Jahon | 14:56
3228
10 daqiqa o‘qiladi

Ijrosini 11 yil kutgan “hukm”: 18 yoshli chechen qizni zo‘rlab o‘ldirgan rossiyalik zobit taqdiri haqida

2011 yil Moskvada rossiyalik sobiq harbiy zobit otib ketiladi. Keyinchalik jinoyatda gumonlanib chechen millatiga mansub shaxs ushlanadi. Qotillikda qasd motivi bor edi – rus zobiti o‘n bir yil avval 18 yoshli chechen qizini zo‘rlagani uchun o‘ldirilgandi.

1991 yil avgust oyida SSSR parchalanib ketgach Rossiya og‘ir vaziyatga tushib qoladi. Hukumatda siyosiy inqiroz yuzaga keladi va Moskvaga harbiylar kiritiladi.

Bundan tashqari, Kavkazda chechenlar mustaqil bo‘lish uchun harakat boshlashadi. Tarixga Birinchi Chechen urushi nomi bilan kirgan urushda Rossiya armiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.

1991 yildan 1994 yilgacha davom etgan bu urushda Rossiya chechenlar bilan sulh tuzishga majbur bo‘ladi. Sulhga ko‘ra, Rossiya armiyasi Chechenistondan to‘liq olib chiqiladi. Chechenistonning kelajakdagi statusi 2001 yilgacha muzlatiladi.

Shu tariqa bir muddat Checheniston Moskva ta’sir doirasidan chiqadi. Biroq 1999 yilda Vladimir Putin Rossiya bosh vaziri bo‘lgach ayirmachi chechenlarni bo‘ysundirish uchun Ikkinchi chechen urushini boshlaydi.

Ikkinchi Chechen urushida Rossiya armiyasining Chechenistonga kirish yo‘nalishlari

Ikkinchi chechen urushida Rossiya armiyasi og‘ir yo‘qotishlar evaziga bo‘lsa ham g‘alaba qozonadi va Checheniston Rossiya tarkibiga qaytariladi.

Ikkinchi chechen urushi davom etar ekan, rossiyalik ko‘plab jurnalistlar va jamoat faollari Rossiya harbiylari tinch aholini ham o‘ldirayotgani va bu bilan harbiy jinoyatlar sodir etayotgani haqida bong urishardi.

Ana shunday harbiy jinoyatlardan biri 2000 yilda sodir bo‘ladi. Rossiya armiyasi podpolkovnigi Yuriy Budanov 18 yoshli chechen qizni zo‘rlab, so‘ng o‘ldiradi.

Yuriy Budanov Chechenistondagi urushda

Ojizaning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi

2000 yil 26 mart kuni tunda Chechenistonning O‘ris-Martan tumanida jangovar harakatlarda ishtirok etayotgan 160-gvardiya polki komandiri Yuriy Budanov shtab boshlig‘i Ivan Fyodorov bilan qizi tug‘ilgani munosabati bayram uyushtiradi.

Mast bo‘lib qolgan bu ikki zobit uchta zirhlangan piyodalar jangovar mashinasini yaqin atrofdagi ovulga haydashni buyuradi.

Katta leytenantlardan biri mast zobitlarning buyrug‘ini bajarishdan bosh tortadi. Shunda ular leytenantni do‘pposlab, chuqurga tashlashadi.

27 mart kuni soat 1:00 lar atrofida podpolkovnik Yuriy Budanov zirhli jangovar mashinaga o‘tirib Chechenistonning O‘ris-Martan tumanidagi Tangi ovuliga kirib boradi.

Podpolkovnik ovuldagi uylarning biriga kirganda u yerda to‘rt nafar voyaga yetmagan ukasi bilan o‘tirgan 18 yoshli Elza Kungayevaga duch keladi.

Podpolkovnik qo‘l ostidagilarga qizni piyodalarning jangovar zirhli mashinasiga chiqarishni buyuradi. Shu tariqa qizni Budanov yashab xizmat qilgan harbiy qismga olib borishadi.

