Jahon | 14:22
1272
3 daqiqa o‘qiladi

Peruda Xitoy sarmoyasiga qurilgan megaport ochildi

Xitoy Xalq Respublikasi va Peru rahbari Lima shimolida joylashgan Chankay megaportining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Foto: Angela Ponce/REUTERS

15 noyabr, juma kuni Peruda qurilishi uchun Xitoy sarmoyasi jalb qilingan Chankay yangi chuqur dengiz portining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mamlakat prezidenti Dina Boluarte va XXR raisi Si Jinping video-aloqa orqali ishtirok etishdi.

«Chankay portining ochilishi Peru va barcha peruliklar uchun tarixiy lahzani ifodalaydi», dedi Boluarte marosimda va megaloyiha Peruni «jahon darajasidagi logistika, texnologiya va sanoat markazi»ga aylantiradigan o‘zgarishlarning boshlanishi ekanligini qo‘shimcha qildi. 

Si Jinping, o‘z navbatida, portning ochilishi Xitoy va Peru o‘rtasida «Bir kamar, bir yo‘l» loyihasi homiyligidagi hamkorlikning «muvaffaqiyatli namunasi» ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning natijasida Xitoy va Lotin Amerikasi o‘rtasida «buyuk inklar yo‘li va «XXI asr dengiz ipak yo‘li»ni bog‘laydigan hamda Peruning gullab-yashnashiga yo‘l ochadigan» dengiz yo‘lagini yaratish mumkin bo‘ladi. 

Janubiy Amerikada Xitoy tomonidan boshqariladigan birinchi port

Peruning Tinch okeani sohilida, poytaxt Limadan taxminan 80 km shimolda joylashgan Chankay megaporti Janubiy Amerikada Xitoy tomonidan boshqariladigan birinchi logistika markazi bo‘ladi. Loyihada Xitoyning COSCO Shipping logistika kompaniyasining ulushi 60 foizni tashkil etadi. Jami investitsiyalar - 3,4 milliard dollar.

Port nafaqat Peru, balki Chili, Kolumbiya, Ekvador va boshqa qator Janubiy Amerika mamlakatlariga ham xizmat ko‘rsatishi, Osiyo bilan savdo qilish uchun Meksika va AQSh portlarini chetlab o‘tish imkonini berishi kutilmoqda. U boshqa narsalar qatorida mavjud bo‘lgan eng yirik konteyner kemalarini sig‘dira oladi. Birinchi kema portni keyingi hafta tark etishi kerak.

Avvalroq Xitoy Xalq Respublikasi rahbari El Peruano gazetasida chop etilgan maqolasida Chankay porti Perudan Xitoyga bo‘lgan dengiz yo‘nalishini 23 kungacha qisqartirishi va shu orqali logistika xarajatlarini kamida 20 foizga kamaytirishini ta’kidlagan edi. Infratuzilma loyihasi Peru uchun yillik 4,5 milliard dollar daromad keltirishi va 8000 dan ortiq ish o‘rni yaratishi kutilmoqda.

Mavzuga oid