Jahon | 16:05 / 13.11.2024
17108
14 daqiqa o‘qiladi

Trampning yangi odamlari. Oq uydagi muhim lavozimlarni kimlar egallaydi?

Saylangan prezident allaqachon o‘zining bo‘lg‘usi ma’muriyatini shakllantirishni boshladi.

Donald Tramp va Marko Rubio. Foto: Ryan M. Kelly / AFP / Scanpix / LETA

AQSh davlat departamenti (Davlat kotibi)

Tramp ma’muriyatida tashqi siyosat idorasini katta ehtimol bilan floridalik senator Marko Rubio egallaydi — bu haqda dastlab The New York Times o‘z manbalariga asoslanib xabar tarqatdi, keyin Amerikaning boshqa ko‘plab yirik nashrlari bu ma’lumotni tasdiqladi.

Jurnalistlarga ko‘ra, bu borada hali yakuniy qarorga kelinmagan, ammo so‘nggi haftalar davomida Amerika diplomatiyasi rahbari lavozimi haqida gap ketganda asosan Rubio familiyasi tilga olingan.

Amerika nashrlari yozishicha, Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtida Rubio nomzodini vitse-prezidentlik uchun ham ko‘rib chiqqan, ammo yakunda Jyey Di Vens nomzodiga to‘xtalgan, Rubio esa uning ishonchli vakili sifatida tanlangan.

53 yoshli Rubio chindan ham bu lavozimni egallasa, bu uning Tramp bilan munosabatlaridagi burilish bo‘ladi, deya qayd etadi AFP. 2016 yilda, ikki siyosatchi Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun kurashganida, Rubio Trampni «firibgar» va «prezidentlikka da’vogarlik qilganlar orasidagi eng badaxloq kishi» deb atagandi. Tramp esa Rubioni «kichik Marko» degan va uning televideniyedagi chiqishini masxara qilgandi.

Rubio kongressdagi «qirg‘iy»lardan biri sanaladi. U Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, «Amerika dushmanlari»hisoblanadigan Eron, Venesuela va Kubaga nisbatan qat’iy pozitsiya egallagan. NY Times eslatishicha, 2019 yilda aynan Rubio Trampni Nikolas Maduroni ag‘darish uchun (yakunda bunga erishilmagan) Venesuela hukumatiga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalar joriy qilishga ko‘ndirgan.

Rubio Xitoy borasida ham qat’iy siyosat tarafdori. U kongressda Xitoy hukumati tomonidan inson huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida Pekinga qarshi cheklov choralarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan ikki partiyali komissiyaga hamrais bo‘lgan. 2020 yilda u Xitoyning uyg‘urlar majburiy mehnatidan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotlarini import qilishni taqiqlovchi qonun loyihasini ishlab chiqqandi.

Rubio Ukrainadagi urush borasida avvaliga Rossiyaga nisbatan keskin fikrlar bildirgan, so‘nggi vaqtlarda esa Trampning ritorikasiga amal qilib kelmoqda: u mojaro boshi berk ko‘chaga kirib qolgani va uni yakunlash bo‘yicha yechim topish zarurligini aytadi. NYT’ning yozishicha, katta ehtimol bilan, davlat kotibi lavozimini egallaganidan keyin u Ukrainani yaqin istiqbolda NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechgan holda Rossiya bilan tinchlik kelishuviga erishishga undaydi. U yaqindagi intervyularidan birida Kiyev Rossiya bosib olgan hududlarni qaytara olmasligi haqida gapirgandi. 

Bundan tashqari, Rubio Trampning AQShni xorijdagi mojarolardan xoli tutishga qaratilgan «birinchi o‘rinda Amerika» nomli izolyatsiyalangan tashqi siyosat pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Davlat kotibi lavozimida u Xitoyning Osiyodagi ta’siriga qarshi kurashish zarurati hamda Trampning AQShning xalqaro mojarodagi ishtirokini qisqartirish rejalari o‘rtasida qanday muvozanat topishi asosiy savol bo‘ladi.

