«Izolyatorlar to‘lib ketgan» – Oliy sud raisi sudyalar qat’iyatsizligining oqibatlari haqida
Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov advokatlar bilan ochiq muloqotda qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi prokuror iltimosnomalari sudlar tomonidan ommaviy qanoatlantirilayotganini bildirdi. Natijada O‘zbekistondagi vaqtincha saqlash izolyatorlari to‘lib ketgan. Islomov muammo yangi tergov hibsxonalarini qurish bilan hal qilinmasligi kerakligini ta’kidlagan.
9 noyabr kuni Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov boshchiligidagi sudyalar Advokatlar palatasi raisi Shuhrat Sodiqov va O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan advokatlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Oliy sud matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, muloqotda himoya huquqi bilan ta’minlash chog‘ida yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlari, odil sudlovga erishish borasida advokatlarning o‘rni va rolini yanada oshirish hamda sud majlislarida tortishuv tamoyiliga to‘liq rioya etilishiga doir masalalar muhokama qilingan. Shuningdek, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgan omillar va ularni bartaraf etish borasida zarur taklif va mulohazalar bildirildi.
«Advokat» jurnali rasmiy telegram-kanalida uchrashuvda qatnashgan yuristlar tomonidan muloqotda ko‘tarilgan ayrim masalalarning tafsilotlari ham keltirildi.
Oliy sud raisi Baxtiyor Islomovning aytishicha, sudyalarda qat’iyat yetishmayapti. U advokat so‘roviga javob bermagan yoki yetarlicha javob bermagan mansabdor shaxslar qolib ish yurituvchi, yordamchi kabi advokat so‘roviga javob qaytarishga vakolatli bo‘lmagan xodimlar javobgarlikka tortilayotganini aytgan. «Haqiqiy aybdorni jazolash uchun sudyalarimizda qat’iyat yetishmayapti», dedi Oliy sud raisi.
Oliy sud raisi respublikada sudya kadrlarga o‘tkir ehtiyoj yo‘qligini, har yili yetarlicha sudya shtatlari ochilayotganini, biroq ularning malakasi hali talab darajasida emasligini tan oldi.
Shuningdek, Baxtiyor Islomov qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnomalar sudlar tomonidan deyarli yoppasiga qanoatlantirilayotganini ta’kidlagan.
«Darvoqe, qamoq ehtiyot chorasi ommaviy (97 foiz hollarda) qo‘llanayotgani haqida gap ketganida Oliy sud raisi «izolyatorlar to‘lib ketgan»ini aytdi. Baxtiyor Islomovga ko‘ra, bunaqa holat ilk bor 2001 yilda kuzatilgan.
O‘shanda vaqtincha saqlash joylaridagi shart-sharoitni o‘rganish uchun idoralararo komissiya tuzilgan edi. Hozir ham o‘shanga o‘xshash vaziyat bo‘lyapti. Lekin muammo yangi tergov hibsxonalarini qurish bilan hal qilinmasligi kerak», dedi Oliy sud raisi.
Ma’lum bo‘lishicha, uchrashuvda advokat Bahrom Salomov qamoq ehtiyot chorasini qo‘llashda suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun ayblov organi zimmasiga gumonlanuvchi tergovdan qochishi yoki guvohlarga bosim o‘tkazishi mumkinligini isbotlab berish kabi aniq majburiyatlar yuklashni taklif qilgan.
Mavzuga oid
15:50 / 09.09.2023
“Bizning xalq befarq emas” – sudlar va sudyalar faoliyati haqida ochiq suhbat
07:53 / 31.08.2023
Sudyalikka talabgorlar sinovlarda nega 0 ball olganiga izoh berildi
08:06 / 08.08.2023
Navalniy 18-marta jazo izolyatoriga yuborildi
12:14 / 04.08.2023