2 noyabrdan 3 noyabrga o‘tar kechasi Toshkent shahri havosida zaharli zarrachalar miqdori JSST tasdiqlagan me’yordan 93,2 barobar ko‘p bo‘lgani qayd etilgan edi.

Mavzuga oid