Pentagon (Mudofaa vaziri)

Amerika armiyasi faxriysi va Fox News boshlovchisi Pit Hegset AQShning yangi mudofaa vaziri bo‘ladi, Markaziy razvedka boshqarmasini esa Milliy razvedka agentligining sobiq direktori (2020-2021 yillarda) Jon Retkliff boshqaradi.

Pit Hegset va Jon Retkliff. Foto: Getty images

Hegsetning lavozimi — eng muhimlaridan, ammo ko‘pchilik uchun bu kutilmagan hol bo‘ldi, deya yozadi Amerika nashrlari.

CNN manbasi xabar berishicha, Tramp o‘z ma’muriyatiga tanlayotgan boshqa ko‘plab nomzodlardan farqli o‘laroq, u so‘nggi kunlarda Mar-a-Lagodagi qarorgohida Hegset bilan uchrashmagan.

«Pit qattiqqo‘l, aqlli va Amerika hammasidan ustunligi tamoyiliga chin dildan ishonadi, — deyiladi Trampning bayonotida. — Pit [Pentagon] rahbarligida Amerika dushmanlari ogohlantiriladi — bizning qurolli kuchlarimiz yana buyuk bo‘ladi va Amerika hech qachon chekinmaydi».

O‘tmishda Texasdan kongressmen bo‘lgan Retkliff haqida Tramp «u doimo haqiqat uchun kurashuvchi va Amerika xalqi bilan sofdil bo‘lgan»ini aytgan. «Jon bizning davlatimizdagi ikki yetakchi razvedka lavozimini egallagan birinchi shaxs bo‘lishidan mamnunman», degan u.

Associated Press Trampning birinchi prezidentlik muddati davrida besh kishi mudofaa vazirligi rahbari lavozimida ishlashga ulgurganini va Tramp bu safar «o‘ziga maksimal darajada sodiq nomzod»ni tanlashini qayd etgan.

Avvaliga ushbu lavozim uchun 2018-2021 yillarda Tramp ma’muriyatida davlat kotibi bo‘lgan Mayk Pompeo asosiy da’vogar edi, ammo saylangan prezidentning o‘zi 9 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Pompeo uning yangi ma’muriyatidan o‘rin olmasligini ma’lum qildi.

Shuningdek, Amerika nashrlarida Vakillar palatasining qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Mayk Rojyersning familiyasi ko‘p aylandi.

AP nashri Tramp o‘zining AQShning xorijdagi mojarolardagi ishtirokini maksimal darajada cheklash istagiga qo‘shiladigan, shu bilan birga Eron bilan munosabatlarda qat’iy pozitsiya egallaydigan nomzodni tanlashi haqida yozgandi. Ammo Pentagonning bo‘lajak rahbari «Tramp nima xohlasa, shuni qilishga» tayyorligi asosiy omil bo‘ladi, deb hisoblaydi agentlik.

Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi

Donald Tramp floridalik kongressmen Mayk Uolzni milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi sifatida tanlaganini tasdiqladi.

Foto: Getty images

50 yoshli Uolz — AQSh armiyasi maxsus topshiriqli kuchlari faxriysi, u Afg‘onistonda, Yaqin Sharqda va Afrikada xizmat qilgan. U 2021 yilda qo‘shinlar Afg‘onistondan olib chiqilishini keskin tanqid qilgandi.

Mark Rubio kabi Uolz ham Xitoy bilan munosabatlarda qat’iy liniya tarafdori. U Xitoy hukumatiga qarshi koronavirus kelib chiqishi va uyg‘urlarning huquqlarini buzayotgani bo‘yicha ayblovlar tufayli AQShni 2022 yilgi Pekin olimpiadasini boykot qilishga chaqirganlar safida edi. Shuningdek, u Amerikaning Xitoyning muhim minerallariga qaramligini kamaytirishga qaratilgan qonun loyihasi tashabbuskori bo‘lgan.

