O‘zbekiston | 18:17 / 08.11.2024
3722
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh ortidan Britaniya ham O‘zbekistonning Uzstanex kompaniyasiga qarshi sanksiya kiritdi

Britaniya hukumati qarorida aytilishicha, Uzstanex Ukrainani beqarorlashtirishda yoki uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligini buzishda ishtirok etgani uchun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Foto: Google Maps

Buyuk Britaniya hukumati «Ukrainadagi urushda Rossiyani qo‘llab quvvatlagani uchun» O‘zbekistonning Uzstanex kompaniyasini sanksiyalar ro‘yxatiga (.odt) kiritdi.

Uzstanex kompaniyasi StanexGroup holdingi tarkibiga kiradi. Kompaniya O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda uskunalarni sotadi va sozlaydi.

Buyuk Britaniya hukumati qarorida aytilishicha, Uzstanex Ukrainani beqarorlashtirishda yoki uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligini buzishda yoki Ukrainani beqarorlashtirishga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xizmatlar yoki mablag‘lar, iqtisodiy resurslar, tovarlar yoki texnologiyalar bilan ta’minlashda ishtirok etgani uchun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registriga ko‘ra, Uzstanex 2018 yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Amalga oshiradigan faoliyat turi – mexanik dastgohlarning ulgurji savdosi. Ustav fondi 65 mln so‘m. Yagona ta’sischisi – Abramov Vasiliy Vitalevich, direktori – Boysov Dmitriy Aleksandrovich. Kompaniya Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan.

Avvalroq, AQSh Moliya vazirligi ham Uzstanex kompaniyasiga nisbatan sanksiya kiritgan edi. Departament qarorida ta’kidlanishicha, kompaniya «Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etgan», jumladan, Uzstanex tomonidan xarid qilingan dastgohlar Xitoyda joylashgan kompaniyalar orqali Rossiyaga yetkazib berilgan.

Mavzuga oid