Jahon | 19:12
1279
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi

Yangi kamikadze-dronlar sinovi davomida Kim Chen In harbiy uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish masalasidagi raqobat butun dunyoda o‘sib borayotganini qayd etdi.

Foto: KCNA

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In yangi kamikadze-dronlar sinoviga rahbarlik qilib, qisqa vaqt ichida ushbu qurollarni ommaviy ishlab chiqarishni boshlashni buyurdi. Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligi xabar berdi.

«Kim seriyali ishlab chiqarishni imkon qadar tezroq yo‘lga qo‘yish zarurligini va keng ko‘lamli ishlab chiqarishga o‘tish kerakligini ta’kidladi», — deyiladi xabarda.

Shimoliy Koreya yetakchisi harbiy uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish masalasidagi raqobat butun dunyoda o‘sib borayotganini qayd etgan.

«Bunday obektiv o‘zgarishlar harbiy nazariya, amaliyot va ta’limning ko‘plab bo‘limlarini zudlik bilan yangilashni talab qiladi», — deya Kim Chen Inning so‘zlari keltiradi agentlik.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Janubiy Koreya hududi, xususan, Seul va prezident Yun Sok Yol ofisi uzra uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatini uchirgan. Shu bois Janubiy Koreya dronlarni urib tushirish uchun havo hujumidan mudofaa tizimlarini shay holatga keltirishga majbur bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil boshida Shimoliy Koreya yadroviy kallak bilan jihozlanishi mumkin bo‘lgan «Xeil-5-23» suvosti dron tizimini sinovdan o‘tkazayotganini e’lon qilgandi. KXDR Mudofaa vazirligi bu AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreyaning Yapon dengizida o‘tkazgan uch kunlik harbiy mashg‘ulotlariga javob ekanini bildirgan.

«Xeil-5-23» tizimining mavjudligini mustaqil tasdiqlash imkoni yo‘q. Pxenyanga ko‘ra, suvosti droni ilk bor o‘tgan yilning mart oyida sinovdan o‘tkazilgan va u dushman kemalari hamda muhim portlarga kutilmagan hujumlar uyushtirishga qodir.

Mavzuga oid