Budanov avvaliga qizdan chechen jangarilari yashiringan joyni so‘raydi. Elza javob bermagach podpolkovnik uni zo‘rlaydi va bo‘g‘ib o‘ldiradi. So‘ng qo‘l ostidagilarga qizni yashirincha ko‘mib yuborishni buyuradi.

Elza Kungayeva

Qizni harbiylar olib ketgani barchaga ma’lum bo‘lgach, 27 mart kuni kunduzi bu ishning xabari Moskvaga ham yetib boradi. Shundan so‘ng Elzaning harbiy qismda o‘ldirilgani oshkor bo‘ladi.

Avvaliga podpolkovnik suvdan quruq chiqib ketish uchun turli bahonalar to‘qiydi. Qiz so‘roq paytida xavfli xatti-harakatlar sodir etganini, chechen jangarilari tomonida turib rossiyalik harbiylarga qarshi jang qilishini aytganini ta’kidlaydi. Biroq surishtiruvlarda Elzaning jangarilar bilan aloqasi tasdiqlanmaydi.

Qiz chechen tuprog‘ini toptayotgan, urush bahonasida yosh va qarilarni ayamasdan o‘ldirayotgan rossiyalik harbiylardan nafratlangan. Lekin bu uchun uni zo‘rlab o‘ldirish haddan oshish edi.

Budanov dastlabki bahonalari tasdiqlanmagach qizni qo‘l ostidagi askarlardan biri – Aleksandr Yegorov o‘ldirganini aytadi. Turli bosimlar ostida askar dastlab buni tan oladi.

Biroq sal vaqt o‘tgach Yegorov qizni o‘ldirganini inkor etadi va qizni hatto ko‘rmaganini aytadi. U OAV vakillariga prokurorning majburlashi tufayli qotillikni bo‘yniga olganini aytib beradi.

Ko‘p o‘tmay Budanov sodir etgan jinoyatiga iqror bo‘ladi va u hibsga olinadi.

Qizning jasadi ekspertizadan o‘tkazilganda uning zo‘rlangani ham tasdiqlanadi. Budanovning jinoyati ommaga oshkor bo‘lgach, ko‘plab faollar buni qoralab chiqishadi.

nr2.ru

Sud va Budanovning qamalishi

Budanov tergov qilinar ekan, 2002 yil 31 dekabr kuni Shimoliy Kavkaz harbiy okrug sudi Budanovni aqldan ozgan deb topadi va uni jinoiy javobgarlikdan ozod qiladi.

Vaziyatning bu tarzda o‘zgarishi Kungayevlar oilasini ham, jamoatchilik faollarini ham hayron qoldiradi. Faollar Budanov aqldan ozmaganini va harbiy sud uni nohaq javobgarlikdan ozod qilayotganini aytib chiqadi.

2003 yil 28 fevral kuni Rossiya Oliy sudi harbiy kollegiyasi Shimoliy Kavkaz harbiy okrug sudining qarorini bekor qiladi va ishni qayta ko‘rib chiqishga yuboradi.

O‘sha yili 25 iyul kuni Budanovga Rossiya jinoyat kodeksining 286-moddasi 3-qismi (xizmat vakolatidan chiqish), 126-moddasi 3-qismi (odam o‘g‘irlash), 105-moddasi 2-qismi (og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish) bilan ayblov e’lon qilinadi.

Sud Budanovni aybdor deb topadi va unga 10 yil qamoq jazosi beradi. Undan barcha mukofotlar va unvonlar tortib olinadi. Budanov Dmitrovgrad shahridagi qamoqxonaga joylashtiriladi.

Foto: Kommersant’

2007 yilda Budanov bemor ota-onasiga qarash uchun muddatidan avval qamoqdan ozod qilishni so‘rab Dimitrovgrad shahar sudiga ariza topshiradi.

Shahar sudi avvaliga arizani qanoatlantirmaydi. Ammo oradan bir yil o‘tgach 2008 yil 24 dekabr kuni Budanovning arizasi qanoatlantiriladi. U 2009 yil 15 yanvar kuni ozod qilinadi.

