Jahon | 17:00
620
3 daqiqa o‘qiladi

O‘tgan yuz yilda sunami 260 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi - BMT

5 noyabr BMT tomonidan Butunjahon sunami haqida xabardorlik kuni deb e’lon qilingan.

Foto: AP

2015 yil dekabr oyida BMT Bosh Assambleyasi 5 noyabrni Butunjahon sunami haqida xabardorlik kuni deb e’lon qildi. BMT matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Bosh Assambleya barcha davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shuningdek, fuqarolik jamiyatini sunami xavfidan jamoatchilik xabardorligini oshirishga va tajriba almashishga chaqirgan.

Ushbu kunni e’lon qilish tashabbusi Yaponiyaga tegishli bo‘lib, u erta ogohlantirish, sunami oqibatlarini bartaraf etish va ofatlar xavfini kamaytirish sohasida katta tajriba to‘plagan.

«Tsunami» so‘zi ikki yapon so‘zidan kelib chiqqan - «tsu» (port, bandargoh) va «nami» (to‘lqin). Tsunami - bu dengiz to‘lqinlarining kuchli seriyasidir. Aksariyat hollarda sunami zilzilalar oqibatida yuzaga keladi. Tsunamini keltirib chiqaradigan boshqa hodisalarga okean yaqinida yoki okeandagi vulqon otilishi, suv osti cho‘kindilarining harakati, toshlarni suvga cho‘ktiradigan qirg‘oq ko‘chkilari yoki inson faoliyati yoki meteorit ta’siridan kelib chiqqan okeandagi yirik tebranishlar kiradi.

Ko‘pincha sunami qirg‘oqqa turbulent suvning vertikal devori sifatida yopiriladi, bu juda halokatli bo‘lishi mumkin.

Butunjahon sunamidan xabardorlik kunini o‘tkazishdan asosiy maqsad ushbu ofat bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish va aholining bunday hodisalarga tayyorgarligini oshirishdan iborat.

Qayd qilinishicha, oxirgi 100 yilda sayyorada 58 ta sunami sodir bo‘lgan. Ular 260 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi. Ushbu ofatlarning har biri o‘rtacha hisobda 4600 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan, bu boshqa tabiiy ofatlardan ko‘p. Eng halokatlisi 2004 yil dekabr oyida Hind okeanidagi sunami bo‘lib, 14 mamlakatda 227 ming kishi halok bo‘lgan. Eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlar Indoneziya, Shri-Lanka, Hindiston va Tailand bo‘ldi.

Dunyo miqyosida qirg‘oqbo‘yi past hududlarida va rivojlanayotgan kichik orol davlatlaridagi 700 milliondan ortiq odam dengiz sathidagi ekstremal hodisalarga, jumladan sunamiga duchor bo‘lmoqda.

Mavzuga oid