Jahon | 20:44
1505
14 daqiqa o‘qiladi

Marko Rubio - bo‘lajak davlat kotibi. U Trampga yoqish uchun qarashlarini keskin o‘zgartirgan senator

U 2016 yilgi saylovlarda Trampga jiddiy raqobat ko‘rsatgan, poygadan chiqqanidan keyin esa uning tarafdorlarini qattiq tanqid qilgandi.

Joe Raedle / Getty Images

AQShning saylangan prezidentlari odatda hukumat tarkibidan o‘rin oladigna vazir va maslahatchilarini dekabr arafasida e’lon qiladi. 2016 yilda Donald Tramp ham shunday yo‘l tutgandi. Trampning kutilmagan g‘alabasidan keyingi haftalarda konservativ siyosatchilar va tadbirkorlar birin-ketin uning Nyu Yorkdagi ofisiga tashrif buyurishgandi. Ular bilan suhbatlardan keyin respublikachi prezident kimlarni qaysi lavozimga tanlaganini e’lon qiladi.

Endi, ikkinchi saylovdagi g‘alabasidan keyin esa, Tramp o‘z qarorlarini ortga surib o‘tirmadi. U allaqachon mudofaa va ichki xavfsizlik vazirlarini tanlab bo‘ldi, chegara «hukmdori» kim bo‘lishini o‘zi uchun hal qildi, Rossiya propagandasining sevimli siyosatchilardan bo‘lgan ayol milliy razvedka direktori, antivakser — sog‘liqni saqlash vaziri, giyohvand moddalar iste’mol qilish va qo‘shmachilar bilan aloqada bo‘lishda gumonlangan kongressmen — bosh prokuror bo‘ladigan bo‘ldi.

Prezident kabineti a’zolari senat tomonidan tasdiqlanishi kerak bo‘ladi; respublikachilarda bu safar 52 yoki 53 o‘rin bo‘ladi, ammo Tramp taklif etgan siyosatchilarning ayrimlari kerakli miqdorda ovoz ololmasligi ehtimoli yo‘q emas. Saylangan prezident o‘z partiyasini kongress sessiyalari oralig‘ida tanaffus qilishga ko‘ndirishga harakat qilishi va bundan kabinet a’zolarini o‘z farmonlari bilan tasdiqlashda foydalanishi mumkin.

Biroq, parlament Davlat departamenti rahbari sifatida AQSh tashqi siyosatini boshqaradigan yangi davlat kotibi nomzodini tasdiqlashi deyarli aniq. Bu lavozimni floridalik senator Marko Rubio egallaydi. Saylangan prezident o‘z qarorini press-relizda e’lon qilgan (muallifning ayrim so‘zlar bosh harflarda yozilgan imlosi saqlab qolingan):

Floridadan bo‘lgan senator Marko Rubioni Davlat kotibi lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatish men uchun ulkan sharaf. Marko — Katta Hurmatga sazovor Yetakchi va Erkinlik uchun juda katta Ovooz. U bizning Millatga kuchli Himoyachi va bizning Ittifoqchilarimizga sodiq do‘st, shuningdek hech qachon dushmanlarimiz qarshisida chekinmaydigan qo‘rquv bilmas Jangchi bo‘ladi».

Marko Rubio kim o‘zi?

Rubio 1971 yilda Mayamida, Kubadan kelgan muhojirlar oilasida tug‘ilgan. Oila bir necha yil Las-Vegasda yashagan: ota barmen, ona esa uy xizmatkori bo‘lib ishlagan. Keyinroq oila Floridaga qaytib kelgan. Maktabni tamomlagach, Marko kollejaning amerikacha futbol jamoasi uchun o‘ynagan va siyosatshunoslik hamda huquqshunoslikka o‘qigan. Kollejni tamomlashi bilan Rubio konservativ siyosatga sho‘ng‘igan.

Kubadan kelgan muhojirlar ko‘pincha respublikachilarni qo‘llaydi — bu partiya sovuq urush boshlanganidan buyon demokratik partiyaga qaraganda antikommunistroq hisoblanadi. Rubio mahalliy kongressvumenga yordamchi bo‘lgan va 1996 yilgi prezidentlik saylovida Bill Klintonga yutqazgan respublikachi Bob Doulning shtabida ishlagan. 2000 yilda, 29 yoshida Rubio Florida parlamenti quyi palatasiga saylangan va besh yil o‘tib uning spikeriga aylangan.

Yosh siyosatchi o‘nglar kun tartibini faollik bilan targ‘ib qilgan, shu bilan birga demokratlar bilan murosaga erishish imkoniyatlaridan voz kechmagan. Masalan, u shtat parlamenti «qullik bo‘yicha pushaymonlik bildirilgan» rezolyutsiyaga qo‘shilgan, shuningdek, ta’limdagi tengsizlikni tuzatishga yordam beradigan dasturni joriy etishda yordam qilgan.

Rubio tezda respublikachilarning yosh yulduzi va umidiga aylanadi. 2010 yilda u senatga saylanadi, ikki yildan keyin esa Mitt Romni shtabi uni vitse-prezidentlikka ehtimoliy nomzod sifatida ko‘rib chiqadi. 2013 yilda prezident Obamaning kongress qarshisidagi har yillik nutqiga muxolif partiya javobini bildirish uchun aynan Rubio tanlanadi. Ammo uning chiqishi faqat sharmandali holat bilan esda qoladi: yosh senator o‘z so‘zlarini talaffuz qilishda qiynaladi va suv ichib olish uchun kadrdan chiqib ketadi.

Senatda ishlaganida, Rubio Liviyadagi harbiy amaliyotni ma’qullagan, 2013 yilda esa yana uch partiyadoshi va to‘rt nafar demokrat bilan birgalikda migratsiya tizimini to‘liq isloh qilishni taklif etgan «sakkizlik to‘dasi» uyushmasiga qo‘shilgan. Ularning rejasi noqonuniy migrantlar uchun fuqarolik olish imkoniyatini ham o‘z ichiga olardi. Loyiha senatdagilarning ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bo‘lsa-da, u Vakillar palatasida ovoz berishga qo‘yilmaydi.

Aynan shunday, nisbatan mo‘’tadil pozitsiyada turib Rubio 2016 yilda prezidentlikka nomzodini ilgari suradi. Respublikachilarning o‘shandagi praymerizi o‘ta shiddatli bo‘ladi: Obamaning sakkiz yillik boshqaruvidan keyin konservatorlar orasida turli qarashlar urf bo‘lgan va partiyadan prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun yigirma nomzod kurashgandi. Tramp esa bu poygada hammadan balandroq ovozda gapiradi: u debatlarda raqiblariga laqab qo‘yadi va hatto mitingda «Kichik Rubio»ning Obamaga o‘sha javob nutqini parodiya qilib beradi.

Lekin praymeriz boshida yosh senatorda prezidentlik uchun kurashish imkoniyati bordek ko‘ringandi: birinchi bo‘lib ovoz berilgan Ayovada u 23 foiz ovoz olib, uchinchi o‘rinni egallaydi va Tramp bilan oradagi farq katta emasdi. Rubio raqibi bilan kurashga jiddiy kirishadi: debatlarda unga hujum qilib, Xitoydan keladigan barcha mahsulotlarga boj joriy etish g‘oyasi qanchalik bema’niligini tushuntiradi, matbuot anjumanlarida prezidentlar nafrat qo‘zg‘amasligi lozimligini ta’kidlaydi, mitinglarda esa o‘z tarafdorlariga «ushbu firibgar partiya ustidan nazorat o‘rnatmasligi uchun barcha ishni qilish»ga va’da beradi.