O‘shanda Budanovning qamoqdan ozod qilinishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalganda Checheniston rahbari Ramzon Qodirov “Agar Budanov afv etiladigan bo‘lsa Chechenistonda uning qilmishlariga yarasha jazo beradiganlar yetarlicha topiladi”, deb chiqadi.

11 yil kutilgan qasos

Budanovning muddatidan avval ozod qilinishi Kungayevlar oilasini va faollarni yana harakatga keltiradi. Ular bu ishdan noroziliklarini ayta boshlashadi.

Bu orada, Budanov ozod qilingandan 4 kun o‘tib 19 yanvarda Moskvada Kungayevlar oilasi manfaatlarini sudda himoya qilgan advokat Stanislav Markelov o‘ldirib ketiladi.

Foto: RIA Novosti

Budanov 18 yoshli chechen qizini zo‘rlab o‘ldirgani oshkor bo‘lgan 2000 yildayoq juda ko‘p chechen yigitlari uni o‘ldirishga va’da berishgandi.

Keyinchalik, Budanov qamalgach bir muddat o‘zini “ovlayotganlar” ko‘zidan panada bo‘ladi. Chunki u oddiy qamoqxonalardan birmuncha xavfsiz bo‘lgan, jinoyat sodir etib qamalgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari saqlanadigan qamoqxonada o‘tiradi.

Budanov ozod bo‘lgach chechen qasoskorlari uning izidan tushishadi. Biroq ikki yil u tutqich bermaydi.

Budanov har doim yonida qo‘riqchi bilan yuradi. Odamlar ko‘p to‘planadigan joylarga bormaydi. Tez-tez yashash joyini almashtirib turadi. Biroq baribir chechenlardan qochib qutula olmaydi.

2011 yil 10 iyun kuni Moskvadagi Komsomol ko‘chasida noma’lum shaxs Budanovga o‘q uzadi va uni o‘ldiradi.

Foto: ITAR-TASS

Budanovning o‘ldirilishida chechenlarning qo‘li borligini barcha bilardi. Chechen millatiga mansub Yusup Temirxanov asosiy gumondor sifatida ushlanadi.

2013 yilda sudyalar hay’ati Temirxanovni Budanovni o‘ldirganlikda aybdor deb topadi va unga 15 yil qamoq jazosi tayinlanadi. Jazoni qattiq rejimli koloniyada o‘tash belgilanadi.

Oradan besh yil o‘tgach, 2018 yil 3 avgust kuni Temirxanov qamoqxona shifoxonasida vafot etadi.

Yusup Temirxanov

Temirxanov milliy qahramon

Yusup Temirxanovning dafn marosimi respublika darajasida o‘tkaziladi. Ko‘plab chechenlar va Kavkazning boshqa millat vakillari uni milliy qahramon deb atay boshlashadi.

Temirxanovning janozasiga juda ko‘p odam keladi. Hatto Checheniston rahbari Ramzon Qodirov ham Temirxanovning ovuliga uni janozasida qatnashish uchun boradi va uning yaqinlariga hamdardlik bildiradi. Shu yerda u Temirxanovni chechen xalqi qahramoni deb ataydi.

“Men bugun bu yerga o‘z qardoshlarimga va xalqimga bir gapni aytish uchun keldim. Temirxanovni nohaq qamashdi va u Yaratganning taqdiri azali bilan vafot etdi. U hamisha chechen xalqining yodida qahramon sifatida qoladi”, degan edi Qodirov o‘shanda.

Ramzan Qodirov Yusup Temirxanovning janozasida

Temirxanov dafn etilgandan so‘ng Checheniston hukumati uni respublikaning oliy ordeni bilan mukofotlaydi. Shuningdek, respublikadagi bir necha ko‘chaga va Temirxanov o‘qigan maktabga uning nomi beriladi.

2019 yilda Belgiyaning Gent shahrida erkin kurash bo‘yicha Yusup Temirxanov xalqaro turniri o‘tkaziladi. O‘sha yili Myanmada yashovchi rohinjalarning lagerida Yusup Temirxanov nomidagi masjid ochiladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid