Jahon | 13:35 / 12.11.2024
4420
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar, tergovdagi Netanyahu va saylovdan yutgan Ilon Mask - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Yaqin Sharqdagi vaziyat

Isroilning G‘azo bo‘ylab bergan zarbalaridan so‘ng aka-singil jurnalistlar halok bo‘lishdi. Falastinlik jurnalistlar Zahro Abu Sahil va uning akasi Ahmad Abu Sahilning jasadi vayron bo‘lgan binolar ichidan chiqarib olingan. Ular G‘azodagi Tuffah shaharchasida joylashgan Fahad as-Saboh maktabida jon saqlayotgan bo‘lishgan. Jurnalistlar bilan birga ularning otasi ham halok bo‘lgan.

G‘azo media ofisining xabariga ko‘ra, Isroil agressiv urush boshlagandan buyon 188 nafar jurnalistni o‘ldirgan.

Isroilning so‘nggi sutka ichida G‘azo va Livanga bergan aviazarbalari natijasida 40 nafar falastinlik va 53 nafar livanlik o‘ldirilgan. Eng ajalvor zarbalardan biri G‘azoning Jabaliya tumanidagi turar joy binolaridan biriga to‘g‘ri kelgan.

Uch qavatli binoning qulashi natijasida 24 kishi halok bo‘lgan, 30 dan ortiq inson yaralangan. Halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi ayollar va bolalar. Sabra tumanidagi boshqa aviazarba oqibatida ijtimoiy ta’minot bo‘limi xodimi, uning rafiqasi, bolalari va nevaralari halok bo‘lgan.

Livanda esa Bayrutdan shimoldagi Jbayl tumanidagi Almat qishlog‘i ko‘p jabr ko‘rgan aholi punkti bo‘ldi. Bu yerda Isroil zarbasi oqibatida 23 nafar inson halok bo‘lgan. Ularning 7 nafari yosh bolalar.

Tergovdagi Netanyahu

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu korrupsiya ishi bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi. Korrupsiya ishi bo‘yicha o‘ziga nisbatan uchta alohida jinoiy ish ochilgan Netanyahuning ko‘rsatmalar berish jarayoni bir necha hafta vaqtni olishi xabar qilinmoqda.

Netanyahu o‘ziga nisbatan 2019 yilda qo‘zg‘atilgan korrupsiya ishi doirasida ko‘rsatmalarni 2 dekabrdan boshlab okkupatsiya qilingan Sharqiy Quddusdagi okrug sudida bera boshlaydi.

Netanyahu G‘azo va Livanda olib borilayotgan urushlarni ro‘kach qilib, ko‘rsatmani tinglashni keyinroqqa qoldirishni so‘ragan.

Uning advokatlariga ko‘ra, xavfsizlik sohasidagi voqealar Netanyahuga sudga ko‘rsatma berish uchun tayyorlanishga fursat qoldirmagan.

2019 yilning 21 noyabrida Isroil bosh prokurori Avihay Mandelblit Netanyahuni poraxo‘rlik, ishonchni suiiste’mol qilish va shaxsiy maqsadlarda xizmat mavqeyidan foydalanishda ayblab, uchta jinoyat ishi ochishni talab qilgan. Bu ishlar bo‘yicha ilk sud majlisi 2020 yilning 24 mayida bo‘lib o‘tgan. Shundan so‘ng Netanyahu Oliy sudning mustaqilligini cheklovchi islohotlar o‘tkazmoqchi bo‘lib, mamlakatda keng norozilik namoyishlariga yo‘l ochib bergan.

Agar ayblov hukmi chiqadigan bo‘lsa, Netanyahu 10 yilga qamalishi mumkin. Hozircha u o‘ziga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarni rad etib kelmoqda.

Pizishkiyon ko‘rinmay qoldi

Eron prezidenti ikki qo‘shni davlat — Saudiyada o‘tgan arab-islom sammiti va Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida ochilgan COP29 iqlim konferensiyasida ko‘rinish bermadi.

IRNA axborot agentligining xabariga ko‘ra, Pishizkiyon Saudiyadagi sammitni “zich grafik tufayli” o‘tkazib yuborgan. Ar-Riyodga birinchi vitse-prezident Muhammadrizo Orif borgan.

Eron prezidentining Bokudagi COP29 sammitida ishtirok etmayotganiga yarimrasmiy Fars axborot agentligi uchta sabab keltirgan: tadbirda Isroilning qatnashish ehtimoli, Qorabog‘ urushidan so‘ng Ozarboyjon bilan munosabatlarda kuzatilayotgan taranglik va BMTning mazkur sammitda iqlim bilan bog‘liq talablarning ilgari surishi. Bu talablarning Eronga iqtisodiy oqibatlari 52 mlrd dollarni tashkil etishi mumkin.

Shols Putin bilan muzokaralarga tayyor

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqotni qayta tiklamoqchi va “tez orada” suhbatlashish uchun “qulay fursat” kelishini ta’kidlagan. Nemis yetakchisining ma’lum qilishicha, suhbat avvalida ko‘plab aloqalar va Ukraina doxil ittifoqchilarning ma’qullovi kerak bo‘ladi.

«Men mas’uliyatli siyosatchiman va bu ishni yakka o‘zim amalga oshirmayman», — degan kansler, Yevropada barqarorlikni ta’minlab turish uchun kompleks yondashuv muhimligiga urg‘u berib.

Avvalroq, oktyabr oylarining o‘rtalarida ham Shols Putin bilan Ukrainada adolatli tinchlik o‘rnatish masalasini muhokama etishga tayyorligini ma’lum qilgan edi. Biroq Rossiya yetakchisi Berlin bilan muloqotni rad etgan.

