Jahon | 15:39
2555
3 daqiqa o‘qiladi

Kursk oblastida kamida 13 nafar rossiyalik muddatli harbiy xizmatchi halok bo‘ldi

«Verstka» Ukraina Qurolli kuchlari kirganidan keyin Kursk oblastidagi janglarda halok bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi muddatli harbiy xizmatchilar sonini sanadi. Ulardan eng kichigi 18 yoshda edi.

Foto: Russian Defense Ministry Press Service/AP/picture alliance

Kursk oblastida, Ukraina Qurolli kuchlari (UQK)ning hujumi boshlanganidan so‘ng, ushbu mintaqada kamida 13 nafar rossiyalik muddatli harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Bu haqda 14 noyabr, payshanba kuni OAV xabarlari va ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan nekrologlarga asoslanib, «Verstka» nashri yozdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning o‘rtacha yoshi - 20 yosh, eng kichigi 18 yoshda bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning barchasi turli mintaqalardan: Oltoy va Krasnodar o‘lkasidan, Boshqirdiston va Udmurtiston respublikalaridan, shuningdek, Belgorod, Vologda, Leningrad, Penza, Pskov, Rostov, Sverdlovsk, Chelyabinsk va Yaroslavl oblastlaridan.

UQKning Kursk oblastidagi hujumi

Ukraina Qurolli kuchlari 6 avgust kuni Rossiya Federatsiyasining Kursk oblasti hududiga hujum boshladi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu operatsiyani Rossiya hududida «bufer zona» yaratish zarurati bilan asosladi. Uning fikricha, Ukraina qo‘shinlarining Kursk oblastiga kirishi Rossiya Federatsiyasining rejalashtirilgan hujum operatsiyalarini to‘xtatdi, uning maqsadi Ukraina shimoli-sharqidagi faol harbiy harakatlar zonasini kengaytirish edi. 9 avgustdan Belgorod, Bryansk va Kursk oblastlarida «aksilterror operatsiyasi» rejimi joriy etilgan.

Sentyabr oyida Rossiya Qurolli kuchlari mintaqada qarshi hujum boshladi. Bloomberg yozganidek, Rossiya Mudofaa vazirligi Donbassdagi front chizig‘idan qo‘shinlarni Kursk oblastiga o‘tkazmaslikka, balki bu operatsiyaga muddatli harbiy xizmatchilarni jalb etishga qaror qildi. Ommaviy axborot vositalari mintaqada o‘nlab muddatli harbiy xizmatchilarning bedarak yo‘qolgani haqida xabar bermoqda.

Kursk oblasti sobiq rahbari RF harbiylari talonchilik qilganini tan oldi

Yaqin vaqtgacha Kursk oblasti gubernatori lavozimida ishlab kelgan Rossiya transport vaziri Roman Starovoyt bu hududda rossiyalik harbiylar tomonidan talon-toroj qilish holatlari qayd etilganini tasdiqladi. «Tinch aholi va harbiy xizmatchilar orasida talonchilik faktlari bor», dedi Starovoyt Glushkovo rayoni aholisi bilan uchrashuvda, uning videosi 14 noyabr kuni «Kursk seychas» Telegram-kanalida e’lon qilingan.

Starovoyt ma’lumotlariga ko‘ra, Glushkovo rayonidagi qishloqlarda davom etayotgan janglar paytida aholi tashlab ketgan uylarni talon-toroj etish holatlari bir kun avval huquq-tartibot idoralari bilan uchrashuvda muhokama qilingan. Bu so‘zlardan so‘ng zalda qarsaklar yangradi.

2024 yil may oyida Rossiya Federatsiyasi transport vaziri lavozimiga tayinlangan Roman Starovoyt, shuningdek, yetkazib berish xizmatlari orqali o‘ljalarni Rossiyaning boshqa hududlariga tashish faktlari haqida xabar berdi. Huquq-tartibot idoralariga Kursk oblasti aholi punktlarida xavfsizlikni kuchaytirish vazifasi allaqachon yuklangan, deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid