O‘zbekiston | 10:53
469
2 daqiqa o‘qiladi

Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin 

O‘zbekiston va Misr suv ta’minoti va suv resurslarini boshqarish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilmoqda.

Foto: Depositphotos

O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi tashabbusi bilan misrlik tadbirkor, The Bell Group kompaniyasining strategiya menejeri Haysam Hussayn, Veolia kompaniyasining O‘zbekistondagi vakili Shaxin Butuila, "O‘zsuvta’minot" AJ, Samarqand viloyati va shahri hokimliklari, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Moliya va iqtisodiyot vazirliklari mutasaddilari ishtirokida VKA shaklida uchrashuv tashkil qilindi.

Unda Samarqand viloyatining tuman va shaharlarida suv ta’minoti, oqova suvlar va isitish tizimlarini modernizatsiya qilish, suv xo‘jaligi tizimini boshqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

Muloqot chog‘ida, xorijiy hamkorlar viloyatning barcha hududlarida suv sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, tizim samaradorligini yaxshilash, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida boshqaruvni yo‘lga qo‘yish va zarur investitsiyalarni jalb etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida Bell Group va Veolia kompaniyalari tomonidan yaqin vaqt ichida Samarqand viloyatida amalga oshiriladigan loyihalar konsepsiyasini taqdim etish, "O‘zsuvta’minot" AJ va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan esa ushbu takliflarni o‘rganish va o‘z xulosasini bildirish hamda kelgusida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid