Jamiyat | 19:11 / 07.11.2024
783
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan cheklamoqchi

Keyingi hafta mamlakat parlamentiga bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashga qaratilgan qonun loyihasi taqdim etiladi.

Foto: Getty Images

Keyingi hafta Asvtraliya parlamentiga 16 yoshgacha bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashga qaratilgan qonun loyihasi taqdim etiladi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Entoni Albaniz ma’lum qildi.

Ushbu qonun nima sababdan qabul qilinishi kerakligini tushuntirar ekan, u ijtimoiy tarmoqlar avstraliyalik bolalarga yetkazayotgan zararni minimallashtirish lozimligini ta’kidladi.

«Avstraliyalik oilalar shuni bilishini istardimki, hukumat sizga yordam beradi», — deydi Albaniz.

Bosh vazirning qayd etishicha, hukumat qonun loyihasini ishlab chiqishda nafaqat ota-onalar, pedagoglar, bola tarbiyasi bo‘yicha mutaxassislar bilan, balki platformalar bilan ham maslahat qilgan.

Hozirda Avstraliyada ko‘plab ijtimoiy platformalarda 13 yoshdan katta bolalarga akkaunt ochishga ruxsat beriladi, biroq tug‘ilgan yilini xato ko‘rsatish orqali ushbu talablarni chetlab o‘tish juda oson.

Avvalroq Norvegiya bosh vazir Yonas Gar Styore mamlakat hukumati 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash niyatida ekanini ma’lum qilgandi. Hukumat rahbarining aytishicha, bu «oson kurash» bo‘lmaydi, ammo «bolalar ijtimoiy tarmoqlardagi zararli kontentlardan himoyalanishi kerak». 

Mavzuga oid