Jamiyat | 20:35 / 07.11.2024
709
2 daqiqa o‘qiladi

2 tup chinorni kesgan shaxs tabiatga 199 million so‘m zarar yetkazdi

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida 1 tup ko‘p yillik chinor tagidan kesib tashlangani, yana bir chinorga qasddan shikast yetkazilgani aniqlangan.

Foto: Ekologiya vazirligi

Yangiyo‘l tumanida Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi inspektorlari tomonidan ekologik nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Unda tumanning “Xalqabod” MFY O‘zbekiston ko‘chasida 1 tup ko‘p yillik chinor daraxti tag qismidan kesilgani va yana 1 tup ko‘p yillik chinorga qasddan shikast yetkazilgani aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, huquqbuzarlikni Toshkent shahri Chilonzor tumani Gavhar ko‘chasida yashovchi fuqaro X.D. sodir etgan. “U “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalari talablarini buzgan va tabiatga 199 million so‘mdan ortiq zarar yetkazgan”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Ekovazirlik tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgani va holatga huquqiy baho berish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborilganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisida 2024 yilning dastlabki 6 oyida Toshkent shahrida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 87 ta holat aniqlangani va tabiatga 817,3 mln so‘m zarar yetkazilgani ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid