Jamiyat | 23:41 / 13.11.2024
2755
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga 245 mln so‘mlik qo‘l soatlar va zargarlik buyumlarini yashirincha olib o‘tishga uringan shaxslar to‘xtatildi

Pekindan qaytgan yo‘lovchi qiymati 145 mln so‘mlik, Dubaydan qaytgan yo‘lovchi esa 60 mln so‘mlik qimmatbaho soatni «yashil» yo‘lak orqali olib o‘tmoqchi bo‘lgan.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Toshkent xalqaro aeroporti chegara-bojxona posti xodimlari qiymati 245 million so‘mlik qimmatbaho metall va toshlardan ishlangan qo‘l soatlari hamda zargarlik buyumlarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘ydi. Bu haqda «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Pekindan qaytgan yo‘lovchi qiymati 145 million so‘mlik, Dubaydan qaytgan yo‘lovchi esa 60 million so‘mlik qimmatbaho soatni «yashil» yo‘lak orqali olib o‘tishga uringan vaqtida to‘xtatib qolingan.

Har ikkala holatda ham soatlar jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojsiz olib kirish me’yoridan ortiqcha bo‘lgan.

Istanbul—Toshkent reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan yo‘lovchi esa ruxsat etilgan 65 ramm og‘irlikdagi zargarlik buyumlaridan tashqari yana 40 million tilla taqinchoqlarni olib kirishga uringan vaqtida fosh qilingan. Qiymati 50 million so‘mlik ushbu zargarlik buyumlari shaxsiy ko‘rik davomida yo‘lovchining cho‘ntagida aniqlangan.

Jismoniy shaxslarga shaxsiy ehtiyoj uchun 65 gammgacha og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi. Ammo bu tovarlarni bojsiz olib kirishning umumiy me’yorlari doirasida bo‘lishi kerak. Masalan, havo yo‘llari orqali O‘zbekistonga kirib kelishda 2 ming dollargacha qiymatdagi tovarlarni bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi.

Avvalroq «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postida qiymati 380 million so‘mlik zargarlik buyumlarini yashirincha olib o‘tishga uringan shaxs to‘xtatib qolingan edi.

Mavzuga oid