Bolalar ombudsmani Samarqandda jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan qiz bilan uchrashdi
Bolalar ombudsmani Samarqandda guruhli jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan maktab o‘quvchisi bilan uchrashdi. Qizga har tomonlama tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatila boshlandi. Jabrlanuvchining onasi OAVdan jinoyat tafsilotlarini e’lon qilmaslikni so‘radi.
Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonova Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida guruhli jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan o‘quvchi qiz bilan uchrashdi.
Jinoyatda 9 kishi, jumladan, prokuratura xodimi gumonlanmoqda. Ulardan sakkiz nafari qo‘lga olingan, yana biri qidiruvga berilgan. Jinoiy ish 31 oktabr kuni ochilgan. Holat yuzasidan viloyat IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani dastlabki tergov bosqichida jabrlangan qizning protsessual huquqlari qanday ta’minlanganligini o‘rgandi. Tergovda bolaning qonuniy vakili, o‘qituvchisi va advokatining ishtirokiga alohida e’tibor qaratiladi.
Bundan tashqari, Surayyo Rahmonova tergovchilarga qizning ishtirokidagi tergov va protsessual harakatlarning bola uchun do‘stona o‘tkazilishi va qo‘shimcha travmatik tarzda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka oid tavsiyalar berdi.
Bolalar ombudsmani voyaga yetmagan bola bilan, shuningdek, uning onasi bilan yakka tartibda uchrashdi. Ayni paytda jabrlanganlarga har tomonlama tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatishga kirishilgan.
«Qizning onasi bilan suhbat davomida ayol OAV vakillari va jamoatchilikdan ushbu jinoyat tafsilotlarini e’lon qilmaslikni so‘rab, har bir shunday xabar qiziga va oilasiga katta ruhiy zarba bo‘layotganini bayon etdi», — deyiladi xabarda.
Bolalar ombudsmani mazkur ish jinsiy jinoyatga oid ekanligi hamda voyaga yetmaganning shaxsiy hayoti, sha’ni va qadr-qimmatiga daxldorligi munosabati bilan jinoyat ishi tafsilotlari oshkor etilishi, shu jumladan, OAVda keng yoritilishi bola manfaatlariga zid ekanini eslatib o‘tdi.
Mavzuga oid
23:25 / 09.11.2024
Samarqandda Qurolli kuchlar xizmatchisi, soliqchi, Milliy gvardiya va kadastr xodimlari pora bilan ushlandi
15:06 / 01.11.2024
Samarqand viloyatida isitish mavsumi 1 noyabrdan boshlandi
10:59 / 25.10.2024
Samarqand viloyati aholisi 4,3 mln kishiga yaqinlashdi
15:58 / 03.10.2024