Jahon | 15:47 / 09.11.2024
1541
3 daqiqa o‘qiladi

Shols Bundestagga muddatidan oldin saylovlar sanasini muhokama qilishga tayyor

Germaniya kanslerining so‘zlariga ko‘ra, EDP hukmron koalitsiyadan chiqqanidan keyin saylovlar sanasini xotirjamlik bilan kelishib olish kerak. Muxolifat yetakchisi Mers saylovlarni Tramp inauguratsiyasidan bir kun oldin o‘tkazishni taklif qilgan.

Foto: Denes Erdos/AP Photo/picture alliance

Germaniyada hukumat koalitsiyasi bo‘linib ketganidan so‘ng Germaniya kansleri Olaf Shols Bundestagga muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish sanasi bo‘yicha murosa qaroriga tayyorligini bildirdi. «Biz bu sanani iloji boricha xotirjam muhokama qilishimiz kerak», dedi u 8 noyabr, juma kuni Budapeshtda bo‘lib o‘tgan YeIning norasmiy sammitida.

Bundestag fraksiyalari o‘rtasida saylovga qadar qabul qilinishi kerak bo‘lgan qonun loyihalarini ma’qullash masalalarini muhokama etish chog‘ida ishonch votumi bo‘yicha ovoz berishning maqbul vaqti haqidagi savolga ham javob topish mumkin, deya qo‘shimcha qildi Shols.

Mers saylovlarni Tramp inauguratsiyasidan bir kun oldin o‘tkazishni taklif etmoqda

Ayni paytda, eng yirik muxolifat partiyasi – Xristian-demokratik ittifoq (XDI) rahbari Fridrix Mers 20 yanvar kuni AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp inauguratsiyasidan oldin Bundestagga muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish zarur, deb hisoblaydi. «Germaniyada yangi saylovlar 19 yanvarda bo‘lib o‘tishi mumkin», dedi u Stern haftaligi va RTL telekanaliga. Muxolifat yetakchisi bu sanaga hali 2,5 oy borligini ta’kidlab, to‘rt hafta ichida muddatidan oldin saylovga tayyorgarlik ko‘rish mumkin bo‘lgan Fransiya tajribasiga to‘xtalib o‘tdi.

Mers so‘zlariga ko‘ra, Sholsning saylovlarni mart oyida o‘tkazish taklifi uning taktik mulohazalarini yashiradi va u 2 mart kuni Hamburgda mahalliy saylovlarni kutmoqchi. Sotsial-demokratlar yetakchisi keyinga qoldirish orqali o‘z partiyasining mavqeyini yaxshilashga umid qilmoqda, deydi u.

O‘z navbatida, Germaniya hukumati rasmiy vakili o‘rinbosari Kristiane Hoffmanning ta’kidlashicha, Shols Mersning kanslerga ishonch masalasini Bundestagda 13 noyabrda ovozga qo‘yish talabini rad etgan. Shu kuni Shols Bundestagda mavjud vaziyat haqida hukumat bayonoti bilan chiqadi.

Germaniyada hukmron koalitsiya parchalandi

Germaniyada Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSPD), Erkin demokratik partiya (EDP) va «Ittifoq-90/«yashillar» partiyasidan tashkil topgan hukmron «svetofor koalitsiyasi» parchalandi. Germaniya kansleri Olaf Shols mart oyida muddatidan oldin saylov o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun 15 yanvar kuni Bundestagda o‘z hukumatiga ishonch masalasini ovozga qo‘yadi. Bu haqda 6 noyabr kuni kechqurun Shols ma’lum qildi.

Kansler vitse-kansler Robert Habekning Germaniyaning kelajakdagi siyosiy yo‘nalishiga tezkorlik bilan aniqlik kiritish zarur degan fikrga qo‘shilganini aytdi. Rojdestvoga qolgan haftalar ichida Shols Bundestagda tezkor qabul qilishni talab etuvchi, xususan, sanoatni favqulodda qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, pensiyalarni barqarorlashtirish choralarini ko‘rishni talab qiladigan barcha qonun loyihalarini ovozga qo‘yish niyatida.

Mavzuga oid