O‘zbekiston | 14:08
2018
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Falastin qochoqlariga yordam berish agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni keskin qoralaymiz

"G‘azo sektori va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlarni, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon bo‘layotganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi", dedi prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida nutq so‘zladi.

Davlat rahbariga ko‘ra, tashkilot doirasida siyosiy va xavfsizlik masalalarida muloqotlarni tizimli davom ettirish, umumiy manfaatlardan kelib chiqib, xalqaro muammolar bo‘yicha yakdil va aniq pozitsiyani faol ilgari surish maqsadga muvofiqdir.

"Bu o‘rinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. G‘azo sektori va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlarni, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon bo‘layotganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish bo‘yicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni ham keskin qoralaymiz.

Mazkur ko‘p yillik nizoning yagona yechimi – xalqaro me’yoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967 yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, keyingi hafta Ar-Riyod shahrida arab-musulmon davlatlari sammiti o‘tadi. Prezident unda bu muammoga aniq siyosiy yechim topilishiga umid bildirdi.

"Xavfsizlik haqida to‘xtalganda, Afg‘oniston masalasi Tashkilotimiz doirasida doimo diqqatimiz markazida bo‘lishi lozim. Bu borada vazirlar va ekspertlar darajasidagi muntazam muloqot mexanizmini yo‘lga qo‘yish muhimdir.

Afg‘onistondagi o‘tkir muammolarni hal etishda amaldagi hukumatga yordam ko‘rsatish, bu davlatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga keng jalb etish, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarish masalalari albatta ko‘rib chiqilishi lozim, deb hisoblaymiz", dedi O‘zbekiston prezidenti.

Mavzuga oid