Jahon | 18:44 / 12.11.2024
18951
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda avtomobil odamlar ustiga bostirib borishi oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mashina haydovchisi oilaviy ajrim tufayli kelib chiqqan mulkiy mojaro natijalaridan norozi bo‘lgani uchun mashinani odamlar ustiga haydashga qaror qilgan.

Xitoyning Chjuxay shahrida avtomobil odamlar ustiga bostirib borishi oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy politsiyaga tayanib, South China Morning Post xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa oqibatida shuningdek, 43 kishi jarohat olgan.

Mazkur hodisa 11 noyabr kuni shahardagi sport markazi yaqinida yuz bergan. Avtomobilni 62 yoshli erkak boshqarib ketayotgan bo‘lgan — u yashirinishga uringan vaqtida qo‘lga olingan. Ayni vaqtda haydovchi o‘ziga yetkazgan jarohati tufayli shifoxonada komada yotibdi. Nashrning aniqlik kiritishicha, erkak o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, erkak ajrashganidan keyin mulkiy mojaro natijalaridan norozi bo‘lgani uchun mashinani odamlar ustiga haydashga qaror qilgan.

Guvohlarning ta’kidlashicha, fojia yuz bergan paytda sport markazi hududida odamlar sayr qilayotgan bo‘lgan. Jabrlanganlar orasida keksalar, o‘smir va bolalar ham bor.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilda Fransiyaning Nitssa shahrida yuk mashinasi odamlar ustiga katta tezlikda bostirib borgandi. O‘shanda terakt oqibatida 80 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi jarohatlangan edi. Yuk mashina haydovchisi politsiya tomonidan yo‘q qilingan.

 

Mavzuga oid