O‘zbekiston | 16:20 / 14.11.2024
1361
4 daqiqa o‘qiladi

“Iqlim o‘zgarishi muammolarini ayniqsa Markaziy Osiyoda o‘tkir his qilyapmiz” - Shavkat Mirziyoyev

Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP29) bo‘lib o‘tmoqda. Uning ochilish sessiyasida prezident Shavkat Mirziyoyev ham qatnashdi. U o‘z nutqida iqlim o‘zgarishi muammolari geosiyosiy keskinlikning ham kuchayishiga sabab bo‘layotganini aytdi.

Birinchi kun – konferensiyaning ochilish sessiyasida dunyoning 80 dan ortiq mamlakatlaridan davlat va hukumat rahbarlari qatnashdi. Shavkat Mirziyoyev u yerga Saudiya Arabistonidagi arab-musulmon olami sammitini yakunlab, yetib bordi.

Mirziyoyev COP29'dagi nutqini iqlim o‘zgarishi muammosi global tahdidga aylanganidan boshladi. Prezidentga ko‘ra, bu geosiyosiy keskinlikning kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Iqlim o‘zgarishi muammosining asoratlarini ayniqsa, Markaziy Osiyoda o‘tkir his qilmoqdamiz, deydi Mirziyoyev o‘z chiqishida.

Iqlim o‘zgarishlari bugungi kunda asosiy global tahdidga aylanib bormoqda, geosiyosiy ziddiyatlar kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Bularning asoratlarini Markaziy Osiyoda o‘tkir his qilmoqdamiz. Iqlim muammolari aholimizning turmush sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini ro‘yobga chiqarishda yangi to‘siqqa aylanmoqda.

Parij bitimi doirasidagi bosh maqsadimiz – mintaqada havo haroratining jadal o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik va joriy yuz yillikda 1,5-2 gradus atrofida saqlab qolishdir”.

Prezidentning ma’lum qilishicha, 2030 yilga qadar O‘zbekiston havoga issiqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga kamaytirishni reja qilmoqda.

Bu borada biz O‘zbekistonda uglerod neytralligiga erishish bo‘yicha keng miqyosdagi islohotlarni qat’iy olib boryapmiz. 2030 yilgacha havoga isciqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga kamaytirishni reja qilganmiz. Bu majburiyatni 2050 yilga qadar yanada kengaytirishga tayyormiz. “Yashil” energetika ulushini 40 foizgacha oshiramiz. Elektromobil va “yashil” vodorod klasterlari, quyosh va shamol generatsiya hablarini yaratyapmiz. “Yashil makon” dasturimiz doirasida ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytiryapmiz. Qo‘shni mamlakatlar bilan Mintaqaviy iqlim strategiyasini hayotga tatbiq qilmoqdamiz. Shu kunlari Yevropaga “yashil” energiya yetkazish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitimni imzolaymiz”.

Mirziyoyev iqlim o‘zgarishi fonida rivojlanayotgan davlatlar uchun yordam so‘radi, iqlim xatarlarini aniqlash uchun yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar ko‘magi muhimligini gapirdi.

Keyingi masala esa, albatta, Orol dengizi fojiasi. O‘zbekiston rasmiylari oliy minbarlardan turib Orol qurishini eslatib keladi. Bir avlod ko‘z o‘ngida Orol dengizining butunlay yo‘qolishi sayyoramiz miqyosida fojiaga aylandi, deydi prezident.

13 noyabr kuni esa Ozarboyjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston prezidentlari Yashil energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu orqali Markaziy Osiyodan Yevropaga quyosh va shamol stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Mirziyoyevga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya iqtisodiy maqsad emas, balki kelajakka qo‘shilayotgan hissadir. Rasmiylarga ko‘ra, bu loyihaning ekologik ahamiyati yuqori bo‘ladi. Uzatiladigan energiya bu shamol va quyosh energiyasi hisoblanib, qayta tiklanadigan va toza manba bo‘ladi, tabiiyki, iqlimga salbiy ta’sir yumshaydi. Yangi loyiha bilan o‘n minglab ish o‘rinlari yaratiladi, energetika infratuzilmasi rivojlanadi, texnologik va ishbilarmonlik aloqalari kengayadi, deb yozilgan prezident matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

Safarning ikkinchi kunida Shavkat Mirziyoyev bir qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashdi, O‘zbekiston milliy pavilonida bo‘ldi.

COP29 sammiti 22 noyabrgacha davom etadi.

Mavzuga oid