Jamiyat | 20:10 / 12.11.2024
3097
4 daqiqa o‘qiladi

Ziroat Mirziyoyeva Bokuda yoshlarning iqlimga oid tashabbuslarini keng qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi

O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Ozarboyjonda «Yoshlarning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha harakatlardagi yetakchiligi» mavzusida tashkil etilgan forumda ishtirok etdi.

Foto: O‘zA

O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva joriy yilning iqlim siyosati va barqaror rivojlanish sohasidagi asosiy voqeasining qator tadbirlarida ishtirok etmoqda. Sammit doirasida «Yoshlarning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha harakatlardagi yetakchiligi» mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Ozarboyjon hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Ziroat Mirziyoyeva, Ozarboyjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva, Turkiya birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘an, Qirg‘iziston birinchi xonimi Oygul Japarova ishtirok etdi. Shuningdek, Qozog‘iston, Tojikiston, Vengriya, BMT tuzilmalari va xalqaro tashkilotlarning yuqori martabali vakillari, mazkur mamlakatlarning yosh ekofaollari qatnashdi.

Uchrashuv avvalida mehmonlar ekofaollar tomonidan ishlab chiqilgan «Indivisible» («Bo‘linmas») badiiy installyatsiyasi bilan tanishdi. Panno quroq texnikasida ishlangan bo‘lib, undagi har bir mato parchasi mamlakatlar uchun noyob bo‘lgan va yo‘qolib borayotgan o‘simlikni anglatadi. Tabiiy merosni asrab-avaylashga da’vat etuvchi ushbu loyiha tabiat va insoniyat bo‘linmasligini yodga soladi.

O‘zbekiston birinchi xonimi, «Zamin» xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva o‘z nutqida qardosh Ozarboyjon hukumati va xalqini SOR-29 yuksak saviyada tashkil etilgani bilan tabrikladi, shuningdek, Haydar Aliyev jamg‘armasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan qo‘shma forumni shaxsan qo‘llab-quvvatlagani uchun birinchi vitse-prezident, birinchi xonim Mehribon Aliyevaga minnatdorlik bildirdi.

Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari yosh avlod – go‘daklar, bolalar va o‘smirlar hayotiga katta ta’sir ko‘rsatayotgani, ularning millionlab tengdoshlari tabiiy ofatlardan, qurg‘oqchilikdan, suv va oziq-ovqat tanqisligidan har kuni aziyat chekayotgani qayd etildi.

«Bu hodisalarga qarshi kurashni yosh avlodsiz, uning ongli va faol ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ushbu nufuzli minbardan turib, bugun Markaziy Osiyo va Turkiy xalqlar yoshlari ham mana shu global harakatning ajralmas qismi sifatida shakllanayotganini qayd etish menga katta faxr bag‘ishlaydi», — dedi Ziroat Mirziyoyeva.

Tadbir davomida O‘zbekiston, Vengriya, Ozarboyjon, Tojikiston, Turkiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston ekofaollari hukumatlarni yosh avlodning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq jarayonlarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishga chaqiruvchi bayonot bilan chiqdi. Shuningdek, yoshlar mintaqaviy, shu jumladan O‘zbekistonda o‘tkazilgan ekologik oromgohlar davomida ishlab chiqilgan iqlimga oid tashabbuslarini taqdimot qildi.

«Forumning asosiy voqeasi – O‘zbekiston, Ozarboyjon, Vengriya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkiya tomonidan 2024-2030 yillarda Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda bolalar va yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha xalqaro strategiyaning imzolanishi bo‘ldi.

Yosh ekofaollarning tavsiyalariga asoslangan ushbu hujjat iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalarida davlat organlari, ta’lim muassasalari, jamoat va ilmiy tashkilotlar, bolalar va yoshlar o‘rtasidagi samarali hamkorlik uchun global zamin yaratishga qaratilgan. Strategiya yosh avlodning ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishga, jumladan, ekologik ta’lim va «yashil» ko‘nikmalarni rivojlantirishga ham xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid