Jahon | 21:31 / 06.11.2024
667
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya muhim infratuzilmalar himoyasini kuchaytirish niyatida

Mamlakatda muhim infratuzilmalar xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan qonun loyihasi Germaniya hukumati tomonidan qabul qilindi. U energetika, transport, moliya va sog‘liqni saqlash kabi 11 ta sektorni o‘z ichiga oladi.

Foto: Picture alliance

Germaniya hukumati mamlakatni qo‘poruvchilik, teraktlar va tabiiy ofatlarga qarshi yaxshiroq tayyorlash niyatida. Muhim infratuzilmalar xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan qonun loyihasi 6 noyabr kuni Vazirlar mahkamasi tomonidan qabul qilindi.

«Biz Germaniyani yanada barqaror va inqirozlardan himoyalangan davlatga aylantiramiz. Shuning uchun biz oldingiga qaraganda inqiroz va falokatlarga yaxshiroq tayyorlangan bo‘lishimiz kerak», — deydi ichki ishlar vaziri Nensi Fezer.

Qonun loyihasi aholini ta’minlash va iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun qaysi infratuzilma obektlari zarurligini belgilaydi. U energetika, transport, moliya va sog‘liqni saqlash kabi 11 ta sektorni o‘z ichiga oladi. Ushbu obektlarning operatorlari uchun qanday xavfsizlik choralari qabul qilinishi kerakligi belgilanadi.

Shu bilan birga, barcha ehtimoliy havflarni — tabiiy ofatlardan tortib, qo‘poruvchilik, terrorchilik hujumlari va inson xatolarini hisobga olishni talab qiladigan yondashuv qo‘llanadi. Mazkur talablar bajarilmasa yoki davlat normalariga rioya etilmasa 50 mingdan 500 ming yevrogacha jarima qo‘llanadi.

«Rossiyaning Yevropadagi tajovuzi, qo‘poruvchilik va teraktlar bizning xavfsizligimizga tahdid solmoqda. Iqlim o‘zgarishi tufayli biz yog‘ingarchilik va suv toshqinlari kabi tabiiy ofatlarga tez-tez duch kelyapmiz. Shu bois muhim infratuzilmalar himoyasi — shifoxonalardan tortib, elektr va suv ta’minotlari tizimlarigacha — birinchi darajali ahamiyatga ega», — deydi Fezer.

Mavzuga oid