Ukraina mavzusida Uolz avval Kiyevga uzoq muddat davomida harbiy yordam ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlardi, ammo oxirgi paytlarda AQShning bu yo‘nalishdagi xarajatlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi haqida gapira boshladi.

Maykl Uolz — Trampning uzoq yillik va sodiq tarafdorlaridan. Associated Press nashri eslatishicha, 2020 yilda u saylovda mag‘lub bo‘lgan Trampning ovoz berish natijalariga e’tiroz bildirish harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan.

Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi azaldan nufuzli lavozim bo‘lib kelgan va bu Senat tomonidan tasdiqlanishi talab etilmaydigan kam sonli lavozimlardan biri sanaladi.

O‘tgan haftada Uolz Kongressga qaytadan saylangandi va Oq uyda ishlash uchun u o‘z postini tark etishiga to‘g‘ri keladi.

BMTdagi doimiy vakil

2014 yilda 30 yoshli Eliz Stefanik Vakillar palatasining eng yosh ayol vakili bo‘lgandi

AQShning BMTdagi doimiy vakili lavozimiga Tramp Vakillar palatasi a’zosi Eliza Stefanik nomzodini taklif qildi, CNN ma’lumotiga ko‘ra, u so‘nggi yillarda «Trampning kongressdagi eng ashaddiy tarafdorlaridan biri» bo‘lgan.

2014 yilda Stefanik Kongressga saylangan eng yosh ayol bo‘lgandi — o‘shanda u 30 yoshda edi. U hozirda kongressda Nyu Yorkning 21-tumani vakili hisoblanadi.

O‘z siyosiy karerasi boshida Stefanik mo‘’tadil qarashlarga ega bo‘lgan va Trampni tanqid qilgan, ammo keyinroq uning faol tarafdoriga aylangan.

New York Post uchun izohida Tramp uni «America First g‘oyasi uchun aql bovar qilmas darajada kuchli, qat’iy va aqlli kurashchi» deb atagandi.

CNN’ning qayd etishicha, Stefanikning tanlanishi AQSh BMT bilan qat’iy munosabatlar o‘rnatish niyatida ekanidan dalolat beradi. Stefanik tashkilotning Isroilga nisbatan pozitsiyasi uchun uni bir necha bor tanqid qilgan. Oktyabr oyida u Vashington agar Falastin ma’muriyati Isroilning tashkilotga a’zoligini to‘xtatishga urinishda davom etsa, BMTning moliyaviy mablag‘larini «to‘liq qayta baholash» imkoniyatini ko‘rib chiqishi kerakligini aytgandi.

2023 yilda Stefanik amalda AQShning yirik kollejlari rahbarlariga qarshi kampaniyaga boshchilik qilgan, uning fikricha, talabalarning G‘azoni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ommaviy namoyishlarida antisemitizmga qarshi yetarlicha kurashilmagan. O‘sha kampaniya yakunlari bo‘yicha Harvard va Pensilvaniya universitetlari prezidentlari iste’foga chiqishga majbur bo‘lgandi.

BMTdagi doimiy vakil roli — global kooperatsiya va xavfsizlik kalitidir. Stefanik Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolarning faol bosqichida Qo‘shma Shtatlar vakili sifatida ishlaydi.

Trampning oldingi prezidentligi vaqtida BMTdagi doimiy vakil lavozimini Nikki Heyli egallagandi. 2024 yilda u Trampning respublikachilar praymerizidagi asosiy raqibiga aylandi. Heyli raqibiga qarshi agressiv kampaniya olib bordi, ammo poygadan chiqqanidan keyin uni qo‘llab-quvvatladi. Biroq, qayta saylanganidan so‘ng Tramp Heylini ma’muriyatdagi qandaydir lavozimga taklif qilmasligini bildirgan.

