Mask bor kuchi bilan respublikachilarni targ‘ib qildi. Tramp uni qanday taqdirlaydi?
Donald Trampning Oq uyga qaytishi uning eng faol tarafdorlaridan biri, jahonning eng boy kishilari ro‘yxatini boshqarib turgan Ilon Maskning foydasiga ishlashi mumkin.
Amerikalik milliarder Ilon Maskning boyligi uning Tesla kompaniyasi aksiyalari o‘sishi fonida 26,5 milliard dollarga oshgan. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Trampning g‘alabasidan keyin qimmatli qog‘ozlar narxi 15 foizga oshib, har bir aksiya uchun 289 dollarni tashkil qildi.
Saylovdan keyingi tunni Mask Tramp bilan, uning Floridadagi Mar-a-Lago kurortida o‘tkazdi va so‘nggi yangiliklarni birgalikda kuzatib turdi.
«Bugun Amerika xalqi [Trampga] o‘zgarishlar uchun mutlaq kart-blansh berdi», — deya yozgan X ijtimoiy tarmog‘i (sobiq tvitter) egasi Trampning g‘alabasiga shubha qolmaganidan keyin o‘ziga tegishli platformada.
Palm-Bichdagi konferens-markazda qilgan g‘alaba nutqida Tramp bir necha daqiqa davomida yig‘ilganlarga Maskni maqtab, yaqinda SpaceX ishlab chiqargan raketa muvaffaqiyatli qo‘ngani to‘g‘risida gapirdi — bu ham Maskka tegishli yana bir kompaniya.
Mask iyul oyida respublikachilarning Pensilvaniya shtati Batler shahridagi mitingda o‘tkazilgan mitingi chog‘ida sodir etilgan suiqasddan keyinoq Trampning faol tarafdoriga aylangandi.
Shundan keyin milliarder uning saylovoldi kampaniyasi uchun qariyb 120 mln dollar xayriya qildi.
U shuningdek saylov kunidan oldingi haftalarda Trampga g‘alaba zarur bo‘lgan shtatlarda davomatni oshirish bo‘yicha kampaniya o‘tkazib, uning doirasida shtatlardagi saylovchilar orasida har kuni 1 mln dollarlik lotereya o‘ynashni yo‘lga qo‘ydi. Filadelfiya shahri okrug prokurori Larri Krasner Maskning siyosiy lotereyasini «milliy saylovlarga haqiqatda ta’sir ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan» firibgarlik deb atadi va uni to‘xtatishni talab qildi. Ammo sud buni taqiqlamadi: milliarderning advokatlari pul oluvchilar tasodifan tanlanmaganiga ishontirishdi.
Mask Trampni o‘z nomi, pullari bilan qo‘llab-quvvatlab, o‘z platformasini respublikachilarga taqdim etgach, Trampning qayta saylanishi uning eng ashaddiy tarafdoriga yorqin istiqbollarni ochadi.
Saylangan prezident allaqachon o‘zining ikkinchi muddatida Maskni ma’muriyatiga taklif etib, davlat organlaridagi isrofgarchilikka chek qo‘yish vazifasini topshirishini aytgan.
Maskning o‘zi ehtimoliy rolini «Hukumat samaradorligi departamenti» (Department of Government Efficiency) deb atagan, bu nomning abbreviaturasi u faollik bilan targ‘ib qilayotgan DOGE kriptovalutasiga mos keladi.
Tadbirkor hozirda hukumat sun’iy yo‘ldoshlarini uchirish bozorida dominantlik qilayotgan SpaceX kompaniyasidagi ulushi orqali ham Trampning prezidentligidan yutishi mumkin.
Oq uyda yaqin ittifoqchiga ega bo‘lgan Mask hukumatdagi aloqalaridan qo‘shimcha foyda chiqarib olishga harakat qilib ko‘rishi mumkin.
Avval Mask raqobatchilari, jumladan Boeing kompaniyasidagi tuzilmalarni ular olgan davlat shartnomalari uchun tanqid qilgandi, uning fikricha, bu shartnomalar muddatlar buzilishi va budjet xarajatlari ortiqcha sarflanishini rag‘batlantirgan.
Bundan tashqari, yaqindan SpaceX josus sun’iy yo‘ldoshlar yaratish bilan shug‘ullana boshladi, Pentagon va Amerika maxsus xizmatlari esa bunday loyihalarga milliardlab dollar ajratishga tayyor.
Maskka tegishli bo‘lgan va elektromobillar ishlab chiqaradigan Tesla kompaniyasi ma’muriyat shartnomalarini yutib olish uchun barcha imkoniyatlarga ega, Tramp esa «davlat tomonidan tartibga solishni qisqartirish» o‘z ma’muriyati uchun ustuvor vazifa bo‘lishini aytgan.
Bundan tashqari, Tramp o‘z saylov kampaniyasi davomida korporatsiyalar va badavlat kishilarga soliqlarni kamaytirishni va’da qilgan. Mask esa bu va’da bajarilishidan eng ko‘p manfaatdor odam bo‘ladi.
Mavzuga oid
21:33 / 07.11.2024
Dunyoning eng badavlat o‘n kishisi Trampning qayta saylanishi tufayli rekord darajada boyidi
21:20 / 07.11.2024
Tramp tarafdorlari AQShdan noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilishga tayyorlanmoqda – OAV
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
18:42 / 07.11.2024