Jahon | 14:33
556
2 daqiqa o‘qiladi

YUNISEF: G‘azoda ikki kun ichida 50 dan ortiq bola halok bo‘ldi

BMT Bolalar jamg‘armasi ijrochi direktorining aytishicha, 48 soat ichida Isroil armiyasi Jabaliyada yuzlab odamlar boshpana topgan ikkita binoni vayron qilgan.

Foto: Anadolu Agency

YUNISEF ijrochi direktori Ketrin Rasselning aytishicha, Isroil tomonidan blokada ostidagi G‘azo sektorining shimoliy hududlariga so‘nggi paytlarda uyushtirilgan hujumlar «50 dan ortiq bolani o‘ldirgan».

Rassel o‘z bayonotida, 48 soat ichida Isroil armiyasi Jabaliyada yuzlab odamlar boshpana topgan ikki binoni vayron qilganini aytdi. U, shuningdek, Isroil vertolyoti YuNISEF xodimining shaxsiy mashinasiga hujum qilgani haqida xabar berdi, buning natijasida mashina shikastlangan, ammo hech qanday jarohatlar yo‘q.

Bundan tashqari, Shayx Ridvon hududida, emlash klinikasi yaqinidagi hujumda «kamida uch bola» jarohatlangan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Jabaliya, klinika va YuNISEF xodimlariga qilingan hujumlar G‘azo sektoridagi tinch aholiga pala-partish zarbalar ayanchli oqibatlarining yana bir dalilidir.

Uning ta’kidlashicha, Isroil xalqaro gumanitar qonunlarni bir necha bor buzgan, bu esa mintaqadagi inqirozni yanada kuchaytirmoqda.

Rassel Isroilni YUNISEF xodimlariga qilingan hujumni zudlik bilan tekshirishga va aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi va a’zo davlatlarni bolalar himoyasi uchun o‘z ta’siridan foydalanishga chaqirdi. «Bu mojaro ancha oldin tugashi kerak edi», deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid