O‘zbekiston | 15:14
1507
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyoda O‘zbekistonning oziq-ovqat bo‘yicha tashqi savdosidagi yetakchi davlat aytildi

Kuvaytning "Al-Jarida" gazetasida "O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini qanday hal etmoqda?" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".

"Bugungi kunda barcha Markaziy Osiyo davlatlari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashni eng dolzarb ustuvor vazifalardan biri deb hisoblaydi. Shu nuqtayi nazardan, mintaqa mamlakatlari ushbu muammolarni yengib o‘tish uchun o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalasiga katta ahamiyat beradilar", – deyilgan nashrda.

Qayd etilishicha, bu borada O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi tashqi siyosati mamlakatlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida o‘zaro hamkorlikni faollashtirishga ijobiy turtki berdi va natijada sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalariga oid muhim shartnomalar paketi imzolandi.

2017 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki barobarga oshib, 2,7 milliard dollardan 5,2 milliard dollarga yetdi, deb ma’lum qilgan Kuvayt gazetasi.

Materialda Qozog‘iston bilan tovar ayirboshlash 1,6 barobar, Qirg‘iziston bilan 2,3 barobar, Turkmaniston bilan 3,1 barobar, Tojikiston bilan 2 barobarga oshgani bildirilgan. Mutaxassislarning fikricha, savdo hajmini yanada oshirish uchun foydalanilmagan katta salohiyat mavjud.

Qozog‘iston O‘zbekistonning oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha tashqi savdosi hajmi bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi hisoblanadi.

"Al-Jarida" gazetasi, shuningdek, Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi vakillari ushbu mamlakatlarni oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va tarqatish, jumladan, saqlash va qayta ishlash xizmatlarini o‘z ichiga olgan qo‘shma tarmoqlarni rivojlantirish ustida ishlashga chaqirganiga e’tibor qaratgan.

Maqola yakunida "O‘zaro investitsiyalar oqimini ko‘paytirish va mamlakatlar o‘rtasida mahsulot taqsimoti bo‘yicha kelishuvlar asosida ishlovchi qo‘shma guruhlar tashkil etish orqali mintaqadagi oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash zarur. Qiyosiy ustunliklarni hisobga olgan holda esa milliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish majmualarida ixtisoslashuvni rivojlantirish muhim", – deb ta’kidlangan.

Mavzuga oid