Rubio respublikachilarning Minnesota, Puerto-Riko va Vashingtondagi praymerizlarida g‘olib chiqadi, ammo fevraldagi debatlarda muvaffaqiyatsizlikka uchraydi: Nyu Jyersi gubernatori Kris Kristi uni yodlangan iboralarni takrorlashi vaqtida qiyin ahvolga solib qo‘yadi. Martda senator o‘zi mansub bo‘lgan Floridadagi praymerizda ham yutqazgach, poygadan chiqishini e’lon qiladi. Bundan bir kun oldingi intervyusida Rubio Trampni qo‘llayotgan respublikachilarni tanqid qilgandi:

«Bu saylov natijalari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, o‘ng qanotdagi ko‘plab siyosatchilar va jurnalistlar uzoq yillar davomida Trampni qo‘llab-quvvatlash tuzog‘iga qanday tushib qolganini tushuntirishi kerak bo‘ladi. Chunki, bu yaxshilikka olib bormaydi».

Ikki oy o‘tib, may oyi oxirida u Trampning prezidentlikka nomzod bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini aytadi.

Shu gaplardan keyin ham Tramp nega Rubioni davlat kotibi etib tayinlashga qaror qildi?

Praymerizdagi mag‘lubiyatdan keyin Rubio senatdan ham ketish haqida o‘ylaydi, ammo hujjatlarni topshirish bo‘yicha dedlaynga bir necha kun qolganida qarorini o‘zgartiradi va yana o‘z nomzodini ilgari suradi. Rubio yangi prezidentning takliflarini qizg‘in qo‘llab-quvvatlay boshlaydi — u esa uni Oq uyga kechki ovqatni birga qilishga taklif etib, Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan munosabatlarni qanday yo‘lga qo‘yish bo‘yicha maslahat so‘raydi.

Senatdagi hamkasblari aytishicha, Rubio prezidentlik saylovlaridagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin ancha o‘zgargan: u kamtarroq bo‘lib qolgan, o‘zini piar qilishni to‘xtatgan va asosiy e’tiborini muammolarga qaratgan. 2022 yilda sanksiya ro‘yxati haqida gaplashish uchun Rubio bilan uchrashgan Leonid Volkov «Meduza»ga senator yaxshi tayyorlangani hamda «barchasidan — «Aqlli ovoz berish»dan tortib kartochkalargacha (Visa va Mastercard Rossiyadan ketishi nazarda tutilgan) barchasidan xabardor bo‘lgani»ni aytgan. Volkov Rubioni «juda malakali va yaxshi tashkil etilgan» jamoaga ega «tezkor, o‘tkir, kuchga to‘la va ishchan» siyosatchi sifatida ta’riflaydi.

Marko Rubio senat yig‘ilishidan keyin. 2023 yil 10 may
Chip Somodevilla / Getty Images

Rubio Putinni tanqid qilishda davom etadi, ammo boshqa ko‘plab pozitsiyalaridan voz kechadi. U noqonuniy migrantlarga fuqarolik berilishi uchun kurashishni to‘xtatadi hamda Xitoy bilan savdo urushini qo‘lladi. Rubio Trampni G7 sammitini o‘z mulkida o‘tkazish qarori uchun maqtaydi va Jo Baydenning 2020 yilgi saylovlardagi g‘alabasi halol bo‘lganiga shubha bildiradi. Qarashlaridagi bunday o‘zgarishni senator 2016 yilgi saylovlar unga «saboq» bo‘lgani bilan tushuntiradi:

«Men o‘zim oldin hech qachon bo‘lmagan joyda bo‘lib qoldim va avval hech qachon yo‘llarim kesishmagan odamlar bilan uchrashdim. Men millionlab amerikaliklar men ishongan Amerika orzusidan uzoqlashib borayotganini angladim. Vaqt o‘tib men Tramp bu odamlarga ovoz berganini tushundim».

Bahorda Tramp Rubioni vitse-prezidentlikka nomzodlardan biri sifatida ko‘rayotgandi, 13 noyabr kuni esa, saylovdan bir haftadan ortiq vaqt o‘tib, uning nomzodini davlat kotibligi uchun ilgari surdi.

Tramp va Rubio endi nima qilmoqchi?

Ilgari Rubio «qirg‘iy» sanalgan, ammo Tramp izolyatsiyalangani sari o‘z pozitsiyalaridan chekingan — va katta ehtimol bilan tashqi siyosatda prezidentning g‘oyalariga amal qiladi. Ulardan ko‘pchiligi juda aniq emas.

Masalan, Tramp ancha oldinroq Ukrainadagi urushni «24 soat ichida» yakunlashni va’da qilgandi. Katta ehtimol bilan, u Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiyni muzokaralarga majburlashdan umid qilmoqda — ammo unda Rossiya hukumati bosim ko‘rsatish uchun richaglar deyarli yo‘q. Rubio urush boshida Ukrainaga harbiy yordamning ilk paketlari uchun ovoz bergan, ammo 2024 yil bahorida 61 milliard dollarlik yordam ajratilishiga qarshi chiqqan. Holbuki 2015 yilda Rubio Putinni «gangster» deb atab, Rossiyani diplomatik jihatdan ihotalab tashlashni talab qilgandi, qariyb o‘n yil o‘tib u urush «turg‘un» holatga kelib qolganini aytib, tomonlarni muzokaralarni boshlashga chaqirmoqda.

Yangi ma’muriyat diqqat markazida bo‘ladigan yana bir masala Eron bilan munosabatlar bo‘ladi. 2017 yilda Tramp yadro qurolini ishlab chiqishdan voz kechish haqidagi kelishuvni buzdi — 2024 yilgi saylovlardan oldin jurnalistlarga uni qaytadan imzolashga tayyorligini aytdi. Rubio esa Eron Trampga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lgani haqidagi xabarlar tufayli ham bunday kelishuvning deyarli imkoni yo‘q deb hisoblaydi.

Tramp hokimiyatga kelishi bilan iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro kelishuv ham xavf ostida qoladi. 2017 yilda, birinchi muddati boshida, Tramp AQShni Parij kelishuvlaridan olib chiqqandi. Mamlakatni ixtiyoriy cheklovlarga qaytarish Baydenning dastlabki qarorlaridan biri bo‘lgandi. Katta ehtimol bilan, respublikachi nomzod yana bir bor kelishuvning amal qilishini to‘xtatadi. U iqlim o‘zgarishini «ulkan uydirma» deb atagan va Rubio ham o‘z siyosiy karerasi davomida shunga o‘xshash pozitsiyada bo‘lib kelgan.

Trampning Xitoyga nisbatan siyosati qanday bo‘lishini ham oldindan aytish mumkin: u yangi savdo urushini boshlashi tayin. Respublikachilar nomzodi sifatida u mitinglarida olqishlar ostida ushbu mamlakatdan keladigan barcha mahsulotlarga goh 60 foiz, goh 500 foizlik bojlar joriy etishini e’lon qilgandi. Rubio, o‘tmishda bojlar kiritish g‘oyasiga qarshi bo‘lganiga qaramay, endilikda bunday siyosatni ma’qullamoqda. Uning senatdagi qonun loyihalari ko‘p hollarda Xitoy bilan qarama-qarshilikka bog‘liq bo‘ladi. Masalan, 2021 yilda u Shinjon-Uyg‘ur muxtor hududida ishlovchi barcha Amerika kompaniyalari mahbuslarning majburiy mehnatidan foydalanmasligini talab qiluvchi qonun loyihasi qabul qilinishiga erishgandi.

Biroq, yillar davomida bir masala bo‘yicha Trampning ham pozitsiyasi o‘zgarib, Rubioning qarashlariga yaqinlashgan. 2016 yili senator debatda muxolifiga Isroil va Falastin o‘rtasida tinchlik kelishuvi imkonsizligini aytgandi: Falastin milliy ma’muriyati «jiddiy kelishuvdan manfaatdor emas va Hamas bilan ittifoqqa kirishdi», degandi Rubio. U «har safar Isroil G‘azoda yoki Yahudiya va Samariyadagi yerlardan voz kechganida, undan Isroilga yangi hujumlar uyushtirish uchun foydalanilishi»ni ta’kidlagandi. O‘shanda Tramp u bilan bahslashishga uringandi, hozir esa AQSh Isroilga «istaganini qilish»ga qo‘yib berishi lozimligini aytmoqda.

Mavzuga oid