So‘nggi marta kansler Putin bilan 2022 yilning dekabrida suhbatlashgan. Bu Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng ularning birinchi va yagona suhbati bo‘lgan. Suhbat asnosida Shols Rossiya va Ukraina mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini izlab topishi kerakligini ta’kidlagan.

Trampning yaqqol g‘alabasi

AQSh prezidentligiga saylangan Donald Tramp AQShning so‘nggi 40 yillik tarixida ilk bor ikkilanayotgan 7 ta shtatning barchasida g‘alaba qozongani ma’lum bo‘ldi.

Eng so‘nggi ovoz natijalari Arizona shtatidan keldi va bu yerda ham Tramp saylovchi vakillarning 11 ta ovozini qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘ldi. Bungacha Tramp prezident bo‘lish uchun talab qilingan 270 ta ovozni to‘plab bo‘lgan edi. Arizonaning ovozi bilan qo‘shib hisoblanganda uning to‘plagan ovozlari soni 312 taga yetdi.

Uning raqibi, demokratik partiya vakili, amaldagi vitse-prezident Kamala Harris 226 ta ovoz jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.

AQShning tarixan ikkilanuvchi, ovozlari soni dam demokratlar, dam respublikachilar tomonga o‘tib turadigan shtatlari sirasiga Pensilvaniya, Shimoliy Karolina, Michigan, Viskonsin, Jorjiya, Nevada va Arizona kiradi. Ulardan olinadigan umumiy ovozlar soni 93 taga teng.

Darvoqe, Tramp yangi prezidentligi davrida to‘rt yil davomida respublikachilar siyosatini tanqid ostiga olib kelganlarni kattiq ta’qib qilishni maqsad qilgan. Yangi saylangan prezident allaqachon ijtimoiy va irqiy adolat talab qilgan “uyg‘oq” generallarni bo‘shatish niyatida ekanini aytgan.

Bundan tashqari, Tramp Pentagonning fuqarolardan iborat apparatini tozalab, tajribali xodimlar o‘rniga o‘zining tarafdorlarini joylashtirmoqchi. Ekspertlarning ogohlantirishicha, bunday harakat idoraning samaradorligiga tiklab bo‘lmas zarar yetkazadi.

AQShning BMTdagi yangi elchisi

Donald Tramp Isroilning ashaddiy tarafdorini AQShning BMTdagi elchisi lavozimiga tanlab oldi.

Tramp dushanba kundan boshlab o‘zining yangi ma’muriyatini tuza boshlagan. Eliz Stefanikni esa BMTdagi elchi lavozimiga qo‘ygan hamda uning «eng avvalo Amerika manfaati uchun nihoyatda kuchli, shafqatsiz va aqlli kurashchi» ekanini aytgan.

Stefanikning tanlanishi AQShning BMTga nisbatan ancha qat’iy kursidan darak beradi. Chunki u avval xalqaro tashkilotni Isroilga nisbatan pozitsiyasi uchun bir necha bor tanqid ostiga olgan.

Xo‘sh, Eliza Stefanik yana nimalari bilan mashhur?

Kongressvumen Stefanik — Isroilning ashaddiy tarafdori. U shu yil ichida Isroil parlamentiga ham kelgan va shunday degan: «Men butun umr Isroilga havas qilib kelganman va ularni qo‘llayman, men Isroil va yahudiy xalqining haqiqiy do‘stiman».

U Isroil «to‘liq g‘alaba qozonishi» uchun AQSh tomonidan qurol-yarog‘lar hech qanday shartlarsiz yetkazib berilishini qo‘llab keladi.

U BMTning Falastin bo‘yicha agentligi — UNRWA’ni “antisemitizm uyasi” deb atagan. BMTning o‘zini ham chirigan, antisemit idora deb atagan.

U Harvard va Pensilvaniya universiteti rektorlarini Falastin taraf bo‘lib o‘tkazilgan namoyishlar uchun iste’foga chiqargan Kongressning yetakchi a’zolaridan biri sanaladi.

U Eronga maksimal bosim o‘tkazilishi tarafdori.

Yutgan Ilon Mask bo‘ldi

AQSh prezidenti saylovlarida yutgan Ilon Mask bo‘ldi. Saylov arafasida Tesla aksiyalarining narxi oshishi evaziga so‘nggi ikki yil mobaynida ilk marta uning boyligi 300 mlrd dollarga oshdi. Bu O‘zbekiston kabi davlatlarning uch yillik yalpi ichki mahsuloti hajmiga teng.

Keskin o‘sishga Tramp ma’muriyatining Mask biznesi uchun qulay muhit yaratib berishi mumkinligi xususidagi optimistik qarashlardan so‘ng ro‘y berdi.

Masalan, Tramp AQShda Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillar savdosini taqiqlashni va’da qilgan. Bu esa Mask o‘z Teslaʼlariga asosiy raqobatchilardan mahrum bo‘layotganini anglatadi.

Qayd etib o‘tish kerakki, Trampning Mask tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ham sezilarli bo‘ldi: jahonning eng boy odami Tramp foydasiga saylov uchun 130 mln dollar xayriya qildi, eng asosiy shtatlarda Tramp uchun omma oldida chiqishlar qildi.

Endi esa Maskning Tramp ma’muriyati bilan yaqin aloqalari kompaniyani tekshiruvlardan xalos qilishi, davlat shartnomalarini juda tez qo‘lga kiritishi, uning Tesla va SpaceX loyihalari muvaffaqiyatini ta’minlovchi umumiy ishbilarmonlik muhiti shakllanishini anglatishi mumkin.

Mavzuga oid