Rossiyalik aktyor va rejissyor O‘zbekistonning «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi
Sergey Bezrukov va Andris Liyepa O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik, ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish, xalqlarning an’anaviy do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini mustahkamlash borasidagi katta xizmatlari uchun taqdirlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Rossiya xalq artisti, Moskva drama teatri badiiy rahbari, teatr va kino aktyori Bezrukov Sergey Vitalevich va Rossiya xalq artisti, balet artisti, rejissyor Liyepa Andris Marisovich «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.
Farmonda qayd etilishicha, ular O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik, ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish, xalqlarning an’anaviy do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini mustahkamlash borasidagi katta xizmatlari, yorqin va betakror iste’dodi, xususan, kino va teatr yo‘nalishidagi sermahsul ijodiy faoliyati bilan madaniyat va san’at sohalarida hamkorlikni kengaytirish, ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash va boyitishga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun taqdirlangan.
Sergey Vitalevich Bezrukov 1973 yilda tug‘ilgan, rus teatri, kino, televideniyesi, ovozli va dublyaj aktyori, teatr rejissyori, ssenariylar muallifi, prodyuser, qo‘shiqchi, parodist, gitarachi, rok musiqachisi. 2008 yilda Rossiya xalq artisti unvonini olgan. «Yedinaya Rossiya» siyosiy partiyasi Oliy Kengashi a’zosi. 2014 yildan - Moskva guberniyasi teatrining badiiy rahbari. 2024 yilda Rossiya prezidentligiga nomzod Vladimir Putinning ishonchli vakili bo‘lgan. O‘zbekistonlik tomoshabinlarga «Brigada», «Boy s tenyu», «Vysotskiy. Spasibo, chto jivoy» kabi seriallardagi rollari bilan tanilgan.
Andris Marisovich Liyepa 1962 yilda tug‘ilgan, sovet va rus balet solisti, teatr rejissyori va prodyuseri, Rossiya xalq artisti. 2019 – 2022 yillarda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrining badiiy rahbari va bosh bareografi bo‘lgan.
Mavzuga oid
21:08
Oq uy Ukrainaga AQSh qurollari bilan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berilganini tasdiqlamadi
20:14
Ukraina ATACMS bilan Rossiya hududlariga zarba berishi mumkin. Bu nimani o‘zgartiradi?
18:08
Rossiya Davlat Dumasi hukumatdan migratsiya parametrlarini belgilashni so‘radi
17:29