Jahon | 15:25 / 14.11.2024
6487
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda Kaspiy dengizi sohilidan mingdan ortiq o‘lik tyulenlar topildi

Kaspiy tyuleni Qozog‘iston Qizil kitobiga kiritilgan. Ularning ommaviy o‘limi sababi noma’lum.

Foto: lada.kz

Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatida so‘nggi uch haftada Kaspiy dengizi qirg‘og‘idan mingdan ortiq tyulenlarning jasadi topildi, deb xabar bermoqda KTK telekanali.

Dastlab ular Tupqarog‘on tumanidan topilgan. Hozir jasadlarni Qoraqiyon tumani va Oqtov shahri chegarasidan ham yig‘ib olishmoqda. Hozirga qadar 1034 ta individning o‘limi hujjatlashtirilgan. Hodisaning aniq sababi noma’lum. Baliq nazorati inspeksiyasi ayrim hayvonlar brakonerlik to‘rlariga o‘ralgan holda topilganini ta’kidlamoqda, ammo to‘rlarni ommaviy o‘limning asosiy sababi deb bo‘lmaydi.

“Gidrobiologiya va ekologiya instituti” direktori Mirgaliy Baymukanov mutaxassislar birinchi marta bunchalik ko‘p tyulen jasadlarini qayd etishganini aytdi.

“O‘lik hayvonlarning qirg‘oqqa chiqishi to‘xtamasligi mumkin. Bu g‘arbiy shamollar bilan bog‘liq”, — dedi u. Baymukanov tyulenlar o‘limining sababini aytish qiyin ekani, buning uchun ko‘plab mutaxassislar jalb qilinishi kerakligini ta’kidladi: “Bu qandaydir ifloslantiruvchi chiqindilar, seysmik faollik ko‘rinishidagi tabiiy ofatlar bo‘lishi mumkin, ya’ni geologlar o‘z so‘zini aytishi kerak. Hayvonlarda o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan viruslar bor-yo‘qligini aniqlaydigan virusologlarning xulosasi ham zarur”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir individning o‘limi populyatsiya uchun katta zarar keltiradi. “Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, 30-50 yilgacha umr ko‘radigan tyulenlar juda kam uchraydi. Populyatsiyaning ko‘payishida muhim rol o‘ynaydigan o‘rta yoshli zotlar nobud bo‘lmoqda. Tyulenlar shu yoshida halok bo‘lsa, bu yo‘qotish o‘rnini to‘ldirib bo‘lmasligi mumkin”, — deb xulosa qildi Baymukanov.

Kaspiy tyuleni Qozog‘iston Qizil kitobiga kiritilgan. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Kaspiy dengizining Qozog‘iston sektori akvatoriyasida 240 mingdan ortiq individ yashaydi. Bu hayvonlarning ommaviy qirilishi deyarli har yili kuzatiladi. Mutaxassislar buning ehtimoliy sabablari sifatida kemalar qatnovi, dengizning ifloslanishi, mikroplastik va baliq ovlash to‘rlarini ko‘rsatmoqda. Tyulenlar to‘rlarga o‘ralib qolib, jarohatlanadi.

Mavzuga oid