Oq uy ma’muriyati rahbari

Tramp o‘zi «Muz malikasi» deb atagan Syuzan Uaylsni o‘z apparati rahbari etib tayinladi — bu saylangan prezidentning kadrlar bo‘yicha rasman e’lon qilingan ilk qarori bo‘lgandi. 67 yoshli Uayls bu lavozimni olgan tarixdagi ilk ayolga aylandi.

Donald Tramp va Syuzan Uayls (Foto: Chip Somodevilla / Getty Images)

Uayls amalda Trampning butun saylovoldi kampaniyasini boshqargan — aynan uning xizmatlari tufayli 2016 va 2020 yillardagi kampaniyalardan farqli o‘laroq, Tramp bu safar deyarli mojaroga duch kelmadi, kampaniyaning o‘zi esa o‘ta tartibli va puxta o‘ylangan bo‘lib chiqdi.

CNN manbasi so‘zlariga ko‘ra, Uayls lavozimga tayinlanishidan oldin Trampdan o‘zidan oldingilarga qaraganda ko‘proq vakolatlarga ega bo‘lish, jumladan, Oval kabinetga kirishni nazorat qilish bo‘yicha kafolat olgan.

Avvalgi prezidentlik davrida Tramp Oq uy ma’muriyatining to‘rt nafar rahbarini almashtirgandi. Bu lavozimda hammadan ko‘proq (deyarli bir yarim yil) xizmat qilgan Jon Kelli esa ishdan bo‘shatilgandan so‘ng intervyularda Trampni bir necha bor tanqid qilgan.

Chegara nazorati

Tramp ichki xavfsizlik vaziri kim bo‘lishini ham e’lon qildi — bu lavozimni Janubiy Dakota gubernatori, 52 yoshli Kristi Noem egallaydi.

O‘z bayonotida Tramp uni «chegara xavfsizligi masalasida juda kuchli» deb atadi va u Milliy gvardiya qo‘shinlarini Texas va Meksika chegarasiga gubernator sifatida yuborganini ta’kidladi.

Noem gubernatorligida immigratsiyani kun tartibidagi asosiy bandga aylantirgan va Jo Bayden ma’muriyatining bu boradagi siyosatini keskin tanqid qilgan.

Noemning «Amerika chegaralari xavfsizligi»ga sodiqligi Trampning uni hukumat lavozimiga taklif qilishiga asosiy sabab bo‘lgan.

Mask va Ramasvami samaradorlik bilan shug‘ullanadi

Foto: AFP

Milliarder Ilon Mask va Respublikachilar partiyasi praymerizida prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun Trampga raqobatlashgan Vivek Ramasvamiga Hukumat samaradorligi departamentini (DOGE) birgalikda boshqarish taklif etilgan.

«Bu ikki ajoyib amerikalik birgalikda mening ma’muriyatimga hukumat byurokratiyasini yo‘q qilish, ortiqcha me’yoriy hujjatlarni qisqartirish, xarajatlarni kamaytirish va «Amerikani qutqarish» harakati uchun muhim bo‘lgan federal agentliklarni qayta qurish yo‘lini ochib beradi», degan Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi departament hukumatdan tashqarida tavsiyalar beradi va «keng ko‘lamli tarkibiy islohotlarni» amalga oshirish va hukumatga nisbatan «avval ko‘rilmagan» tadbirkorlik yondashuvini yaratish uchun Oq uy, shuningdek, budjet boshqarmasi bilan hamkorlik qiladi.

Yangi departament (Department of Government Efficiency) abbreviaturasi — DOGE — Ilon Mask faollik bilan targ‘ib qilayotgan Dogecoin kriptovalutasiga mos keladi.

Hozircha yangi tuzilma qanday shaklda bo‘lishi noma’lum.

Shuningdek, Mask va Ramasvami bu ish bilan 2026 yil iyuliga qadar shug‘ullanishi ma’lum qilingan. Shundan keyin ularning vakolat muddati yakunlanishi yoki yo‘qligiga aniqlik kiritilmagan.

Mavzuga oid